BELANGI

BELANGI, bel og’rig’i, lyumbago — belning to’satdan qattiq og’rib qolishi. Asosan, og’ir yuk ko’tarish yoki keskin harakat qilish tufayli umurtqa pog’onasi muskullariga haddan tashqari zo’r kelganda ro’y beradi. Umurtqa pog’onasi boylamlarining cho’zilishi, orqa miya ildizlarining qisilishi va organizmning qattiq sovuq qotishi ham Belangiga sabab bo’ladi. Shuningdek, revmatizm bo’lgan bemorlarda yoki umurtqalararo tog’aylarning nuqsonlari oqibatida ham ro’y beradi. Belangida aksari belning bir tomoni og’rib, bir oz jismoniy zo’riqqanda, harakat qilganda, yo’talganda, aksirganda kuchayadi. Bel bosib ko’rilganda bezillab turadi, bemor qaddini ko’tara olmay qoladi. Og’riq odatda bir necha soatdan 4 — 5 kungacha tutadi. Bel og’rig’i tutganda tekis va qattiq o’rinda qimirlamay yotish va vrach tavsiyasiga binoan og’riq qoldiruvchi va yallig’lanishga qarshi dori-darmonlar qabul qilish, malhamlar bilan iylash, gorchichnik qo’yish tavsiya etiladi. Og’riq bir oz kamaygach fizioterapiya buyuriladi. Belangining oldini olish uchun jismoniy zo’riqishga, keskin harakat qilishga, organizmning qattiq sovuqqotishiga yo’l qo’ymaslik va unga sabab bo’ladigan omillarni vaqtida bartaraf etish zarur.