BUXGALTERIYA BALANSI

BUXGALTERIYA BALANSI — buxgalteriya hisobotini aniq hisobot sanasida yakunlovchi, mablag’larning sarflanishi, manbai va maqsadini ta’riflovchi, jamlovchi, umumlashtirilgan jadvalda pul hisobida aks ettiruvchi hujjat. Buxgalteriya balansi korxona, tashkilot, firma va boshqa xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning mulkiy holatini qiymat ko’rinishida ta’riflab beradi. Buxgalteriya balansi umumlashtirilgan jadval shaklida korxonaning mulklari tarkibini, ularning joylashtirilishini, manbalarini, mablag’larning sarflanishi va safarbar etilishini hisobot sanasida qiymat jihatidan aks ettiradi. Buxgalteriya balansi 2 qismdan iborat bo’lib, chap tomoni aktiv, o’ng tomoni passiv deb ataladi. Aktiv va passiv bir-biriga teng bo’ladi.