BADRIDDIN SAMARQANDIY
BADRIDDIN SAMARQANDIY Muhammad ibn Bahrom Qalonisiy (? — taxminan 1194) — mashhur tib olimi. Samarqandda tug’ilib, shu yerda ijod etgan. U Ibn Sino va Abu Bakr yar-Roziy kabi buyuk olimlar ilmiy asarlarini mutolaa qilgan. Ibn Abi Usaybi’aning «Uyun alanbo Fi Tabaqot al-atibbo» («Tabiblar tabaqalari haqida ma’lumotlar bulog’i») nomli asarida Badriddin Samarqandiyning mashhur tabib ekanligi tilga olinadi. Badriddin Samarqandiyning murakkab dorilarga bag’ishlangan «Qarobodin» («Murakkab dorilar haqida kitob», ya’ni «Farmakopeya») nomli asari 49 bobdan iborat bo’lib, unda murakkab dorilarni tayyorlash jarayoni ta’riflangan. «Qarobodin» Badriddin Samarqandiy yashagan davrda va undan so’ng ham tabiblar, ayniqsa, dorishunoslar uchun dasturilamal vazifasini o’tagan. Asarning 16-asrda ko’chirilgan bir qo’lyozma nusxasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda (inv. № 3925).