BEDA URUG’XO’RI
BEDA URUG’XO’RI (Bruchophagus roddi Guss) — pardaqanotlilar turkumining yo’g’on oyoqlilar oilasiga mansub zararkunanda hasharot. Voyaga yetganining bo’yi 1,3 — 2,1 millimetr, tusi qora, boldiri va panjalari qo’ng’ir-sarg’ish, ko’krak oldi, yelkasi va qalqonchasida chuqurchalar bor, orqasi bukri, qorni kalta, tuxumsimon, silliq va yaltiroq. Tuxumi oq, silliq, tiniq, bandchasi bor, kattaligi 0,2 millimetrcha. Lichinkasi jigarrang, oyoqsiz, semiz, bir uchi sal egilib turadi; boshi botiq, jag’i uchburchak tishli. Yetuk lichinkaning kattaligi 1,5 — 2 millimetr. Beda urug’i va dukkagida, quruq beda va to’ponida, yovvoyi dukkakli o’simliklarda qishlaydi. Erta bahorda lichinkalar g’umbakka aylanadi, g’umbagi 1,9 millimetrcha, dastlab oq bo’ladi, keyinchalik qorayadi, kun isishi bilan yetuk hasharotga aylanib, ucha boshlaydi. Urug’va dukkakni teshib ketadi, ana shu belgiga qarab, bedaga Beda urug’xo’ri tushganligini aniqlash mumkin. Tuxumini endi pishib kelayotgan beda urug’lari ichiga qo’yadi. Rivojlanish davri 24 — 28 kun. Yetilgan Beda urug’xo’ri gul shirasi (nektari) bilan oziqlanadi. O’rta Osiyoda bir yilda Beda urug’xo’ri 3 — 4 avLod beradi. Kurash choralari: beda urug’ini yaxshilab tozalash, dorilash va ekishdan 45 kun oldin 1 t uruqqa 3 kilogramm naftalin sepib, urug’ni qoplarda saqlash kerak; ekish oldidan 15% li namakobga 2 — 3 minut solib qo’yilsa, zararlangan urug’lar namakob betiga qalqib chiqadi, sog’lom urug’lar ajratib olinib, yuviladi va soya joyda quritiladi. Bedani yanchish va saralash vaqtida hosil bo’lgan chiqitlar hamda puch urug’lar mollarga beriladi.