BUTASH
BUTASH — daraxt va butalarning ortiqcha shox va novdalarini qisman yoki butunlay olib tashlash. Bog’dorchilik, o’rmonchilik va manzarali bog’dorchilikdagi eng muhim agrotexnika tadbirlaridan biri. Butash ko’chatlarga, bog’va o’rmonlardagi daraxtlarga shakl berish, shuningdek daraxtning kasallangan, keksaygan, singan va ortiqcha novdalarini olib tashlash, qarigan daraxtlarni yoshartirish maqsadida o’tkaziladi. Manzarali daraxtlar va butalar yaxshi, chiroyli ko’rinishi uchun butab va shoxshabbasi uchlari qaychilab turiladi. Butash meva daraxtlariga ta’sir ko’rsatishning eng faol agrotexnik usullaridan biri bo’lib, meva daraxtlari hosildorligini uch baravarga oshiradi, mevalarni 20% gacha yiriklashtiradi, mevasi rangdor va shirador bo’lib, ta’mi yaxshilanadi, daraxt uzoq muddat yashaydi. Meva daraxtlarini Butashda shoxlarni siyraklatish, qisqartirish va novdalarni chilpish usullari qo’llaniladi. Siyraklatishda birinchi navbatda qurigan, chalkash, kasallangan va zararlangan, nimjon, qalinlashtiruvchi shoxlar kesib tashlanadi. Siyraklatish natijasida yangi meva shoxlari hosil bo’ladi, daraxt issiqlik va yorug’likdan yaxshiroq foydalanadi, uning bo’yiga va eniga o’sishi yaxshilanadi. Novdashoxlarni qisqartirishda uzun novdalarning o’sish kuchiga qarab 1/2 yoki 1/3 qismi olib tashlanadi. Daraxtlar ko’chirib o’tqazilayotganda ham shoxnovdalar qisqartiriladi. Meva daraxtlarida o’suv davrida novdalarni chilpish o’sish kuchi va biologik xususiyatiga qarab may — iyun oylarida bajariladi (bunday Butash yashil Butash deyiladi), natijada novda bo’yiga o’sishdan to’xtaydi, novdada qo’ltiq kurtaklar shakllanadi va yangi novdalar paydo bo’ladi. O’zbekiston sharoitida daraxtlar, asosan, kuz — qishda va qish — bahorda, manzarali buta, daraxtlar yoz davomida butaladi. Daraxt Butashda shox (butoq) kesadigan qaychi, bog’pichog’i, tok qaychi, yoysimon arra va bog’dastarrasi kabi maxsus asboblardan foydalaniladi.