AVSTRALIYA ZOOGEOGRAFIK OBLASTI

AVSTRALIYA ZOOGEOGRAFIK OBLASTI — quruklikdagi zoogeografik oblastlardan biri. Avstraliya zoogeografik oblasti Avstraliya qit’asi, Tasmaniya, Timor, yangi Gvineya, Bismark va Solomon arxipelaglari hamda boshqa birqancha orollarni o’z ichiga oladi. Avstraliya bilan yangi Gvineya qadimdan qo’shni qitalardan ajralib qolganligi, ayrim orollar esa hech qachon qit’alar bilan qo’shilmaganligi sababli bu oblast faunasi birinchidan, uncha boy emas, ikkinchidan, juda ko’p endemik va qadimgi turlarga ega. Avstraliya zoogeografik oblastida odamlar olib kelib, keyin yovvoyilashib ketgan Dingo iti, cho’chqa va quyonlarni istisno qilganda yuksak sut emizuvchilar (yo’ldoshlilar) faqat ba’zi bir kemiruvchilar va qo’lqanotlilardan iborat. Qo’lqanotlilar uzoqqa ucha olishi tufayli, kemiruvchilar esa shox-shabbalar bilan birga dengiz orqali oqib kelib qolgan bo’lishi mumkin. Avstraliya zoogeografik oblasti orol holati tufayli uning faunasi tarkibida bir teshiklilar (tuxumqo’yuvchilar) kabi relikt hayvonlar guruhi saqlanib qolgan. Bir teshiklilardan o’rdakburun, exidna va proexidna endemik turlar hisoblanadi. Bu yerda faqat xaltalilar faunasi xilma-xil bo’lib, 162 to’rni o’z ichiga oladi. Xaltalilarning turlari boshqa zoogeografik oblastlardagi sut emizuvchilarning turli biologik tiplariga mos keladi. Masalan, xaltali bo’ri va xaltali suvsar yirtqichlarga, xaltali chumolixo’r va xaltali krot hasharotxo’rlarga, xaltali olmaxon va koala olmaxon tipidagi kemiruvchilarga, kenguru esa tuyoklilarga yaqin turadi. Avstraliya zoogeografik oblastida 660 tur qushlardan 450 dan ortiqrog’i endemik hisoblanadi. Bu oblastda Avstraliya tuyaqushlaridan kazuarlarning 3 turi va emu (bir tur), liradumlilar (2 turi), jannat qushlarining 100 dan ortiq turi tarqalgan. Avstraliya zoogeografik oblasti faunasida ayniqsa to’tiqushlar xilma-xil bo’ladi, ular orasida nakadu, rozema, to’lqinsimon patli to’tilar ko’pchilikka ma’lum. Asalxo’rlar Avstraliya zoogeografik oblasti uchun xarakterli bo’lib, 200 ga yaqin turi bor. Sudralib yuruvchilar faunasi 400 turga yaqin bo’lib, ular asosan kaltakesaklar (240 tur), ilonlar (140 tur), toshbaqalar (10 tur) va timsoxlardan (3 tur) iborat. Sudralib yuruvchilardan yo’g’ondumli gekkonlar, plashchli kaltakesak, baliqlardan ikki xil nafas oluvchi tseratod Avstraliya zoogeografik oblasti uchun xosdir. Suvda ham, quruklikda ham yashovchilar orasida dumlilar umuman uchramaydi, dumsizlar esa 60 dan ortiqroq to’rni o’z ichiga oladi. Umurtqasiz hayvonlardan eng yirik yomgir chuvalchanglari — skolesidlar (3,5 metrgacha), bichikchi chumolilar, asalxo’r chumolilar, termitlar ko’proq uchraydi. Ad.: Voronov A. T., Biogeografiya s osnovami ekologii, M., 1984; Kobishev A. M., Kubantsev B. S, Geografiya jivotnix s osnovami zoologii, M., 1988.