BARG OG’IZCHASI

BARG OG’IZCHASI – o’simliklar bargidagi tashqi muhit bilan aloqa bog’laydigan tirqishsimon yoriqcha (bunday yoriqchalar o’simliklarning boshqa yer ustki organlari epidermisida ham mavjud). Barg og’izchasi barg sathining juda oz qismini, hatto og’izchalar katta ochilgan holatda ham 1 % dan ortig’ini egallamaydi. Barg og’izchasi gaz almashinishi, transpiratsiya va fotosintez jarayonlarida muhim rol o’ynaydigan tutashuvchi hujayralarning harakati tufayli ochilib-yumilib turadi. Barg og’izchasi fotosintez ro’y berishi va hujayraga karbonat angidridning o’tishini ta’minlash uchun ochiladi va havo haddan tashqari quruq bo’lganda suv bug’lanishining oldini olish uchun yumiladi. Barg og’izchasining ochilishi va yumilishi aktiv jarayon bo’lib, ATF sarf bo’lishi bilan boradi, bu jarayonni, masalan, nafas ingibitorlari tormozlaydi. Ikkala tomonidan og’izchalari bo’lgan barglar amfistomatiklar deyiladi. Masalan, Meksika g’o’zasi navlari bargida 1 millimetr kvadrat barg yuzasiga 265 va barg orqasida 145 og’izcha to’g’ri keladi, tutashuvchi hujayralar og’izchalarining kattaligi 25 — 32 mkm. Barg og’izchasi qanchalik keng ochilsa, barg suvga shunchalik yaxshi to’yinadi. Barglar namni yo’qotishi bilan og’izchalar yumila boshlaydi, turgor sekin-asta bo’shashadi. Bu xususiyatdan o’simlikning suv bilan ta’minlanganligi darajasini aniqlashda foydalaniladi.