BRAHMANLAR
BRAHMANLAR — 1) Hindistondagi oliy kastalardan biri. Kelib chiqishi bo’yicha kohinlarning qadimgi tabaqasi (Varna)ga mansub. Qadimda Brahmanlar kohinlik vazifasini o’tab, qurbonlik marosimlariga rahbarlik qilgan, xalq orasida vedalarni targ’ib etish bilan shug’ullangan. O’rta asrlar davrida esa davlat ishlarida ham qatnashib, ko’proq qozilik lavozimini egallagan. Hozirgi ko’pchilik Brahmanlarning kun kechirish manbai diniy marosimlar bilan emas, balki davlat xizmati, dehqonchilik va boshqa yumushlar bilan bog’liq. Hindistondagi hukmron sinf va ziyolilarning aksariyati Brahmanlardir. Shuningdek, Brahmanlar orasida ishchilar, xizmatchilar, farroshlar, hunarmandlar ham mavjud; 2) asosan Veda diniga xos rasmrusumlar bayoni va sharhidan iborat qadimgi hind muqaddas kitoblari (miloddan avvalgi 8-6-asrlar) bo’lib, ular vedalarni mazmunan to’ldiradi. Qurbonlikning ahamiyatini ko’rsatish, yer xudolari — kohinlarni osmon xudolaridan yuqori qo’yish Brahmanlarning asosiy g’oyasidir. Brahmanlarda qadimgi hind hunarmandchiligi, grammatikasi, astronomiyasi, falsafasi va boshqalar xususida ham ma’lumotlar bor.