BAQALAR

BAQALAR, baqasimonlar (Ranidae) — dumsiz, suvda hamda quruqlikda yashovchilar oilasi. Tanasining uzunligi 3 santimetrdan 20 santimetr, ba’zan 32 santimetrgacha. Tishlari yuqori jag’larida joylashgan. Tanasi ixcham, orqa oyoqlari nisbatan uzun (sakrovchi). 46 urug’i 555 turi ma’lum. Janubiy Amerika, Janubiy Avstraliya va yangi Zelandiyadan tashqari yer yuzining hamma qitalarida keng tarqalgan. Evolyatsiya jarayonida sodir bo’lgan adaptiv radiatsiya tufayli bu oila bir necha filogenetik guruhlarga, 8 kenja oilaga bo’lingan. Ularning asosiysi asl Baqalar (Rana) urug’i 200 turni, shu jumladan uzunligi 32 santimetr, og’irligi 3,5 kilogramm keladigan Goliaf baqasini (R. goliaph) va ho’kiz-baqani o’z ichiga oladi. Asl Baqalarning orqa oyoqlaridagi barmoqlari orasida pardasi, tilining orqa erkin uchida ayrisi bo’ladi. O’lja ushlayotgan Baqalar tilining orqa tomonini otadi. Asl Baqalar, yashil (o’t) baqa (R. temporaria), hovuz baqasi (R. esculenta, ya’ni R. lessonae), o’tkir tumshuq baqa (R. arvalis, ya’ni R. terrestris) Yevropaning Sharqiy qismida uchraydi. O’rta Osiyo, jumladan O’zbekistonda asl Baqalarning faqat bir turi — ko’l baqasi (R. ridibunda) tarqalgan. Bu tur Kavkaz, Qozog’iston va Yevropa mamlakatlarida ham uchraydi. Ko’l baqasining suvda yashaydigan shakli yashil, quruqlikda yashaydigan shakllari esa qo’ng’ir tusda bo’ladi. Baqalarning bir qancha turlari (o’tkir tumshuq baqa, yashil baqa), suv havzalari yaqinidagi nam joylarda yashab, faqat ko’payish davrida suvga tushadi, boshqalari (masalan, ko’l baqasi) asosan suvda yashaydi va o’rmon hamda dasht mintaqalaridagi suv havzalarida tarqalgan. Baqalar odatda juda harakatchan bo’lib, faol hayot kechiradi. Qanotli hasharotlar, yirik Baqalar esa mayda umurtqalilar bilan oziqlanadi. Ayrim Baqalar suv havzalari tubidagi balchiqda, boshqalari quruqlikdagi pana joylarda yashaydi. Asosan suv havzalariga tuxum qo’yib ko’payadi. Urg’ochisi 500 dan 11 minggacha tuxum qo’yadi. Ko’pchilik Baqalar ko’payish davrida har xil ovoz chiqarib sayraydi. Baqalar ovozi har bir tur va jineda o’ziga xos bo’ladi. Ayrim Baqalar (masalan, ko’l Baqalar) ko’pchilik mamlakatlarda pishirib iste’mol qilinadi. Baqalar laboratoriya tekshirishlari uchun asosiy ob’yekt hisoblanadi. Shimoliy Amerikada uchraydigan leopard Baqalar Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.