BATOLIT

BATOLIT (Yunoncha bathos — chuqurlik, lithos — tosh) — chuqurlikda yotuvchi magmatik tog’ jinslarining joylanish shakli. Batolit asosan granitoidlarning yirik massivlari (qariyb 200 kilometr kvadrat) dan iborat. Yer pusti burmali oblastlarining cho’kindi qatlamlari orasida yotadi. Nurash natijasida Batolitning ayrim qismi ba’zan yer yuziga chiqib qoladi. Geofizik tadqiqotlar natijasida barcha granit jismlarning shaklan turlicha joy olishi va chegaralangan qalinlikka ega bo’lishi aniqlangan. Eng yirik Batolitlar Amerikaning Kordilera tog’larida, O’zbekistondagi tog’lar (Nurota, Qoratepa, Zirabuloq, Hisor, Chatqol Qurama) da hamda Qozog’iston, Ukraina, Kavkazda bor. Batolit tarqalgan rayonlarda volfram, molibden, oltin, temir konlari uchraydi.