Baliqlar gapira oladimi?

Ko’plar bu savolga: «yo’q!»deb javob beradilar. Hatto: «baliqday gung», degan matal paydo bo’lgan. Haqiqatan ham shundaymi? Kunlarning birida olimlar suvositi mikrofonlarining yangi xilini — gidrofonlarni sinovdan o’tkazdilar. Bu baliqlar gapira olishini bilish uchun emas, balki butunlay boshqa maqsadlarni ko’zda tutgan edi. Tadqiqotlar paytida olimlarni suv hayvonlari gung emasligi shubhaga solib qo’ydi. Asboblar okean tubiga tushirilishi hamono quloqchinlarga chiyillagan va irillagan, Xurxur etgan va g’uvillagan, qag’-qag’ va g’ach-g’uch etgan va allaqanday favqulodda tovushlar yig’indisi eshitildi. Bu tovushlar qayerdan kelayotganiga hamma hayron qoldi va hech kim jo’yali tushuntira olmasdi. Qayta tadqiqotlar hammasini ravshan etdi. Ma’lum bo’lishicha, bu baliqlar ovozi ekan. Olimlar hatto suv hayvonlaridan qaysinisi qanday gapirishini bilib olishga erishdilar. Ma’lum bo’ldiki, qora dengiz stavridasi it kabi vovullar ekan, kefalning ovozi ot tuyoqlari taqillashiga o’xshaydi. Dengiz yelimbalig’i quldiraydi va xur-xur qiladi, tovonbaliq, zog’orabaliq va sazanlar ovqat yeyayotganga o’xshab chalp-cho’lp ovoz chiqaradi. Dengiz toychasi taqillatadi. Ilonbaliq va ugor chiyillaydi. Azov bichogi o’kiradi. Afrika tangachador balig’i mushuk misoli miyovlaydi. Eng gapdon baliq trigla bo’lsa ajab emas. U to’xtovsiz g’ingshiydi va vaq-vaq qiladi. O’zicha gapirmaydigan hech bir baliq yoki suv hayvoni yo’q ekani ma’lum bo’ldi. Baliqlarning ham odamlar kabi gapdonlari va kamgaplari bor. Hatto gungday tuyulganlari ham gaplashar, inson qulog’i ilg’amaydigan yuqori chastotalarda tovush chiqarar ekan. Ana shundan keyin: «baliqday gung», deb aytish noo’rin, aksincha: «Oqbakraday baqiroq», degan gap asoslidir. Kaspiy baliqchilarining aytishicha, oqbakraning chuqur nafas olishi bo’kirayotgandek tuyular ekan. Oqbakralar hushtak chaladi va vish-vish qiladi. Dengiz tublarida yashaydigan behisob krablar, krevetka va turli mollyuskalar o’zlari tushunadigan tilda gaplashadilar. Masalan, binafsha krevetka chirillaydi, omarlar mo’ylovlarini zirhiga ishqab, g’arch-g’urch ovoz chiqaradi. Alfeus krevetkasining ovozi shishadan otilib ketgan tiqin tovushiga o’xshaydi. Suv hayvonlari bir-birlari bilan nimani gaplashadi? Olimlarning tasdiqlashicha, baliqlar asosan beshta katta muammoni o’zaro «muhokama» etadilar: ovqat qayerda borligi haqida bir-biriga signal beradi; xavfdan ogoh etadi; hozir turgan joyi ahvoli xususida xabar uzatadi; yo’nalishini bayon etadi. Bundan tashqari nar va modalari uvuldiriq sochish payti bir-biriga o’ziga xos ravishda signal beradi.