BUXORO DARVOZALARI

BUXORO DARVOZALARI —Buxoro sharidagi tarixiy darvozalar. Buxoro o’rta asr shahar qurilishi an’analari asosida bunyod etilgan bo’lib, 3 qism: Ark, Shahriston va raboddan iborat bo’lgan. Buxoro arkida 2 darvoza bor edi. G’arbiy darvoza — Registon, Alaffurushon yoki Somonfurushon, Sharqiy darvoza — Go’riyon deb yuritilgan. Shahristonda esa 7 darvoza bo’lib, ular shaharning 4 tomonida joylashgan. Shahriston shimolida haq roh (Xufra), Janubda Attoron (bob ulmadina) va Ohaniyon (temirchilar), sharqida nav (Nur), g’arbida esa Kuhandiz, muhra (Bani Asad) va Bani Sa’d darvozalari bo’lgan. Atgorondan Xurosonga, Haq Rohdan Samarqandga, Nur (nav) orqali esa Nasaf (qarshi) tomonga yo’llar ketgan. Qolgan 4 ta darvoza orqali podshoh qarorgohi — arkka borilgan. Rabod atrofida dastlab ichki devor, 849 850 yillarda tashqi devor bino qilinib, uning 11 darvozasi bor edi. Ichki devorning darvozalari shimolda Bobul Hadid, Samarqand va Mug’on, Janubda puli Suvayk, Abduhoshim Kanoniy, Ruxba, moh, g’arbida darvozacha, Forjak, sharqida puli Abdulhasan va Moh darvozalari joylashgan. Rabod tashqi devori bitganidan so’ng uning shimolda Navbahor, Samarqand va riv, sharqida Mardikushon, Kalobod hamda g’arbida Romitan, Forjak, Qo’shanj nomli darvozalari bo’lgan. Buxoro uzoq tarixi davomida bir necha bor urushlar natijasida vayron qilingan. Ayniqsa, Qoraxoniylar bilan Somoniylar o’rtasidagi kurashlar davrida, Chingizxon hujumi oqibatida shahar devor va darvozalari buzib tashlandi. 16-asrda shayboniylardan Abdullaxon II davrida Buxoro atrofi yangi devor bilan o’rab olindi va darvozalar qurildi. Tarixiy davrlar o’tishi bilan Buxoro darvozalarini nomlash ham o’zgarib bordi. 19-asr o’rtalariga kelib Buxoro darvozalari: Sallaxona, Qavola Mahmud, Qarshi, Bahovuddin, Fayzobod, Samarqand, Imom, O’g’lon, Talipoch, Shirgiron, Qorako’l nomlari bilan yuritilgan. 20-asr boshlarida Buxoro shahrining darvozalari quyidagicha nomlangan: shaharning shimolda Imom va Samarqand, Janubda Shayx Jalol, Namozgoh va Sallaxona; sharkida mozor va qarshi; g’arbida O’g’lon, Talipoch, Shirgiron va Qorakul. 1920 yil kuzida sho’ro mustabidlarining Buxoro bosqinida, o’nlab obidalar qatori Buxoro darvozalari ham katta shikast ko’rdi, ko’plari buzib tashlandi, yondirildi va yo’qotildi. Hozirgi kunda Qorako’l va Talipoch darvozalari o’tmish yodgorligi sifatida bir qadar saqlanib kolingan. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.