BALXASH

BALXASH — Qozog’iston Respublikasi sharqidagi ko’l. Balxash Olako’l soyligida, dengiz sathidan 340 metr balandda. Maydoni suvi ko’payganda 22 ming kilometr kvadrat, ozayganda 17 ming kilometr kvadrat bo’ladi. Uzunligi 605 kilometr, o’rtacha eni 41 kilometr, eng keng joyi 74 kilometr, eng tor joyi 8,5 kilometr. Balxash shimoli- sharqdan Janubi-g’arbga qarab yarim oy shaklida cho’zilgan. Suv hajmi 112 kilometr kub. Havzasining maydoni 501 ming kilometr kvadrat. O’rtacha chuqurligi 6 metr, eng chuqur joyi 26,3 metr, eng sayoz joyi 2 metr. Suvi deyarli chuchuk, Sharqiy qismida sho’rroq (5,21 g/l). Balxashda Orol kam, ulardan eng yiriklari: Bosorol va Tosorol. Balxash suvni asosan daryolardan oladi: Janubdan ili, Qoratol, Oqsuv, Lepsa, shimoldan Ayag’uz daryolari quyiladi. Ili daryosi suvi ko’lga quyiladigan umumiy suv hajmining 75 — 80% ini tashkil qiladi. Balxashning g’arbiy va shimol qirg’oqlari paleozoy jinslaridan tuzilgan, Sharqiy va Janub qirg’oqlari qumli pasttekislikdan iborat. Qirg’oq chizig’i ancha notekis. Ko’l sathiga yiliga 120 millimetr yog’in tushib, 950 — 1200 millimetr bug’lanadi. Suvning temperaturasi dekabrda 0°, iyulda 28′. Shamollar ko’l suvini kuchli to’lqinlantirib turadi. Ko’l noyabrdan aprelning yarmigacha muzlaydi. Suv sathining o’zgarish yillik amplitudasi qariyb 3 metr. Sariesik yarim oroli ko’lni gidrologik jihatdan keskin farq qiluvchi ikki qism — g’arbiy va Sharqiy qismlarga bo’lib turadi. Suvi loyqa. Sudak, sazan, qorabaliq, olabug’a baliqlari ovlanadi. Suv parrandasi ko’p. Balxashda kema qatnaydi. Asosiy pristanlari: Buril-boytol, Bo’rlituba. Shim. sohilidagi Balxash shahrida kon metallurgiya kombinati bor.

BALXASH — Qozog’iston Respublikasi Qarag’anda viloyatidagi shahar (1937 yildan), Balxash ko’lining shimol sohilidagi pristan. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 88 ming kishi (1999). Rangli metallurgiyaning yirik markazi. Balxashda rangli prokat, mexanika zavodlari, konmetallurgiya, baliqkonserva va qurilish materiallari kombinatlari, go’sht sanoati korxonalari, yirik elektrostantsiya, Qozog’iston Fanlar Akademiyasi botanika bog’i, oliy o’quv yurti, kimyo-metallurgiya texnikumi, tibbiyot bilim yurti bor. Shahar 1937 yilda mis kombinati qurilishi munosabati bilan vujudga kelgan.