BELGI
BELGI — moddiy, hissiy ravishda idrok etiladigan predmet, voqea yoki harakat. Bu harakat bilishda ko’rsatmalar, ishoralar sifatida yoki boshqa predmet, xususiyat, munosabatlarda namoyon bo’ladi. Belgi tushunchasi falsafa, mantiq, tilshunoslik, psixologiya, sotsiologiyada tahlil qilinadi, ya’ni inson faoliyatini tadqiq qilish bilan bog’liq bo’lgan hamma fanlarda muhim o’rin tutadi. Antik faylasuflar (Platon, Aristotel, stoiklar), 17 — 18-asrlarning mutafakkirlari (Lokk, Leybnis, Kondilyak) bilishda Belgilarning roliga katta e’tibor berar edilar. 19 — 20-asrlarda tilshunoslik va matematik mantiq Belgini tadqiq qilishga ko’p yangilik kiritdi. Belgi haqida maxsus fan — semiotika vujudga keldi. Belgilar til va g’ayritil Belgilariga bo’linadi. G’ayritil Belgi ham o’z navbatida belginusxalar, belgi-alomatlar, belgisignallar va hokazolarga bo’linadi. Belgining axborot uzatish jarayoni bilan aloqasi muhimdir. Biron moldiy ob’yektdan iborat bo’lgan Belgi boshqa biron narsani belgilash uchun xizmat qiladi. Belgining predmet ma’nosini, mazmun ma’nosini, ekspressiv ma’nosini aniqlamasdan turib Belgini tushunish mumkin emas.