BUG’LANUVCHANLIK

BUG’LANUVCHANLIK muayyan atmosfera sharoitida mumkin bo’lgan eng yuqori bug’lanishni ifodalaydigan shartli kattalik. Bunda maxsus idishdagi suv yuzasidan, tabiiy chuchuk suvli katta suv havzasi yuzasidan yoki ortiqcha namlangan tuproqdan bug’lanish ko’zda tutiladi. Bu sirtlardan Bug’lanuvchanlik bir xilda bo’lmaydi, chunki idish bilan tabiiy suv havzalari va ortiqcha namlangan tuproqning bug’lanish sharoitlari bir-biridan farq qiladi. Bug’lanuvchanlik bug’langan suvning millimetrda belgilangan qatlami orqali ifodalanadi. Boshqa joylarga nisbatan O’rta Osiyo sharoitida Bug’lanuvchanlik yuqori. Masalan, shveytsariyalik fizik G. I. Vild bug’lantirgichi bo’yicha o’lchanganda bir yillik o’rtacha Bug’lanuvchanlik Moskvada 417 millimetr, Sankt Peterburgda 320 millimetr bo’lsa, Nukusda — 1798 millimetr.