BO’ZGONTEPA
BO’ZGONTEPA, Buzg’ontepa — arxeologik yodgorlik (milodiy 1-16-asrlar). Toshkent shahrining Sharqiy chekkasida (Chingeldi degan joyda), Chirchiq daryosining o’ng sohilida joylashgan istehkomsiz arkli qishloq xarobasi. 1949 yil I. Baishev va M. Masson tomonidan qayd qilingan. 1978-79 yillarda Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi (I. A. Ahrorov, O’. Alimov) Bo’zgontepaning 1-3- asrlardan mavjudligini va Hovunchi madaniyatiga mansub dehqonchilik qishlog’ining xarobasi ekanini aniqladi. 3-asrda xom g’ishtlardan bino qilingan mudofaa devori arkning mustahkam fortifikatsiya inshooti bo’lib qolgan. U 6— 8-asrlarda qo’shimcha tashqi mudofaa devorlari bilan bir necha bor mustahkamlanib, Chirchiq sohilida Choch poytaxti va uning dehqonchilik vohasini shimoli Sharq tomondan keladigan ko’chmanchilardan to’sib turgan muhim istehkomga aylangan. 8-asr 1-choragida Arab fotixlari tomonidan vayron qilingan. 10-12-asrlarda qayta tiklanib, Movarounnahrdan o’tgan savdo yo’lining shimol qismidagi muhim qarorgohdan biriga aylangan. Bu davrda u Arab manbalarida Jabg’ukash deb atalgan va Choch poytaxti Binkatdan 2 farsax uzoklikda Chirchiq sohilida joylashgan. 13-asr boshida mo’g’ullar bosqini vaqtida vayron bo’lgan. Bo’zgontepa 14 asr oxiri — 15-asrdan qayta tiklanib, Sharq mamlakatlariga boradigan savdo yo’lidagi soqchilik qarorgohlaridan biri sifatida vodiyda muhim rol o’ynagan.