BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTINING INSON HUQUQLARI UMUMIY DEKLARATSIYASI

BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTINING INSON HUQUQLARI UMUMIY DEKLARATSIYASI — BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan deklaratsiya. U muqaddima va 30 moddadan iborat bo’lib, uni qabul qilishdan maqsad har bir inson va davlat mazkur deklaratsiyani nazarda tutgan holda ma’rifat va ta’lim orqali shu huquq va erkinliklar hurmat qilinishiga ko’maklashishi lozim. Deklaratsiya har bir insonning tabiiy va ajralmas huquq va erkinliklari e’lon etilgan asosiy xalqaro hujjatdir. Shu tariqa xalqaro munosabatlar tarixida birinchi marta insonning hamma rioya etishi zarur bo’lgan asosiy huquqlari va erkinliklari doirasi belgilab berilgan. Deklaratsiyada «insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadrqimmatni, ularning teng va ajralmas huquqlarini tan olish — erkinlik, adolat va yalpi tinchlik negizi» ekanligi e’lon etilgan. Unga ko’ra, umum hurmat va rioya qilishi shart bo’lgan inson huquqlari doirasi shaxsiy, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy huquqlardan iboratdir. Shaxsiy huquklar orasida avvalo har bir kishining hayoti, erkinligi va shaxsiy daxlsizligi huquqi alohida ta’kidlangan. Deklaratsiyaning boshqa qoidalari esa mazkur huquklarni to’ldiradi. Xususan, hech kim qullikda, zabun holatda tutilmasligi, qiynoqqa yoxud ayovsiz, g’ayriinsoniy, odam sha’nini yerga uradigan muomala va jazoga duchor etilmasligi; o’zboshimchalik bilan qamoqqa olinmasligi, ushlab turilmasligi lozim ekanligi qayd etilgan. Shaxs huquqlari sirasiga shaxsiy va oilaviy hayotning, turar joyning daxlsizligi huquqi, yozishmalarni sir saqlash huquqi, o’z sha’ni va obro’sini himoya qilish huquqi, Odil sudlov tomonidan muhofaza etilish huquqi kabilar kiradi (3— 5, 8—12-moddalar). Deklaratsiyada insonning quyidagi siyosiy huquqlari hamda erkinliklari ham ta’kidlangan: fiqolash, vijdon, din erkinligi; e’tiqod erkinligi va uni erkin ifodalash huquqi; tinch yig’ilishlar o’tkazish hamda uyushmalarga a’zo bo’lish huquqi; o’z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqi; yashirin ovoz berish yo’li bilan umumiy va teng saylash huquqi; erkin ravishda ko’chib yurish hamda o’ziga turar joy tanlash huquqi; boshpana huquqi; milliy yoki diniy alomat bo’yicha hech bir cheklovsiz nikohdan o’tish va oila qurish huquqi; mulkka egalik qilish huquqi (13—21-moddalar). Mehnat qilish huquqi, adolatli va yetarli ravishda taqdirlanish hamda mehnat uchun teng mehnat haqi olish huquqi, kasaba uyushmalari tuzish huquqi; dam olish huquqi; ijtimoiy ta’minlanish huquqi; onalik va bolalikni alohida himoyalash huquqi; ta’lim olish va madaniy hayotda qatnashish huquqi (22—27-moddalar) insonning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari hisoblanadi. Deklaratsiyada inson manfaatlarining ustuvorligi quyidagi tamoyillarda o’z aksini topgan: inson huquqlarini hurmat qilish, inson huquqlarining tengligi, inson erkinliklari, inson huquqlarini amalga oshirishning demokratik jarayoni, inson huquqlarini ta’minlashning adolatligi. Deklaratsiyada e’lon etilgan mazkur inson huquqlariga oid tamoyillarga ko’ra barcha kishilar erkin tug’iladi va o’z qadr-qimmati hamda huquqlari jihatdan teng bo’lib, ular qonun oldida teng va qonun tomonidan bab-baravar himoyalanish huquqiga ega (1, 2, 7-moddalar). Mazkur Deklaratsiya qoidalari davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan inson huquqlarini buzish uchun ishlatilishi mumkin emas. Har bir shaxs uchun o’zgalarning huquq va erkinliklarini hurmat qilish jamiyat a’zolarining burchidir. Ushbu Deklaratsiya mustaqil O’zbekiston Respublikasi imzolagan birinchi xalqaro hujjatdir (1991 yil 30 sentabr). O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining «Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari» deb atalgan 2-bo’limi mazkur Deklaratsiya talablariga to’la mos bo’lib, unda O’zbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega bo’lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qati nazar, qonun oddida tengligi ta’kidlangan. Respublikada inson huquqlariga oid 100 dan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro me’yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan. «Inson huquqlari bo’yicha Oliy Majlis vakili (ombudsmen) to’g’risida» qonun qabul qilingan (1997 yil 24 aprel). Inson huquqlariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni ta’minlovchi milliy institutlar — inson huquqlari bo’yicha milliy markaz va amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institute ishlab turibdi. Toshkent sh.da hukumatga qarashli bo’lmagan «Xyuman Rayts Votch Xelsinki» xalqaro tashkilotining vakili, chet el ommaviy axborot vositalarining vakillari faoliyat ko’rsatmoqda hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqa o’rnatilgan. Akmal Saidov.