BALG’AM

BALG’AM — nafas a’zolari shilliq pardasidan ajraladigan chiqindi; nafas yo’llarining turli kasalliklarida ajraladi. Balg’am chiqishi ayrim kasalliklar (xususan nafas yo’llari kasalliklari) ning asosiy belgilaridan biri. Balg’am miqdori xar xil; bronxit va o’pka yallig’lanishining boshlanishida bemor bir-ikki marta oz-ozdan Balg’am tuflasa, o’pkaning yiringli kasalliklarida 1 — 2 litrgacha Balg’am ajraladi. Odatda Balg’amning xidi bo’lmaydi, o’pkada yiringli jarayon ro’y bersa, Balg’am sassiq yoki qo’lansa bo’ladi. Balg’amning quyuq-suyuqligi, rangi (oq, zang tusli, qizg’ish) uning tarkibiga bog’liq. Shilimshiqli, seroz, yiringli, shilimshiq-yiringli, seroz yiringli va qon aralash Balg’am farq qilinadi. O’pka yallig’lanishi, bronxial astma, bronxitning boshlanishida rangsiz, tiniq, yopishqoq shilimshiqli Balg’am ajraladi. O’pkaga shish kelganda ajraladigan Balg’am suyuq, seroz va ko’pikli bo’ladi. O’pkada yiringli jarayonlar bo’lsa, yiringli, ko’kimtir; yurak va o’pkaning turli kasalliklarida qon aralash Balg’am ajraladi. Balg’amda qonning hujayra elementlari, o’sma hujayralari, eng sodda jonivorlar, exinokokk, askarida lichinkalari va o’simlik parazitlari (zamburug’lar), bakteriyalar bo’lishi mumkin. Balg’amni tekshirish natijalariga qarab kasallik (xususan, nafas yo’llari kasalliklari) aniqlanadi. Ba’zi kasalliklarda Balg’am atrofidagi kishilarga kasallik yuqtiruvchi manba bo’lishi mumkin, shuning uchun Balg’am ajralishi bilan kechadigan yuqumli kasalliklarda shaxsiy gigiena qoidalariga qatiy amal qilish lozim.