BACHADON TUSHISHI
BACHADON TUSHISHI – bachadon va diloqning o’z o’rnidan pastga siljishi bilan kechadigan kasallik; bunda bachadon to’la (jinsiy teshikdan chiqib ketadi) yoki qisman (jinsiy teshikdan bachadon bo’yni chiqadi xolos) tushishi mumkin. Ko’proq yoshi kattaroq ayollarda kuzatiladi. Ichki jinsiy a’zolarni o’z o’rnida ushlab turadigan chanoq tubi muskullari faoliyatining buzilishi, qorin ichki bosimining ortishi, jinsiy a’zolarning rivojlanmay qolishi, tug’ruq asoratlari, organizm to’qimalarining bo’shashishi va boshqalar sabab bo’ladi. Bachadon tushishi natijasida chanoqdagi boshqa a’zolar: qovuq, to’g’ri ichak devori ham siljiydi. Bachadon tushganda belda og’riq paydo bo’ladi, ko’p oqchil keladi, yurish qiyinlashadi. Agar bachadon to’la tushgan bo’lsa, bemor siyishga qiynaladi, chunki siydik yo’li bekilib qoladi, bunda kuchli og’riq, ba’zan bachadonning yallig’lanish kasalliklari va bachadon bo’ynida turli yarachaqalar hosil bo’lishi kuzatiladi. Bemorning ahvoliga qarab davo tayinlanadi, zaruriyat bo’lsa operatsiya qilinadi. Hozirgi vaqtda operatsiya yangi — laparoskop apparati yordamida yengil o’tkazilmoqda. Operatsiya qilish mumkin bo’lmasa, bachadon xalqasi (Kolso)dan foydalanish tavsiya etiladi, buni faqat vrach (ginekolog) buyuradi. Bachadon tushishining oldini olish uchun, uning ilk alomatlari sezilganda darhol ginekologga ko’rsatish va buyurganlarini (jismonan zo’riqmaslik, davo fizkulturasi bilan shug’ullanish, qorin devori bo’shashgan bo’lsa, bandaj taqish va boshqalar) bekam-ko’st bajarish lozim; bunda eng muhimi chilla davri tartibiga qatiy rioya qilishdir. Bachadon tushishi hayvonlarda ham uchraydi. Bunda bachadon ag’darilib, tashqariga chiqib qoladi. U, asosan, hayvonlarning vaqtidan o’tib tug’ishi, buzoq va yo’ldoshning qiyinlik bilan tortib olinishi, hayvon tuqqandan keyin to’lg’oqning zo’rayishi natijasida sodir bo’ladi. Bachadon tushganda jinsiy yoriqdan qizil go’shtdor narsa chiqib, pochaning yuqorisigacha osilib qoladi. O’z vaqtida yordam berilmasa, bachadon qorayib, to’q qizil rangga kiradi, so’ng nekroz hosil bo’ladi. Davolash: sigirning chanoq tomonini yelkasiga qaraganda balandroq qilib qo’yib, bachadondan yo’ldosh ajratiladi. To’lg’oqni pasaytirish uchun 1% li novokain eritmasidan 20 — 30 ml yuboriladi. Bachadon achchiqtosh eritmasi yoki kaliy permanganatning kuchsiz (1:4000 — 6000) eritmasi bilan yuviladi. Bachadonni to’g’rilash uchun qin lablariga yaqinroq joyni qo’l bilan qisib, chanoq bo’shlig’iga kirgiziladi.