Buxoro haqidagi umumiy ma’lumotlar

Buxoro shahri – Buxoro viloyatining ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi hisoblanadi. Shahar O’zbekistonning janubi-g’arbida, Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan bo’lib, Toshkent shahridan 616 km masofada joylashgan. Iqlimi continental, yillik o’rtacha temperature 15,1 gradus, iyulniki 29,5 gradus, yanvarniki 0 gradus. Maydoni -0,02 ming kilometr kvadrat. Aholisi 218,0 ming kishi (2015).

Buxoroning qadimgi va antik davr, ilk o’rta asrlardagi siyosiy tarixi xususidagi ma’lumotlar ancha kam. Buxoro shahriga miloddan avvalgi VII asrda Alp Er To’nga (Afrosiyob) tomonidan asos solingan. Buxoro shahri bu davrda Turon davlatining dastlabki poytaxti bo’lgan. Shahar miloddan avvalgi VI asrdan milodiy IV asrlargacha qadimgi Sug’d (Sug’diyona) davlati tarkibida bo’lib, u keyinchalik Buxoro Sug’dining poytaxti hisoblangan. Miloddan avvalgi VI-V asrlarda Eron shohlari bo’lgan axomaniylar Buxoroni bosib olish uchun bir necha marta hujum qilganlar. Aleksandr Makedonskiy qo’shinlari miloddan avvalgi 329-327 yillarda Turon sarhadiga kirib, Samarqanddan tashqari Buxoro vohasini ham ishg’ol etgan. Sharqda 420-579 yillarda faoliyat ko’rsatgan Eftalitlar (Oq xunnlar) davlatining poytaxti dastlab Buxoro yaqinidagi Poykend va Varaxsha shaharlari bo’lgan. Buxoro VI-VIII asrlarda Buxorxudotlar podsholigi poytaxti edi. Buxorxudotlar aslida turkiy elarsloniylar sulolasi vakillari bo’lib, Buxorxudotlar podsholigi hamda Vardonxudotlar podsholigi bu paytda Sug’d ixshidlari konfederatsiyasi tarkibida Buyuk Turk xoqonligi davlati tarkibida bo’lgan. 709 yil Buxoroni Arab xalifaligi qo’shinlari bosib olgan, IX-X asrlarda esa Buxoro shahri Somoniylar amirligi poytaxti bo’lgan. Ma’lumki, somoniylar ham turkiy sulola vakillari edi. 999 yil Buxoroni boshqa bir turkiy sulola vakillari bo’lgan qoraxoniylar egalladi. Buxor G’arbiy Qoraxoniylar davlati poytaxti bo’lgan. Shahar ma’lum muddat Buyuk Saljuqiylar davlati tarkibida bo’lgan. 1220 yil shaharni Chingizxon boshchiligidagi mo’g’ullar bosib olgan. 1370 yildan Buxoro Amir Temur asos solgan muazzam saltanatning ikkinchi poytaxti bo’ldi. Shahar XIV asr boshlaridan o’ziga yana mintaqaning bosh kenti (poytaxti) bo’lish maqomini qaytardi. Shayboniylar sulolasi vakili Ubaydullaxon tomonidan 1533 yilda davlat poytaxti Samarqanddan Buxoroga ko’chirilishi tufayli u Buxoro xonligi deb atala boshlagan. Buxoro xonligini 1500-1601 yillarda shayboniylar, 1601-1756 yillarda ashtarxoniylar (joniylar) sulolasi vakillari boshqardi. Hokimiyat tepasiga kelgan navbatdagi turkiy sulola-mang’itlar tomonidan 1756 yilda Buxoro amirligiga asos solindi. Shahar 1756-1920 yillarda Buxoro amirligi poytaxti bo’ldi. Buxoro amirligi 1868 yilda Rossiya imperiyasining protektoratiga aylangach, shaharda siyosiy ahvol murakkablashdi. 1920 yil avgust-sentabrda Buxoro sovet Rossiyasining harbiy kuchlari bo’lgan qizil armiya tomonidan bosib olingan. 1920-1924 yillarda shahar Buxoro Xalq Sovet Respublikasi poytaxti bo’lgan. Buxoro – O’zbekiston SSRning birinchi poytaxti (1925 yil fevral-aprel). Buxoro 1925 yil 17 fevraldan O’zbekiston SSR tarkibida.

1925 yil 29 yanvardan O’zbekiston SSRda ilk bor ma’muriy-hududiy bo’linish o’tkazilib, dastlab tashkil topgan 7 ta viloyat qatorida Zarafshon viloyati (hozirgi Buxoro va Navoiy viloyatlari) ham tashkil qilinganda Buxoro shahri viloyat markazi bo’ldi. 1926 yil 29 sentabrda O’zbekiston SSRda ma’muriy-iqtisodiy rayonlashtirish amalga oshirilib, viloyatlar 10 ta okrugga aylantirildi. Buxoro shahri yangi tashkil topgan Buxoro okrugining markazi bo’ldi. 1930 yil 17 avgustda okruglarga bo’linish bekor qilindi. 1938 yil 15 yanvarda O’zbekiston SSR tarkibida tashkil topgan 5 ta oblast qatorida Buxoro oblasti (hozirgi Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari) tuzilib, odatdagidek Buxoro shahri oblast markazi bo’ldi.

Buxoro shahri 1991 yil 31 avgustdan mustaqil O’zbekiston Respublikasi tarkibida bo’lib, Buxoro viloyatining markazi hisoblanadi.