BETOCHAR

BETOCHAR —yuz ochar, yuz ko’rar — O’rta Osiyo xalqlarida, jumladan o’zbek xalqida keng tarqalgan, nikoh to’yi bilan bog’liq marosimlardan biri. Betochar marosimini o’tkazish tartibi har yerda har xil bo’lishi mumkin. Ko’p joylarda bu marosim kelin tushgan kunning ertasiga, kelin salomdan keyin, ayrim yerlarda (kuyov tomonning imkoniyatiga qarab) 2-3 kundan so’ng o’tkazilgan. Betochar kuni kelinga sarpo kiydirib, taqinchoqlarni taqib, yasanib, betiga oq matodan parda tutib, yanga uni eshik oldiga yoki hovli sahniga olib chiqadi. Kelinning betini odat bo’yicha kuyovga yaqin qarindosh, 5-6 yoshli o’g’il bola ochadi. Buning uchun mevali daraxtdan olingan paxta o’ralgan xivich (serfarzand bo’lishini niyat qilib) bilan, ayrim yerlarda paxta o’ralgan cho’michning dastasi (baxtli bo’lsin, qo’lidan cho’mich arimasin deb tilak qilib) bilan kelinning betidagi parda olinadi. Kelinning betini birinchi bo’lib kuyovning onasi ko’radi. Kelin bilan ko’rishganda qaynona kelinining boshiga ikkita non (rizqli bo’lsin deb) qo’yib, so’ngra uni burdalab marosim ishtirokchilariga (sizlar ham to’y ko’ringlar degan ma’noda) ulashadi. Kelinning betini ochganda qo’llangan paxtani ham qizlar talashib oladilar, undan ip qilib, sochlarining uchiga (niyat qilib) ulab yuradilar. Kuyovning onasidan keyin kuyovning otasi, tog’asi, bulardan keyin boshqa qarindoshlar birin-ketin kelib ko’rishib ko’rmana topshiradilar. O’z navbatida kelin tomon ham ularga ko’rmana berganlar. Bolalarga kelin tomon yong’oq, mayiz, turshak va turli shirinliklar ulashadilar.