AYIQTOVONDOSHLAR
AYIQTOVONDOSHLAR (Ranuncula-seae) — ikkipallalilar sinfining ayritojlilar kenja sinfiga mansub o’simliklar oilasi. Ayiqtovondoshlar asosan ko’p yillik (ba’zilari bir yillik) o’t. Buta yoki chala buta turlari ham uchraydi. Barglari ketma-ket (ba’zi turlarida qaramaqarshi) o’rnashgan, ko’pincha yon bargchasiz, panjasimon — o’yma yoki qirqma, oddiy (ba’zilarida murakkab). Gullari ikki jinsli, ko’pchilik turlarida to’g’ri (aktinomorf), ayrim turlarida qiyshiq (zigomorf). Gulqo’rg’oni oddiy yoki qo’shqavat. Sallagul (Paeonia), suvyig’ar (Aquilegia), Parpi (Aconitum), isfarak (Delphinium), ayiktovon (Ranunculus) kabi turkumlarga mansub o’simliklarning gulkosasi, ko’pchilik turlarida esa gultojlari ham besh bargli. Aksariyat turlarida changchi va urug’chilar ko’p. Mevalari — bargak yoki yong’oqcha, kamdan-kam hollarda ko’sakcha shaklida. Ayiqtovondoshlarning 1500 ga yaqin turi bor. Tropik zonadan boshlab shim.dagi barcha mintaqalarda uchraydi. Markaziy Osiyoda 200 dan ziyod turi (25 turkumi) bor. O’zbekistonda Ayiqtovondoshlarning ayiqtovon, isfarak, pufanak (Anemone), Adonis (Adonis), suvyig’ar kabi turkumlariga mansub juda ko’p turlari o’sadi. Ba’zilari, masalan, sallagul, isfarak, suvyig’ar xushmanzara o’simlik, ayrimlari esa, masalan, Adonis, ayiqtovon, parpilar dorivor o’simlik. Ayiqtovondoshlarning ayiqtovon, Parpi singari turkumlariga mansub turlarning tarkibida zaharli moddalar (alkaloid va glikozidlar) bor. Shu sababli bundam o’simliklar o’sgan o’tloqlarda mol boqish xavfli.