O’ZGAN

O’ZGAN — Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyati O’zgan tumanidagi shahar, tuman markazi. Qoradaryo sohilida. O’sh shahridan 68 kilometr. O’zgan orqali O’sh — Qorag’ulja avtomobil yo’li o’tgan. Aholisi 41,5 ming kishi (1999). O’zganning qadimiy qatlamlari miloddan avvalgi 2-1 asrlarga oid. Qadimgi O’zganning arki va 3 shahristoni bo’lgan. 3-shahristonda 16- asrgacha aholi yashagan. O’zgan rabodlari 3-shahristonning shimoli sharqida joylashgan. A.N.Bernshtam boshchiligida o’tkazilgan arxeologik qazishlar (1945— 50) natijasida kushanlar davridan temuriylar davrigacha yaratilgan moddiy yodgorliklar (sopol buyumlar, tangalar, har xil metall asboblar va boshqalar) topilgan. qadimiy O’zgan katta siyosiy va ma’muriy mavqeni egallagan. Me’morlik rivojlangan. O’zganda quruq sut, mineral suvlar, pivo zdlari, non kombinati ishlab turibdi, gilamlar ishlab chiqariladi. Madaniyat saroyi, madaniyat va istirohat bog’I bor. Me’moriy yodgorliklardan minora (11-asr) va 3 gumbazli maqbara (11 — 12 asrlar) saqlangan.