BORT

BORT (gollandcha boort) — olmosning donador turlaridan biri. Juda mayda kristallchalar yoki shaklsiz donalardan iborat bo’lgan, juda mayda grafit zarralari yopishgan kulrang, ba’zan deyarli qora tusdagi aniq shaklsiz material. Yuqori sifatli abraziv material (jilvirtosh) sifatida’ tog’ jinslarini emirishda va metallga ishlov berish sanoatida qo’llaniladi.

BORT, kema borti (nemischa bord) — 1) kema tanasi (korpusi) ning yon devorlarini hosil qiladigan qismlari va qoplamasi majmui. Kema quyrug’idan tumshug’iga tomon qaraladigan bo’lsa, chap tomondagi Bort chap (bakbort), o’ng tomondagi Bort o’ng (shtirbort) Bort deb ataladi. Kemaning yuk ko’taruvchanligi Bort balandligiga bog’liq bo’ladi. Bortning suvdan chiqib turadigan qismi balandligi kemaning suzuvchanlik zaxirasini belgilaydi; kemaning og’ish burchagi katta bo’lgan hollarda u kemaning turg’unligiga va tananing bo’ylama mustahkamligiga ham ta’sir qiladi. Kemaning o’rta qismida Bort, odatda, tik (vertikal) qilib, ba’zan, tashqari tomonga, muzyorar kema va boshqa ba’zi xil kemalarda ichkari tomonga qiya qilib yasaladi; 2) kosmik kema, samolyotning ichi; 3) avtomobil kuzovi; 4) bilyard stolining yon devori.