Bayramlarning mohiyati va asosiy xususiyatlari

Odatda, bayram deganda biror-bir muhim hodisa, voqea, sanani ko’pchilik bo’lib, ko’tarinki ruhda, xursandchilik bilan nishonlash tushuniladi.

Shu boisdan Beruniy bayramlarni hayotdagi “eng muhim kunlar” desa, Mahmud Koshg’ariy “shodlik va xursandchilik kuni” deb ta’riflaydi (Mahmud Koshg’ariy. “Devonu lug’otit turk”, 1-tom. – T.: “Fan”, 1963 yil, 447-bet).

Darhaqiqat, bayram odatdagidan ko’ra ko’tarinkiroq kayfiyatni vujudga keltiradi. Bayram chog’ida hamma boshqa kunlarga qaraganda xursand, shod va baxtiyor bo’ladi.

“Bayram, – deb yozadi A.I.Mazayev, – bu ma’lum vaqtdagi ideal hayotdir” (Mazayev A.I. Prazdnik kak sotsialno-xudojestvennoye yavleniye. – M.: “Nauka”, 1937 s. 172).

Bayram kunlarida odamlar “qisqa vaqtga bo’lsa-da, o’zlarini kundalik mehnatdan, tashvishdan, g’am-g’ussadan, qaramlikdan, qarzdan xoli, erkin sezadilar, – deydi M.Qodirov. Zotan, bayram kunlari hamma teng, hur va ozoddir, istaganicha yayrashi, ko’nglidagini aytishi, xohlaganicha o’ynashi, kulishi, maynavozchilik qilishi, kimningdir ustidan kulishi mumkin. Hech kim buni man etmaydi” (M.Qodirov. Tomosha san’ati o’tmishidan lavhalar. – Toshkent: “Fan”, 1993, 81-bet).

Bayram hayotning davomi, muhim qismidir. Bayram shaxs, oila, jamiyat, millat, davlat, xalqaro hayotdagi eng muhim hodisa, voqea, sanalarni qayd etadi, ularni nishonlashga imkoniyat yaratadi. U kishilarning hayoti, faoliyatida erishgan yutuqlarini ifodalaydigan hodisadir. O’zbek xalqida yirik ishlarning boshlanishi va yakunlanishi odatda bayramga aylanib ketadi. Yangi hosil mavsumining boshlanishi va ilk urug’ qadash jarayoni ham dehqonlar hayotida muhim voqea bo’lganligi bois bayramona kayfiyatda o’tadi. Keyingi davrda har bir yirik sanoat inshootining (masalan, Sho’rton gaz-kimyo majmuasi) ochilishi bayram holatida uyushtiriladi.

Bayram insoniyatning bosib o’tgan yo’llarini chuqur anglashga, g’alabalardan faxrlasnishga, ertangi kun uchun rejalar tuzishga, kelajakka umid bog’lashga yordam beradi. Shu boisdan ham, bayram arafasida kishilar bir-birlarini tabriklashadi, yaxshi istaklar bildirishadi.

Bayramlar vaqtning monotonligini (bir xilligini) buzib, unga muayyan “shodlik surati” baxsh etadi. Shu sababli, qadimdan qadimdan bayramlar vaqtning o’ziga xos o’lchovi hisoblangan. Hozir ham bayram kunida, masalan, Yangi yil nishonlanayotganda muayyan vaqt o’tganligini, ya’ni o’tgan Yangi yil bilan hozirgi Yangi yil orasida yana bir yil o’tganligini hamma biladi. Bayram kunlarida kishilar “Oradan shuncha… vaqt o’tidi-ya?!” degan so’zlarni ko’p bor aytishadi. Bayramlar vaqtning qadriga yetishga, uni e’zozlashga da’vat qiladi.

Bayramlar har bir xalqning o’ziga xos qadriyatlarini aks ettiradigan “ko’zgu” sanaladi. Chunonchi kishilar bayram chog’ida chiroyli kiyimlarini kiyishadi, lazzatli taomlar tayyorlashadi, o’z qobiliyatlarini namoyish etishadi. O’sha kuni hamma ko’tarinki kayfiyatda bo’ladi

Bayram kunida kishilar o’rtasida boshqa kunlarga qaraganda muayyan darajada yaqinlik, hamkorlik vujudga keladi. Qadimda bu kunda hamma bir qozondan ovqat yegan, bir xil tomosha ko’rgan, bitta joydagi sayilgohda sayr qilishgan.

Bayram kuni azal-azaldan tinchlik kuni hisoblangan. O’sha kuni urushlar, nizo, mojarolar to’xtatilgan. Bu kunda kishilar o’rtasidagi adovat, gina-quduratlar unutilgan, o’zaro arazlashganlar yarashgan. Bayramlarda shunday holat vujudga kelganki, unda hamma g’oyaviy-ma’naviy birlashgan, o’zaro hamjihatlik yuzaga kelgan.

Bayramlarda vujudga keladigan ko’tarinki kayfiyat kishilarni ertangi kunga umid bog’lashga, kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi

Bayramlar ijtimoiy-madaniy hayot ko’zgusi sifatida har bir xalqning ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlarini ham keng namoyish qiladi. “Bayramning ijtimoiy-siyosiy va madaniy ahamiyati shu bilan belgilanadiki, – deb yozadi professor E.V.Sokolov, – u muhim an’analarni qo’llab-quvvatlash asosida insoniyat madaniyati yutuqlarini mustahkamlaydi” (Sokolov E.V. Svobodnoye vremya i kultura dosuga. L., 1977, s. 85). Bayramlar moddiy va madaniy hayotda erishilgan muvaffaqiyatlarning o’ziga xos namoyishi hisoblanadi. Chunki bayram kuniga bag’ishlab barcha muassasalar, korxonalar o’zlari erishgan muvaffaqiyatlarni namoyish qiladilar. “Aynan bayram, – deydi A.I.Arnoldov, – dunyo madaniyati xazinasiga yig’ilgan eng qimmatli boyliklarni o’zida mujassamlashtiradi” (Jigulskiy K. Prazdnik i kultura. – M., “Progress”, 1985, s.5). Shu boisdan bayramlar insoniyat madaniyatining eng muhim shakllaridan biri bo’lishi bilan bir qatorda, kishilik jamiyatini rivojlantirishning eng samarali vositasi hisoblanadi.

Bayram jamiyat hayotining tarkibiy qismi sifatida oldindan belgilangan, muayyan kunda nishonlanadi. Ba’zi bayram kunlari dam olish kuni deb e’lon qilinadi. Mamlakatimizda yirik bayramlarni nishonlash uchun 9 kun dam olish kunlari sifatida belgilangan. Shuningdek, muayyan kasb kunlari ham aynan dam olish-yakshanba kunlarida o’tkazilishi belgilab qo’yilgan. Tadqiqotchi E.V.Sokolov bayramlarni barcha dam olish shakllari orasida eng afzali deb ko’rsatadi. Chunki bayram tadbirlarida dam olishning eng samarali shakllari mujassamlashadi. (Sokolov E.V. Svobodnoye vremya i kultura dosuga. – L., 1977, s., 84-88.).

Biroq ba’zi mehnat bayramlarida dam olish bo’lmasligi ham mumkin. “Hashar”, “Chigit qadash”, “Birinchi hosil karvoni” kabi tadbirlar o’tkaziladigan kunda ham mehnat, ham bayram qilinadi.

Bayram tarbiya tizimida o’ziga xos muhim va yirik tadbir sanaladi. Bayramlar xalqning eng yaxshi an’analari, odatlari, axloqiy qoidalarini o’zida mujassamlashtirishi, saqlashi va rivojlantirishi bilan yoshlar tarbiyasida muhim o’rin tutadi.

Bayramlar mohiyati ular mazmuni va g’oyasiga bog’liq bo’ladi. Mazmun, g’oya har bir bayramning asosini, obrazli qilib aytganda “joni” va “qoni”ni tashkil etadi. Tarixiy jarayonda bayramlar ma’nosi g’oyasi xalqning o’yi, dardi, orzu-umidlari asosida paydo bo’lgan va o’zgarib, rivojlanib borgan.

Mustamlakachilar ham, mahalliy hukmdorlar ham bayramlarga o’z g’oyalarini singdirishga harakat qilgan. Masalan, Navro’z, Mehrjonga mustamlakachilar diniy g’oyalarni singdirishga intilgan. Sho’rolar esa Hosil to’yini sotsialistik g’oyalar bilan boyitishga urinishgan. Zo’ravonlik bilan singdirilgan g’oyalar bayramlarning mohiyati, shakliga putur yetkazgan. Bu esa odamlarning bayramlarga bo’lgan qiziqishini susaytirgan. Shu sababli, ayrim bayramlar unutilgan yoki yo’qolib ketgan. Hukmdorlar xalq odatlariga, bayramlariga o’z g’oyalarini singdirolmay qolganida ularni taqiqlashga harakat qilishgan. Biroq qulay sharoit paydo bo’lishi bilan bayramlar mazmuniga yana “jon” kirgan. Jumladan, mustaqillik davrida shunday imkoniyat yaratildiki, xalqning tabiiy ehtiyojini qondiradigan bayramlar (Navro’z, Hosil bayrami) yangicha mazmun, yangicha g’oya boyigan holda qayta tiklandi.

Ommaviy bayramlarning eng asosiy xususiyati bayram holati (bayram kayfiyati) bilan bog’liqdir. Odamlar ommaviy bayramlarni o’zlari xohlagan vaqtda belgilashi yoki uni tashkil qilishi mumkin emas. Ommaviy bayramlar muayyan sabab, asos bo’lgandagina vujudga keladi. Bayram voqealikning o’zida kelib chiqqanida, kishilarda unga nisbatan ehtiyoj tug’ilganida va bayram kayfiyati vujudga kelganidagina chinakam tantanaga aylandi.

Masalan, mo’l hosil yig’ishtirib olinishi dehqonlarning yil davomida mashaqqatli mehnati samarasi sifatida xursandchilik-bayram holatini vujudga keltiradi.

Bayram tashkilotchilari esa kishilar o’rtasida vujudga kelgan bayramona kayfiyatdan foydalanib, unga mos tadbirlar tayyorlab, bayramni o’tkazishi mumkin. “Xalq ommasining bayramga intilishi, unga tayyorlanishi bu hali bayram emas, – deb uqtiradi D.M.Genkin, – bu intilishni albatta oqilona, go’zal, nozik qilib uyushtirib, tashkil etish kerak” (Genkin D.M. Massoviy prazdniki. – M., 1975, s. 136.).

Darhaqiqat, bayram maxsus uyushtirilsa-yu kishilarda bayramona kayfiyat bo’lmasa, u oddiygina bo’lib, odatdagi kunlik voqeadek bo’lib o’tishi mumkin. Haqiqiy bayram kishilar uni orziqib kutganida, unga maxsus tayyorgarlik ko’rilganida, uni nishonlash shakli topilganidagina yuzaga keladi.

Bayramlar istalgan paytda yoki o’z-o’zida vujudga kelmaydi. Bayram ommada unga nisbatan ehtiyoj tug’ilganida, muayyan bir asos, sabab paydo bo’lganida, u maxsus uyushtirilganidagina ta’sirchan tadbirga aylanadi.

Bayramlarning yana bir xususiyati ularning muayyan vaqt, maxsus sana bilan bog’liqligidir. Kishilarda bayram kayfiyati avvaldan belgilangan vaqt, sana, kun kelganida paydo bo’ladi. Masalan, qishning sovuq kunlaridan so’ng ob-havoning isishi, tevarak-atrofning ko’m-ko’k libosga o’ranishi, dov-daraxtlarning gullashi – bahor kelishi barcha kishilarga olam-olam quvonch, shodlik olib keladi. Albatta, tabiatning bu o’zgarishidan har kim o’zicha zavqlanadi. Ammo tabiat go’zalligi va bahor shodiyonasi hamma uchun umumiy bo’lganligi sababli odamlarda uni birgalikda nishonlash kayfiyati ham tug’iladi. Ana shu ehtiyojni qondirish uchun maxsus vaqt (kun, sana) belgilanadi. Bu sanalarni belgilashda ming yilliklar tajribasidan kelib chiqiladi. Masalan, quyoshning hamal burjiga kirish vaqti “Navro’z” bayrami o’tkaziladigan vaqt sifatida belgilangan.

Yangi yil bayrami sanasi ham kimlarningdir xohish-istagi asosida o’zgartirib turilmaydi. Bu kunni o’tmishda turli xalqlar har xil vaqtda nishonlashgan bo’lsa ham, keyingi paytda dunyo bo’yicha 1 yanvar Yangi yil bayrami deb qabul qilingan.

Talabalarning o’quv yurtini tugallash uchun to’rt-besh yillik muddat kerak bo’ladi. Ana shu muddat nihoyasiga yetgach, talabalarda xursandchilik kayfiyati vujudga keladi. Bu esa maxsus bayram uyushtirish uchun zamin yaratadi. Aynan shu quvonchli voqeani nishonlash uchun maxsus sana belgilanadi.

Taqvim sahifalarida bayram kunlari alohida ajratib ko’rsatiladi. Biroq bu kunlarning chinakam bayramga aylanishi uchun kishilarda ko’tarinki kayfiyat bo’lishi va muayyan tadbirlar amalga oshirilishi lozim.

Bayramlarning yana bir o’ziga xos xususiyati ularda keng ommaning ishtirok etishidir. Bayram avvalo ko’pchilik uchun uyushtiriladi va u bevosita ko’p odamlarning ishtirokida o’tadi. Teatrlar, konsert zallari, televideniye ko’rsatuvlari, radio eshittirishlarida omma faqat tomoshabin, tinglovchi rolini bajarsa, bayramlarda odamlar faol ishtirokchi sifatida qatnashadi. Bayramlarda hamma o’z qobiliyatini namoyish qilishi mumkin. Kishilar bayram tadbirlarini ishtirokchi sifatida kuzatadi va bo’lgan voqealarga o’z munosabatini bildira oladi.

Albatta, bayram tadbirlarida hamma ham bir xil darajada faol qatnashmaydi. Buning imkoni ham yo’q. Bayram dasturini boshqaruvchilar, sportchilar, badiiy havaskorlik jamoalari a’zolari kabilar bayramning faol qatnashchilari bo’ladi. Bayram ishtirokchilarining diqqatini tadbirlarga jalb qilish, faollashtirish uchun ular o’rtasida ommaviy o’yinlar, qo’shiqlar, viktorinalar, ko’rik-tanlovlar, sport musobaqalari uyushtiriladi.

Bayramlarning o’ziga xos yana bir xususiyati ularning bir necha (kompleks) tadbirlar sintezidan tashkil topishidir. Har bir bayram ko’plab tadbirlar asosida uyushtiriladi.

Bayramning tashkil qilinishi – uning mavzusi, g’oya, yo’nalishini maxsus shakl, tadbir va marosimlar orqali namoyish etishdir. Odatda, har bir ommaviy (ayniqsa, ochiq joylardagi) bayramning ochilish marosim-tadbiri bo’ladi. Undan so’ng, bir joyda – bayram ko’rgazmalari, ko’rik-tanlovlari; ikkinchi joyda- dor o’yini, polvonlar chiqishlari; uchinchi joyda – askiya va qiziqchilar chiqishlari, qo’g’irchoq teatri tomoshalari; to’rtinchi joyda – badiiy havaskorlik jamoalari, folklor-etnografik ansambllari kontsertlari; beshinchi joyda – sport musobaqalari (kurash, poyga, chavandozlik) kabilar tashkil qilinadi.

An’analar, marosimlar, teatrlashtirilgan konsert va tomoshalar, karnavallar, namoyishlar, xalq o’yinlari bayramlarning asosiy tarkibiy qismi sanaladi. Ommaviy bayramlar shu kabi tadbirlar asosida o’tkaziladi.