BARMOQLAR

BARMOQLAR — odamda qo’loyoq kaftlarining uch qismi; Barmoqlar beshta bo’lib, har bir barmoqda uchtadan (bosh barmoqda ikkita) naysimon mayda suyaklar — falangalar bor. Barmoqlar o’zaro bo’g’imlar, muskullar orqali bir-biri bilan erkin xarakat qila oladigan tarzda birlashgan. Odam qo’l barmoqlarini bukib asboblarni ushlash, mehnat qobiliyatini oshirish imkoniyatiga ega. Shuning uchun tarixiy rivojlanishda bosh barmoq qolgan Barmoqlarga nisbatan ko’ndalang joylashib, biror narsani ushlashga moslashgan. Oyoq Barmoqlari bukilib-yozilib odamning yurishiga, tik turganda muvozanatni saqlashga moslashgan. Barmoqlardagi muskullar mayda qon tomir va nervlarga boy, shu tufayli turli nozik harakatlarni (musiqa asbobini chalish, yozish, rasm chizish va hokazolar) bajarishga imkon beradi. Ona qornida homilaning noto’g’ri rivojlanishi natijasida barmoqsizlik (adaktiliya), Barmoqlar sonining kam (oligodaktiliya) yoki ko’p (polidaktiliya) bo’lishi uchrab turadi. Hayvonlarda Barmoqlarning tuzilishi va shakli ularning hayot sharoitiga, bajaradigan vazifasi (kovlash, uchish, suzish)ga qarab turlicha bo’ladi. Qushlarda oldingi oyoq qanotga aylanib, uch barmoq rudimenti qolgan, orqa oyog’ida 4 ta barmoq bor. Tuyoqli hayvonlarda esa Barmoqlar tuyoqdan iborat va hokazolar.