AYBINI BO’YNIGA OLISH TO’G’RISIDAGI ARZ
AYBINI BO’YNIGA OLISH TO’G’RISIDAGI ARZ — ariza beruvchining o’zi sodir etgan jinoyati to’g’risida u shu jinoyatni sodir etishda gumon qilinmasdan va unga ayblov e’lon qilinmasdan oldin bergan xabari (O’zbekiston Respublikasi JPK, 113-modda). Aybni bo’yniga olish to’g’risidagi arz og’zaki yoki yozma bo’lishi mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud og’zaki xabarnomani bayonnomada aks ettiradi, unga arz qiluvchining shaxsiga doir ma’lumotlar kiritiladi va unda arzning mazmuni birinchi shaxs nomidan bayon qilinadi, bayonnomaga arz qiluvchi va surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya imzo chekadi. Arz surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan ushbu Kodeksning 112-moddasida ko’rsatilgan qoidalarga muvofiq baholanadi. Aybni bo’yniga olish to’g’risidagi arz ushbu Kodeksning 322-moddasi l qismi (5-bandi) talabiga ko’ra jinoyat ishini qo’zg’atishga asoslardan biridir. O’zbekiston Respublikasi JPKning 54-modda 2-qismi, 55-modda l-qismi «a» bandiga asosan bunday arz jazoni yengillashtiruvchi holat, deb topilishi shart.