BEZORILIK
BEZORILIK — shaxsning jamoat tartibini qo’pol ravishda buzishi va jamiyatga oshkora hurmatsizlik ko’rsatishdan iborat hatti-harakati. Qonunlarda ma’muriy javobgarlikka tortish mumkin bo’lgan mayda Bezorilik va jinoiy javobgarlikka tortiladigan Bezorilikka oid tegishli jazo choralari qo’llaniladi. Jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi hatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, ya’ni, mayda Bezorilik uchun eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish bilan jazolanadi (O’zbekiston Respublikasi MJKning 183-moddasi). Jinoyat huquqida Bezorilik xususan jiddiy zarar yetkazish bilan bog’liq bo’lgan holda sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanish nazarda tutilgan. Bezorilik umum e’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalangan o’taketgan behayolik bilan qilinsa; yosh bola, qariya, nog’iron, ojiz ahvoldagi shaxslarni xo’rlab, ko’p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib, sodir etilgan bo’lsa, ashaddiy Bezorilik deb hisoblanadi va 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bezorilik takroran yoki xavfli residivist tomonidan; o’qotar qurolni namoyish qilib, uni qo’llash bilan qo’rqitib yoki qo’llab; ommaviy tadbirlar o’tkazilayotgan vaqtda jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakiliga yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarini oldini olish chorasini kurgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko’rsatib, sodir etilsa, o’ta ashaddiy Bezorilik hisoblanadi va 5 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (O’zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi).