BANGLADESH

BANGLADESH, Bangladesh Xalq Respublikasi (Gono Projatontri Bangladesh) — Janubiy Osiyodagi davlat. Hind okeanining Bengaliya qo’ltig’i bo’yida joylashgan. Ma’muriy jihatdan 4 viloyatga bo’linadi, ular 19 okrug (distrikt)ni o’z ichiga oladi. Maydoni 143,988 ming kilometr kvadrat. Aholisi 122 million kishi (1997). Poytaxti —Dakka shahri. Davlat tuzumi. Bangladesh — unitary respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiradi. 1972 yilgi Konstitutsiyaga binoan davlat boshlig’i — prezident. Bangladeshda bir palatali parlament — Milliy Majlis ish olib boradi. Uning 330 deputati mamlakat prezidenti kabi 5 yil muddatga saylanadi. Ijrochi hokimiyatni prezident hukumat bilan birgalikda boshqaradi. Tabiati. Mamlakat Gang, Brahmaputra va Megxna daryolari etagidagi tekislikda joylashgan. Sharqiy va Janubiy-Sharqiy qismidagi Chittagong tepaligining balandligi dengiz sathidan 1200 metrgacha. Toshko’mir, tabiiy gaz, temir rudasi, kaolin, torf konlari bor. Bangladesh butun hududining 6% ga yaqini doimo suv ostida, uchdan ikki qismini qisqa muddat suv bosadi. Tez-tez suv toshqinlari sodir bo’lib, odamlar halokatiga, hosilning nobud bo’lishiga olib keladi, imoratlarni vayron qiladi, ammo qishloq xo’jalik uchun alohida ahamiyatga ega bo’ladi, chunki yerlarga ekinlarning o’sib rivojlanishi uchun zarur bo’lgan organik moddalar va tog’jinslarini oqizib keltiradi. Mamlakat iqlimi tropik, musson, yozi issiq va seryomg’ir, sovuq oylarda ob-havo quruq keladi. Yilning eng sovuq oyi yanvarda o’rtacha harorat 26°. Eng iliq oy aprelda harorat 33° dan 36° gacha bo’ladi. Dunyodagi eng nam iqlimlardan biri shu yerda. Mamlakatning ko’p qismiga yiliga o’rta hisobda 1525 millimetrgacha yog’in yog’sa, ayrim tog’oldi hududlariga 5080 millimetrgacha yog’adi. Musson davri (iyun—sentabr) eng seryog’in paytdir. Daryolarda timsoh, toshbaqa, baliqdar bor. Bangladesh hududining 15% ga yaqini doimo yashil o’rmonlar bilan qoplangan. Ularda bambuk va Rotang daraxtlari (palmaning bir turi) ko’p. Madxupur va Sundarban changalzorlarida yo’lbars va mushuksimonlarning boshqa turlari, tog’li joylarda fil, qoplon va karkidonlar uchraydi. Aholisining 98% beng’allar. Bixarlar, santallar, munda, oraon, chakma, marma, kxas qabilar ham yashaydi. Rasmiy tili — Bengal va ingliz tillari. Aholining 85% musulmon. Bangladesh tug’ilish va aholining zichligi jihatidan dunyoda eng yuqori o’rinlardan birida turadi. Shahar aholisi 24% ni tashkil etadi. Eng katta shaharlari: Dakka, Chittagong. Tarixi. Bangladesh hududi (sobiq Sharqiy Bengaliya) da dastlabki davlat miloddan avvalgi 7 — 6 – asrlarda paydo bo’lgan. Vanga davlati (keyinchalik Bangla; davlatning hozirgi nomi ham shundan kelib chiqqan) shularning biri bo’lgan. Miloddan avvalgi 4 – asrdan milodiy 5- asrgacha Bangladesh hududi turli g’ind saltanatlari tarkibida bo’ldi. 6 – asrda u G’arbiy Bengaliya bilan yagona Bengaliya davlati bo’lib shakllandi. 13 – asr boshlarida Dexli sultonligining musulmon sultonlari uni bosib olishdi. Shu tufayli bu yerda musulmon dini tarqaldi (ilgari hindu dini ustun edi). 16-asrda boburiylardan Akbarshohni Hindistonga qo’shib oldi. 18 – asr boshlarida Bangladesh hududi mustaqil bo’ldi, 1757 yildan inglizlar qo’liga o’tdi, so’ngra Angliyaning Hindiston mustamlakasi tarkibidagi Sharqiy Bengaliya viloyatiga aylandi. 1947 yil Hindiston mustaqillikka erishgach, bu yerda ikki davlat — Pokiston va Hindiston vujudga kelishi munosabati bilan Sharqiy Bengaliya Assom okrugiga qo’shilib, Pokistonning yangi viloyati sifatida «Sharqiy Pokiston» nomini oldi. Biroq G’arbiy Pokiston bilan bo’lgan iqtisodiy va siyosiy ziddiyatlar 1971 yilda Bangladeshning mustaqil deb e’lon qilinishiga olib keldi. 1974 yildan Bangladesh — BMT a’zosi. Milliy bayrami — 26 mart — Mustaqillik kuni. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatik munosabatlarni 1992 yil oktabrda o’rnatgan. Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Bangladesh ishchi-dehqon xalq ligasi; Xalq ligasi; Bangladesh millatchi partiyasi; Milliy xalq partiyasi; Milliy partiya. Milliy ishchi ligasi kasaba uyushmasi birlashmasi; ishchi va xizmatchilarning Birlashgan kengashi; Bangladesh kasaba uyushmalari markazi. Xo’jaligi. Bangladesh — agrar mamlakat. Mehnatga layoqatli aholining 80% qishloq xo’jaligi bilan mashg’ul. Ishlanadigan yerning 50% dan yiliga 2 — 3 marta hosil olinadi. Ammo qishloq xo’jalik mamlakat aholisining oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojini qondirolmaydi. Doimiy bo’lib turadigan tabiiy ofatlar, ayniqsa suv toshqinlari qishloq xo’jalik ishlarini qiyinlashtiradi. Asosiy ekinlari — sholi (ishlanadigan yerning 90%ga ekiladi), jut, choy (umumiy maydoni 47 ming gektar), bug’doy. Shakarqamish, dukkakli ekinlar, moyli ekinlar (raps, kunjut, xantal, araxis va boshqalar) ham yetishtiriladi. Chorvachilik kam rivojlangan. Qoramol (asosan ulov uchun), echki, qo’y, parranda boqiladi. Baliq ovlanadi. Sanoat mamlakat ehtiyojining juda oz qismini qondiradi. Asosan qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Asosiy tarmoqlari — to’qimachilik (ayniqsa, jut va ip gazlama), oziq-ovqat (qand-shakar, yog’, tamaki, sholi, choy). Jundan mahsulot ishlab chiqarishda Hindistondan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Qog’oz, kimyo, neft mahsulotlari, tsement, mashinasozlik va sanoatning boshqa tarmoqlari korxonalari bor. Energetika mamlakat ehtiyojini qondirmaydi. Bir yilda 8,1 milliard kVt-s elektr energiya hosil qilinadi. Yuklarning ko’pi suv yo’llari orqali tashiladi. Temir yo’l uzunligi 2,7 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 193 ming kilometr. Eng katta dengiz portlari — Chittagong va Chalna. Chetga jun, teri mahsulotlari, choy, baliq chiqaradi. Xalqaro aeroporti — Dakka shahrida. 1988 yil va 1991 yildagi suv toshqinlari transport va kommunikatsiya tizimiga katta ziyon yetkazgan. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari — AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy. Pul birligi — taka. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Bangladesh aholisining 75%dan ko’prog’i savodsiz. Bolalarning 60%ga yaqini boshlang’ich maktabga qatnaydi. Dunyoviy maktablardan tashqari diniy maktablar ham bor. Texnika kollejlariga o’quvchilar kamroq kiradilar. Bangladeshda 6 universitet (eng kattalari Dakka va Rajshaxi shaharlarida), bir qancha institutlar, jumladan politexnika, to’qimachilik institutlari, qishloq xo’jalik akademiyasi bor. Bengaliya akademiyasi, atomenergiyasi, qishloq xo’jalik va o’rmonchilik, iqtisodiyot, tibbiyot, huquq va xalqaro munosabatlar ilmiy tadqiqot muassasalarida tadqiqot ishlari olib boriladi. Dakkada Markaziy ommaviy va universitet kutubxonalari, 2 muzey mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Bangladeshdagi yirik gazetalar — «Ozodi» (Bengal tilidagi kundalik gazetasi, 1960 yilda tashkil etilgan), «Bangladeshobserver» («Bangladesh sharhlovchisi», 1949), «Bangladesh tayme» («Bangladesh vaqti», 1949), «Doynik Bangla» («Kundalik Bengaliya», 1964). Davlat axborot agentligi— «Bangladeshsangbad Sangasta» 1972 yil va xususiy agentlik — «Istern Nyus Eyjensi» 1970 yilda tuzilgan. Bangladesh radioeshittirishi va teleko’rsatuvi davlat qaramog’ida. Adabiyoti. Bangladesh adabiyoti Bengal tilida Bengal adabiyoti an’analari asosida rivojlanmoqda. 10 — 12 – asrlarda tuzilgan diniy mazmundagi madhiyalar to’plami — «Chorjapod» Bengal tilidagi ilk yozma yodgorlik hisoblanadi. 16— 17-asrlarda she’riyat gullab yashnadi. O’rta asrlarda turli ilohlarga bag’ishlangan rivoyat, dostonlar katta ahamiyat kasb etdi. Musulmon shoirlardan Davlat qozi va Sayid Alaol birinchi bor dunyoviy mavzularga murojaat qildilar hamda Bengaliyadagi hindu va musulmon madaniyatini bir-biriga birlashtirdilar. Musulmon adiblar Arab va fors she’riyati uslublari, o’xshatmalaridan, musulmon an’analariga aloqador ohang va voqealardan barakali foydalandilar. Bu yo’nalish 17-asrda vujudga keldi va 19 — 20 – asrlarda Mir Musharraf Husayn, Koykobod, Nazrul Islom, Abdul Fazl, Abdul Qodir kabi yozuvchilar uni yuksak cho’qqiga ko’tarishdi. Fylom Mustafo, Ravshan Yazdoni, Jasimuddin kabi shoirlar, jamoat arbobi va shoira Begum Sufiya Kamol 20 asr. Bangladesh adabiyotining eng mashhur vakillaridir. Shoirlardan Shamsur Rahmon, Hasan Hafizur Rahmon va boshqalar ijtimoiy mavzularda qalam tebratdilar. 19 — 20-asr Bengal adabiyotining yirik namoyandasi P. Tagordir. Uning ijodi butun Hindiston adabiyotiga ta’sir o’tkazgan. Sh. Chottopaddhayya (1876 -1938), Bangladesh Bondopadhayya (1896-1950) kabi yozuvchilar uning maktabidan yetishib chiqqanlar. Bangladesh mustaqillikka erishgandan so’ng qisqa pyesa va hikoyalar, vatanparvarlik va muhabbatni madh etuvchi she’rlar etakchi janr bo’lib qoldi. Ijtimoiy masalalar, fuqarolik jamiyati, insonparvarlik mavzularida nasriy asarlar yuzaga keldi. Me’morligi va san’ati. Bangladesh hududida 7-12-asrlarga mansub shahar va ibodatxonalarning vayronalari, 12 — 13-asrlarda bino qilingan masjid, Madrasa va maqbaralar saqlanib qolgan. 16— 17-asrlar me’morligi Islom uslubi qoidalariga moslangan. Ingliz mustamlaka hukmronligi davrida an’anaviy uslubdagi binolar (Dakkadagi «Yudduzli masjid», 18 – asr) bilan bir qatorda ingliz neoklassikasi uslubidagi yangi imoratlar (Dakkadagi bank binosi, 19 – asr) paydo bo’ldi. Shaharlarda zamonaviy uslubdagi jamoat, uy-joy, sanoat binolari qad ko’tardi. Bangladeshda qadimdan bezakli amaliy san’at (to’quvchilik, kashtachilik, yog’och va fil suyagi o’ymakorligi) rivojlangan. Tasviriy san’atda ilg’or yo’nalish davom etmoqda. Kino san’ati 1959 yildan rivojlana boshladi («shunday kun kelar» filmi, rejissyor J. Kardar).