BARIK SISTEMALAR

BARIK SISTEMALAR (meteorologiyada) — havo bosimining atmosferada pasaygan yoki balandlashgan sohasi (masalan, tsiklon va antisiklon). Havo bosimining, shu jumladan shamolning atmosferada muayyan taqsimlanishini ifodalaydi. Barik sistemalarga quyidagilar kiradi: yopiq izobarali soha — tsiklon va antisiklonlar; ochiq izobarali soha — Nov (lojbina, past bosimli polosa — tsiklon markazidan tarnovga o’xshash cho’zilgan bo’lib, baland bosimli ikki soha orasida joylashgan); taroq (greben, baland bosimli polosa — antisiklon markazidan ponasimon cho’zilgan va past bosimli ikki soha orasida joylashgan); egar (sedlovina, almashinuvchi ikki tsiklon va antisiklonlar orasida joylashgan). Bunda topografik botiq yerni bosimi past soha bilan balandlikni bosimi baland soha bilan, tekislikni izobaralar bilan solishtirish mumkin. Barik sistemalar uzluksiz bir joydan ikkinchi joyga siljiydi, bunda kattaligi, kuchi va yo’nalishi o’zgaradi, emiriladi va qayta hosil bo’ladi. Yopiq izobarali Barik sistemalar yuqorilashgan sari ochiq izobarali sistemaga aylanadi. Bu hodisa qaysi balandlikda ro’y berishiga qarab uchga bo’linadi: yuqori, o’rta va past. Barik sistemalarning qaysi xidda bo’lishi unda temperaturaning taqsimlanish sharoitiga bog’liq. Issiq tsiklon va sovuq antisiklonlar hamda termik asimmetrik tsiklon va antisiklonlar past sistemaga, termik asimmetrik hamda yaxshi rivojlangan tsiklon va antisiklonlar o’rta sistemaga va, nihoyat, issiq antisiklonlar va sovuq tsiklonlar yuqori sistemaga kiradi. Barik sistemalarning o’rtacha tezligi 30 — 40 km/ soat, «yashash davri» bir necha kundan to haftagacha va undan ortiq bo’lishi mumkin. Barik sistemalarda shamol (asosan, yerda) izobara bo’yicha past bosimli tomonga bir oz og’ib esadi. 1000 — 1500 metrdan balandda barcha Barik sistemalarda shamol izobara bo’yicha (past bosimni chapda va yuqori bosimni o’ngda qoldirgan holda) esadi.