BUXORO TIBBIYOT INSTITUTI
BUXORO TIBBIYOT INSTITUTI, Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro tibbiyot instituti — Buxoro shahridagi oliy malakali mutaxassis vrachlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. 1990 yil tashkil etilgan. Davolash, stomatologiya va oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlash fakultetlari bor, 39 kafedra, lisey, aspirantura, doktorantura, klinik ordinatura, Markaziy ilmiy tadqiqot va klinik laboratoriya, institut muzeyi va 2 o’quv muzeyi, test markazi, kutubxona (65 mingdan ortiq asarga ega), o’quv zali, vivariy mavjud. Institutda 196 o’qituvchi (jumladan 18 fan Doktori va professor, 80 fan nomzodi va dotsent) xizmat qiladi; 1500 talaba ta’lim oladi (2001). Buxoro tibbiyot instituti o’zining davolash klinikasiga ega. Buxoro shahar kasalxonasi, viloyat stomatologiya poliklinikasi, umuman Buxorodagi barcha davolash profilaktika muassasalari intning klinik bazasi hisoblanadi. Buxoro viloyat kasalxonasi institut klinikasiga aylantirilgan. Institut qoshida stomatologiya O’quv Davolash ilmiy markazi tashkil qilingan (1997). Institut darslik, ilmiy tuplam va metodik qo’llanmalar nashr etadi.