BAXILTOG’

BAXILTOG’ — Samarqand viloyatining shimoliy-g’arbidagi tog’. Nurota tog’ tizimida, Oqtov tizmasining g’arbiy davomi. Uzunligi 50 kilometr. Eng baland joyi 2000 metr. G’arbga tomon pasayib boradi (1000 metr). Nurota tog’ oralig’i botig’iga qaragan shimol yon bag’ri ancha tik va o’ydim-chuqur. Baxiltog’ning o’q qismi quyi paleozoyning metamorfik ohaktoshlaridan, etaklari bo’r, paleogen va ko’proq to’rtlamchi davr yotqiziklaridan tashkil topgan. Yuqori paleozoyda yuz bergan gersin burmalanishida quruklikka aylangan va Alp burmalanishi davri (paleogen oxiri) da yuvilgan. Neogen (miosen va pliosen) dagi Alp burmalanishida emirilgan. Shimol yon bag’irlarida tuproq va o’simlik qoplamlari mutlaqo yo’q. Janub yon bag’irlarida karbonatli jigarrang va to’q bo’z tuproqlar tarqalgan bo’lib, bug’doyiq, tog’-rayxon, kiyiko’t, tog’piyozi, shuvoq, kovrak va boshqalar o’sadi. Soylar oralig’idagi suvayirg’ichlarda qo’ng’irbosh, tog’terak, karrak uchraydi. Yon bag’irlarining kuyi qismi darasimon vodiylar bo’lib, ularda faqat bahorda vaqtincha suv oqadi. Oqxargul, bodom, zarquloq, tuyasingren kabi o’simliklar tarqalgan. Tog’yon bag’rilarining o’ydimchuqurligi, oqar suvlarning yo’kdigi va yaylovlarda o’simlik kamligi tufayli mahalliy aholi uni Baxiltog’ deb ataydi. Chorvachilikda ahamiyati kam.