BADR JANGI

BADR JANGI — Muhammad (s.a.v.) rahbarligida musulmonlarning Badr qudug’i yaqinida (Madinadan 150 kilometr Janubi-g’arbda) Makka qo’shinlari bilan qilgan birinchi yirik jangi (624 yil mart). Makkadan Falastin va Suriya yerlariga olib boradigan yirik karvon yo’li Madina yaqinidan o’tar edi. Bu yo’l Makka hokimlari va savdogarlari uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan. Musulmonlar bu yo’ldagi Makka karvonlarini bosib olishga, Makka zodagonlari esa karvonlarni himoya qilishga uringan. Badr qudug’i yonida madinaliklar makkaliklarning savdo karvoniga hujum qilganlar. Manbalarda ko’rsatilishicha, jangda musulmonlar tomonidan 80 muhojir, 230 ansor, makkaliklar tomonidan Abu jahl rahbarligida 850 kishi qatnashgan. Makkaliklar engilgan, katta talafot ko’rgan. Makkaliklarning 50 dan ortig’i halok bo’ladi, yana shunchasi asir olinadi. Ular o’z yo’lboshchisi Abu Jaxddan ham judo bo’ladilar. Musulmonlardan faqat 14 kishi halok bo’ladi. Kuchlar nisbati kam bo’lishiga qaramay musulmonlar qozongan g’alaba Muhammad (s.a.v.) ning mavqeini oshirib, Madina va butun Arabiston yarim orolida faol harakat boshlab yuborishiga asos soldi. Jangda katta o’lja, jumladan 30 ot, 150 tuya, ko’p qurol, anjomlar qo’lga kiritildi. Muhammad (s.a.v.) bu o’ljalarni jang ishtirokchilariga taqsimlagan. Islom an’anasida o’lja taqsimlashda o’ljaning beshdan bir qismi xalifalar xazinasiga tushishi, piyoda askarga bir hissa, otliq askarga ikki hissa berilishi ana shundan boshlangan. Keyinchalik bu shariatda qonunlashtirilgan.