Boshqa sayyoralarda hayot bormi?

Biz to shu kungacha boshqa sayyoralarda u yoki bu shaklda hayot bor-yo’qligi to’g’risida aniq ma’lumotga ega emasmiz. Mutaxassislar kosmik tadqiqotlar o’tkazish orqali bu savolga javob izlashmoqda. Lekin shuni aniq bilamizki, hayot mavjud bo’lishi uchun ma’lum shart-sharoitlar talab etiladi.

Buning uchun, avvalo, zarur temperatura kerak. Barcha tirik organizmlar faqat ma’lim, qulay temperatura mavjud bo’lgandagina yashay oladi. Jazirama issiq yoki qattiq sovuqda hayot paydo bo’lmaydi. Tiriklikning yana bir zarur sharti suvdir. Barcha tirik mavjudotlar uchun suv kerak. O’simliklarga yorug’lik bilan bir qatorda mineral moddalar ham zarur. Ular o’zlari ozuqa topolmaydigan joylarda yashay olmaydi.

Yerdan boshqa hech bir sayyorada bunday zarur sharoitlarning barchasi mavjudmi? Boshqa sayyoralar to’g’risidagi bilimlarimizga tayanib, yo’q, deb javob berishimiz mumkin. Endi misollarga murojaat qilaylik.

Cho’lpon Yerga eng yaqin sayyoradir, uning o’lchamlari ham Yernikiga o’xshash. Uzoq vaqtlar bu ikki sayyora egizaklar deb atalgan. Shunga qaramasdan, Cho’lpon qalin oltingugurt kislotasi bulutlari bilan qoplangan. Uning atmosferasi bo’g’uvchi karbonat angidrid gazidan tarkib topgan. Atmosfera bosimi juda yuqori. Temperatura sayyora yuzasida Tselsiy shkalasi bo’yicha 460 darajagacha yetadi. Bu hayot paydo bo’lishi uchun juda issiqlik qiladi.

Mirriz atmosferasi, asosan, karbonat angidriddan iborat. Shunga qaramasdan, uning yuzasidagi temperatura Tselsiy shkalasi bo’yicha 29 darajadan yuqori ko’tarilmaydi. Ammo – 85 darajagacha tushib ketishi mumkin. Sayyoradagi ozgina miqdordagi suv ham doimo muz holida. Demak, zikr etilgan sayyoralarning birortasida ham hayot uchun maqbul shart-sharoit yo’q. Yerga yaqin sayyoralarda hech bir shaklda hayot yo’qligi shu tarzda isbot qilingan.