AXAGGAR

AXAGGAR — Sahroi Kabir Markaziy qismidagi (Jazoir Janubiy) keng tog’lik. Asosan kembriydan oldingi kristalli slaneslardan tarkib topgan, usti tekis va zinapoyasimon tizmalardan iborat. Uchlamchi davr oxiri va to’rtlamchi davr boshida tog’lik ko’tarilib yorilgan, vulkanlar otilib chiqqan. Axaggarning eng baland nuqgasi Taxat tog’i — 3005 metr. Iqlimi tog’-cho’l iqlimi. Yog’in yiliga 100 millimetr atrofida. Axaggarda bir qancha vodiylar bor, ularda yer osti suvlari yuza. Ba’zi joylarida alohida o’sgan daraxt va daraxtzorlar (kiparis, mirta, palma, akasiya) uchraydi. Aholi chorvachilik (1500 metr balandlikkacha), qisman dehqonchilik bilan shug’ullanadi (bug’doy, dukkaklilar, pomidor). Platina, olmos, nikel va mis konlari topilgan.