Buxoro vohasi arxeologiyasi

Buxoro vohasi moddiy va madaniy yodgorliklarga boy. Buxoroning tarixiy yodgorliklarini arxeologik jihatdan o’rganish XX asr boshidan boshlandi. Dastlabki arxeologik tekshirishlar 1913-1915 yillarda rus tadqiqotchisi L.A.Zimin tomonidan o’tkazildi. U Buxoro vohasida olib borgan qidiruv va qisman qazish ishlarida o’rta asrlarga oid bir qancha arxeologik yodgorliklar yodgorliklar haqidagi dastlabki ma’lumotlarni to’plagan bo’lsa-da, bu yodgorliklarni tekshirishda ilmiy xulosa chiqara olmagan. Buxoroda keng ko’lamda arxeologik tekshirishlar o’tkazish dastlab sovet davrida amalga oshdi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi davrida Buxkomstaris (Buxoroning qadimgi yodgorliklarini saqlash komiteti) tashkil etilib, bu tashkilot Buxoroning qadimgi me’morchilik obidalarini saqlash va ularni o’rganish bilan shug’ullandi. XX asrning 30-yillaridan boshlab Buxoroda bir qancha yirik arxeologik ekpeditsiyalar ish olib bordi. 1934 va 1939 yillarda Buxkomstaris, Davlat Ermitaji va IIMQ (Moddiy madaniyat tarixi instituti)ning A.Yu.Yakubovskiy rahbarligidagi Zarafshon arxeologik ekspeditsiyasi Buxoro vohasining shimoli-sharqiy qismida, V.A.Shishkin boshliq arxeologik ekpeditsiya vohaning g’arbiy qismida qidiruv va qazish ishlari olib bordilar. Buxoroda o’tkazilgan arxeologik tekshirishlar asosan o’rta asr yodgorliklarini o’rganishga qaratilgan edi. Masalan, 1934-1935 yillarda A.Yu.Yakubovskiy Buxoro vohasi atrofini o’ragan qadimgi mudofaa inshooti-Kanpirak devori qoldiqlarini tekshirdi. 1939 yilda esa u qadimgi Poykend shahri xarobalarida qazish ishlari o’tkazdi. 1938-1939 yillarda V.A.Shishkin Buxoroning qadimgi podsholari buxorguxotlarning yozgi qarorgohi-Varaxshani ochishga kirishdi. Ikkinchi jahon urushi davrida arxeologik ishlar vaqtincha to’xtatildi.

1949-1954 yillarda O’zbekiston SSR FA Tarix va arxeologiya institutining V.A.Shishkin boshliq Varaxsha ekspeditsiyasi Varaxshadan VI-VII asrlarga oid arxeologik va tasviriy san’at yodgorliklarini ochdi. 1950 yildan Tarix va arxeologiya institutining akademigi Ya.G.G’ulomov rahbarligidagi Mohandaryo arxeologik ekspeditsiyasi Buxoro viloyatida keng ko’lamda qidiruv va qazish ishlarini boshlab yubordi. Bu ekspeditsiya 10-15 yil davomida Buxorodan paleolit, neolit, bronza va antik davrlarga oid juda ko’p yodgorliklarni topib tekshirdi: 1958-1967 yillarda Navoiy shahrining shimolidagi Qoratog’ etaklaridan mustye (miloddan avvalgi 13-5 ming yillik) davrlarida xos tosh qurollar, ustaxonalar va neolit (miloddan avvalgi 4-3 ming yillik) zamonida tosh qurollar vositasida qazilgan ibtidoiy konlarning qoldiqlari topib o’rganildi. 1950-1953 va 1960-1966 yillarda Qorako’lning shimoli-g’arbida Zarafshonning qadimgi quruq o’zanlari Mohandaryo va Gujayli bo’ylarida neolit davri makonlari 50 dan ortiq va Poykend atrofida 11 ta hamda Zamonbobo ko’li atrofida bronza davriga oid 43 ta go’r va qadimgi manzilgoh topib o’rganildi. Bulardan tashqari, Mohandaryo ekspeditsiyasi Zarafshonning qadimgi quruq o’zanlaridagi sug’orish kanallarini, uzunligi qariyb 400 km bo’lgan Kanpirak devori qoldiqlarini o’rganib, vohada 800 000 gektardan ortiq sug’orilgan va suv bosgan yer bo’lganligini aniqladi. 1953-1960 yillar Romitan tumanida Qizilqir I, Qizilqir II yodgorliklarida (miloddan avvalgi II- milodiy II asrlar) qazishlar o’tkazildi. 1952-1953 va 1956-1965 yillarda O.V.Obelchenko tomonidan Qiziltepa, Quyuqmozor va Hazora atrofida miloddan avvalgi VI-IV asrlardan milodiy III-V asrlargacha bo’lgan davrga oid juda ko’p mozor qo’rg’onlar tekshirildi.

Ilmiy arxeologik tekshirishlar natijasida Buxoro vohasidagi insoniyat tarixining hamma bosqichlari – paleolit (qadimgi tosh asri)dan boshlab so’nggi o’rta asrlargacha bo’lgan davrlarga oid ko’pdan-ko’p arxeologik yodgorliklar topib o’rganildi. Bu yodgorliklarni o’rganish Buxoro vohasini o’zlashtirish tarixini, uning eng qadimgi aholi yaratgan ibtidoiy madaniyatni, qadimgi va o’rta asrlarda qad ko’targan ajoyib arxitektura obidalarini, tasviriy san’atini to’g’ri yoritishga imkon berdi. Buxoro vohasida arxeogolik qazishlar olib borish natijasida yirik ilmiy asarlar yaratildi. A.V.Shishkinning “Varaxsha” kitobi, Ya.G’.G’ulomov, O’.Islomov, A.Asqarovlarning “Ibtidoiy madaniyat va Zarafshon etaklarida sug’orma dehqonchilikning vujudga kelishi” nomli asarlari rus tilida nashr etildi.

1965 yilda Buxoro shahri tarixini o’rganish maqsadida Tarix va arxeologiya instituti maxsus ekspeditsiya uyushtirdi. Bu ekspeditsiya Buxoro shahridagi eng qadimgi arxeologik yodgorlik-Arki Oliyda qazish ishlari olib bordi. Buxoro shahrining yoshini aniqlash uchun Qo’rg’oni Romitan, Vardonze va Poykendda ham arxeologik ilmiy tekshirish ishlari o’tkazildi.

Buxoroni arxeologik jihatdan faol o’rganish ishlari XX asrning 70-80-yillarida boshlandi. Arxeologlar XX asr oxiri-XXI asr boshlarida Buxoro shahri va tarixiy Buxoro viloyati arxeologiyasini o’rganishni davom ettirishdi. O’zbekiston FA Arxeologiya institutining maxsus arxeologik otyadi (Ya.G’ulomov, A.Asqarov, A.R.Muhammadjonov, I.Ahrorov, J.Mirzaahmedov, M.Xo’janazarov, Sh.Odilov va boshqalar) va O’zbekiston Madaniyat vazirligining Me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash va asrash instituti otryadi (Ye.G.Nekrasova boshchiligida) tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida hozirgi Buxoro viloyati hududida miloddan avvalgi IV-III ming yilliklardayoq ovchilik va baliqchilik bilan shug’ullangan, toshdan turli qurol va buyumlar yasash mahoratlari yuksak darajaga yetgan neolit davriga mansub qabilalar yashagani aniqlandi. Miloddan avvalgi II ming yillikning birinchi yarmida Zarafshon daryosi o’zaniga yaqin yerlarga, ayniqsa uning qadimgi tarmoqlari (Vobkentdaryo, Mohandaryo, Gujayli va Buxoro) havzalariga chorvador-dehqon qabilalar kelib joylashib, ular botqoq yerlarda dehqonchilik qilish bilan birga yaylovlarda chorvachilik bilan ham mashg’ul bo’lganlar. Arxeologlar (Ya.G’ulomov, A.Asqarov va boshqalar) Qorako’l tumanidagi Zamonbobo degan joydan mazkur qabilalar manzilgohlaridan birining qoldiqlarini topib o’rgandilar. Shu bois bu madaniyat fanda Zamonbobo madaniyati deb ataldi. Miloddan avvalgi I ming yillikda Buxoro vohasida asta-sekin sun’iy sug’orish tarmoqlari va mustahkamlanga qishloqlar vujudga kela boshlaydi. Zarafshon daryosining qadimgi tarmog’i-Shohruh bo’ylaridagi dastlabki qishloqlarning, jumladan hozirgi Buxoro o’rnida bo’lgan qishloqning barpo bo’lishi aynan shu davrga to’g’ri keladi. XX asrning 70-yillarida Buxoroning eski shahar qismida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Buxoroni arxeologik jihatdan o’rganish tarixida birinchi marta materik qatlamga qadar yetib borishga hamda madaniy qatlamning qalinligi, ya’ni madaniy qatlamlanish chuqurligi 20 m dan ortiq ekanligini aniqlashga muvaffaq bo’lindi. Shahar markazidagi Mir Arab madrasasi yaqinidagi arxeologik qazishma chog’ida material qatlam ustida to’q jigarrang torf qatlami (40-70 sm) borligi, uning ichida esa yovvoyi va xonaki hayvonlar suyaklari qoldiqlari hamda sopol idish va buyumlar parchalari ko’p ekanligi ma’lum bo’ldi. Torf qatlami madrasa tomon tobora qalinlashib borib, bino ostiga kelganda qalinligi 7,5 m ga yetgan. Bu esa qadimda Buxoro hududidan Zarafshon daryosi tarmoqlaridan biri – ilk o’rta asr manbalarida qayd etilgan Rudi zar (Oltin irmoq)ning o’tganligini isbotlaydi. Arxeologik tadqiqotlar keyinchalik qurib qolgan mazkur tarmoqning har ikki qirg’og’i bo’ylab bir qancha mustahkamlangan qishloqlarning vujudga kelgani va ular Buxoroning eng qadimgi shahar o’zagini tashkil qilganini tasdiqladi. Shahar o’zagi 3 qism – Oltin irmoqning o’ng qirg’og’ida joylashgan Ark, ya’ni qal’a hamda uning o’ng va so’l qirg’oqlaridagi qishloqlardan iborat bo’lgan. Bu yerdan topilgan ko’plab ashyoviy dalillar, xususan, sopol idish va buyumlar Buxoro tarixining turli davrlari (miloddan avvalgi I ming yillikning boshlaridan to XX asr boshlariga qadar)ga oid bo’lib, ulardan ikkitasi miloddan avvalgi VII asrga taalluqli ekanligi aniqlandi. Bundan tashqari, Buxoro arkida olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida yana ko’plab yangi va nodir ashyoviy dalillar topildiki, ular shaharning qadimgi tarixini o’rganishda muhim ahamiyatga egadir. Bu yerda 13-15,5 m, shuningdek 16,5-18,5 m chuqurlikdan 2 ta paxsa devor qoldig’i topildi. Ular Buxoroning qadimgi mudofaa devori xarobalari bo’lib, biri (milodiy IV-V asrlar)ning balandligi 2,5-3 m, ikkinchisi (miloddan avvalgi VII-VI asrlar)niki 2-2,5 m.

Shuningdek, shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi bo’ylab, chunonchi, yirik arxeologik yodgorliklar-Poykend, Qo’rg’oni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Bo’ston, Qo’zimontepa, Oqsochtepa va Buxoro shahar xarobalari keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Konimex tumanida miloddan avvalgi VI-V asrlarga doir yodgorliklar (Chordara shahar xarobasi, Qumrabod-I, Qumrabod-II, Arabon-I, Arabon-II nomli mustahkamlangan qishloqlar, miloddan avvalgi VI asrga oid Shodibek va Qalqonota qo’rg’onlari) topib o’rganildi (1975-1977). Ulardan yuqori darajada rivojlangan hunarmandchilik va me’morlikka doir ko’plab ashyoviy dalillar topildi. O’sha davrga taalluqli qishloqlar qoldiqlari Jondor tumanidagi Xojaxotin, Laylakxo’r, Boshtepa, Oqtepa va boshqa joylardan ham topildi.

Arxeologik tadqiqotlar jarayonida Buxoro xususidagi yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlar bilan arxeologik topilmalar qiyoslanib, quyidagicha xulosaga kelindi. Zarafshon daryosining quyi oqimidagi dastlabki manzilgohlar jez davri (miloddan avvalgi II ming yillikning birinchi yarmi)dayoq vujudga kalbi, ular sinchli yarim yerto’lalardan iborat bo’lgan (qurib qolgan Mohandaryo tarmog’i mintaqasida olib borilgan tadqiqotlar buni tasdiqlaydi); miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda Zarafshon daryosining yirik tarmoqlari deltalari joylashgan yerlarda mustahkamlanmagan manzilgohlar paydo bo’lgan. Miloddan avvalgi VII asrda esa Buxoro Arki (Arki Oliy) qurilajak hudud baland mudofaa devori va keng xandaq bilan o’rab olinib, uning etagida uchta mustahkamlangan manzilgoh joylashgan (bu xil manzilgohlar miloddan avvalgi I ming yillik boshlaridan O’rta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan viloyatlariga xosdir). Mazkur manzilgohlardan biri Firobdiz, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Buxoro deb atalgan. Keyinchalik bu uch manzilgoh o’zaro birlashib va to’xtovsiz taraqqiy etib, kattagina shaharga – Buxoro vohasining savdo-hunarmandchilik va ma’muriy markaziga aylangan.

Arxeologik qazishlar natijasida Buxoro shahri yozma manbalarda Rudizar yoki Zarirud nomi bilan tilga olingan Zarafshon quyi irmog’ining ikki sohilida bir-biriga qarama-qarshi joylashgan alohida-alohida qishloqlar asosida barpo etilganligi aniqlangan.

Buxoro shahrining yoshini aniqlash ilmiy doiralar va jamoatchilikni qiziqtirib kelgan muhim ilmiy muammolardan biri hisoblanadi.

Buxoroning qadimgi davri tarixini o’rganishda V.A.Shishkin, Ya.G’.G’ulomov, A.A.Asqarov, A.R.Muhammadjonov, L.I.Rempel, M.G.Masson, M.Turabekov, B.O’roqov, O.V.Obilchenko, G.Dadaboyev, I.Ahrorov, J.Mirzaahmedov, M.Xo’janazarov, Sh.Odilov va boshqa olimlarning xizmatini alohida e’tirof etish zarur.

XX asrning 60-70 yillarida Buxoroning ko’hna shahar qismining yetti joyda keng ko’lamli arxeologik qazishlar amalga oshirilgi. Qazilgan maydonlarning deyarli hammasida Buxoroning qadimgi daryosi ichida botqoqlik ustida hosil bo’lgan ilk ro’yi zaminigacha kovlab ochishga muyassar bo’lindi. Buxoro shahri hali qad ko’tarmasdan avval hosil bo’lgan bu go’sha qatlamlari rangi va tarkibi jihatidan bir-biridan keskin farq qiladi. Ular uzoq o’tmishda aholi tomonidan hali o’zlashtirilmagan, bo’lajak shaharning o’rni atroflarining tabiiy manzarasini namoyish qilar edi.

Buxoroning bu qadimiy tuprog’i ustida asrlar davomida nihoyatda qalin madaniy qatlam vujudga kelgan. Uning qalinligi 20 m dan oshiqroq bo’lib, ostki qatlamlaridan qazib olingan arxeologik topilmalarning eng ko’hnasi milodgacha bo’lgan I ming yillikning o’rtalariga taalluqli deb hisoblanadi. Moddiy madaniyat qoldiqlari orasida 15,5 m va 18,5 m chuqurlikda saqlangan qadimgi shahar devorlari qoldiqlarining topilishi Buxoro tarixini o’rganishda, aynisa, uning yoshini belgilashda qimmatli ashyoviy dalil sifatida xizmat qildi. Chunki bu qalin madaniy qatlam ostida qayd etilgan ushbu nodir arxeologik topilmalar Buxoro qadimdan mudofaa devorlari bilan o’ralgan shahar, hunarmandchilik maskani ekanini isbotlovchi asosiy dalillardan edi.

1969 yilda arxeologik Ya.G’ulomov rahbarligida maxsus guruh Buxoro shahri ichida arxeologik ishlarni boshladi. Qazishma ishlari Ark ichida boshlandi. Arkning shimoliy mudofaa devorlarini qazish jarayonida unign o’rta asrlardan tortib XX asr boshlarigacha bo’lgan davrga taalluqli sakkiz qatlamdan iborat ekanligi aniqlandi.

Devor g’ishtlari hajmlari VI-VIII asrlar boshiga taalluqli ekanligini ko’rsatdi. Shahriston himoya devorining Shimoliy va Janubiy old qismini arxeologik qazish ishlari shuni ko’rsatadiki, mazkur hudud qadimgi buxorolik ziroatchilar tomonidan miloddan avvalgi VI-V asrlarda o’zlashtirilgan. Hozir mavjud shahar va Ark esa taxminan VI asrning ikkinchi yarmida, ya’ni Sheri Kishvar hukmronligi davrida qo’rg’on devorlari bilan o’rab olingan.

Arkning shimoliy devorida boshlangan qazishma ishlari Ark poydevori shahar hududining madaniy qatlamida yotganligini ko’rsatgan. Asosiy poydevorga (yoki materikka) yetish uchun 16-20 m chuqurlikka tushish zarur bo’lgan. Bu esa ilmiy asoslanmagan va texnik jihatdan amalga oshirilish imkoniyatiga ega bo’lmaganligi uchun to’xtatilgan.

1971 yilda arxeolog I.Ahrorov tomonidan Buxoro zindoni yonida arxeologik qazishma ishlari boshlanib, yer osti suvlari chiqqunga qadar 12-13 m chuqurlikdan sopol buyumlar topilib, milodning IV asriga oid madaniy qatlamgacha borib etilgan.

Arxeolog I.Ahrorov boshchiligidagi guruh qazishmalar olib borayotgan vaqtida neolit davri (6-4 ming yil avval) dan qadimroq bosqichga doir bir qancha chaqmoq toshdan yasalgan ibtidoiy odamlarning qurollari topilgan. Ayniqsa, bu qimmatbaho topildiqlar Buxoro shahrining ichidan o’tayotgan qadimiy Shohrud kanalining atrofidan terilgan. Bu noyob toshqurollar Buxoro shahri hali paydo bo’lmasdan oldin paleolit davrida (ya’ni 50-10 ming yillar avval) uning hududi inson yashaganligining isbotidir.

1974 yilning bahorida nufuzli arxeologlar A.Asqarov, A.Muhammadjonov va akademik Ya.G’ulomovlar tomonidan Abdulazizxon madrasasi yon tomonidan 40×40 m li kotlovan qazilib, uning chuqurligi 19 m ga yetdi. Topilgan ashyolar Afrosiyob, Marv, qadimiy Xorazmning bir qator shaharlaridan topilgan materiallarga o’xshashligi aniqlangan.

1974 yilda Buxorodan topilgan arxeologik ashyolar ustida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasi shahar Samarqand tengdoshi ekanligi isbotladi. Bu xulosa YuNESKO tomonidan Buxoroning 2500 yilligini nishonlash to’g’risidagi qarorning qabul qilinishi uchun asos bo’ldi. Shahar yubiley oldidan 50 dan ortiq tarixiy-me’moriy obidalar ta’mirlandi, yangi istirohat bog’lari, xiyobonlar barpo qilindi.

O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, 1997 yil 18-19 oktabrda mamlakatimizda birinchi bo’lib Buxoro shahrining 2500 yillik yubileyi xalqaro miqyosda katta tantana qilindi.

Buxoro O’rta Osiyoning qadimiy shaharlari, masalan, Samarqand, Marv, Axsikat va Toshkent kabi shaharlaridan farqli o’laroq, XX asr o’rtalarigacha o’zining dastlabki hududini o’zgartirmagan. O’rta Osiyoning boshqa qadimiy shaharlaridan ayrimlari ilk o’rta asrlarda, boshqalari esa keyingi davrlarda kimsasiz xarobalarga aylanganligi tufayli arxeologik izlanishlar olib borish uchun qulay imkoniyat yaratgan bo’lsa, Buxoro asrlar osha o’zining muqim joyida qolib, O’rta Sharq va O’rta Osiyoning yirik savdo-hunarmandchilik, ma’naviy va ma’muriy markazi sifatida gullab-yashnadi, rivojlandi.

Xususan, arxeologlar Jamoliddin Mirzaahmedov va Muhiddin Xo’janazarovning XXI asr boshlarida Buxoro vohasida olib borgan arxeologik tadqiqotlari bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning fikricha, Buxoro vohasida neolit davriga oid mintaqadagi eng qadimgi o’troq dehqonchilik madaniyati manzilgohlari bo’lgan.

Miloddan avvalgi 7 ming yillik oxiri – Buxoro viloyati shimolidagi Oyoqog’itma ko’li Oyoqog’itma qishlog’i yaqinida (Shofirkon va G’ijduvon tumanlari hududida)gi neolit davriga oid eng qadimgi o’troq dehqonchilik madaniyati manzilgohi bo’lgan. U Kaltaminor madaniyatiga mansub Oyoqog’itma manzilgohi sifatida mashhur. Bu yerdan tur va boshqa hayvonlarning suyaklari, dehqonchilik qurollari topilgan. Aholi asosan dehqonchilik, chorvachilik va ovchilik bilan shug’ullangan.

Miloddan avvalgi 7 ming yillik oxiri – Buxoro vohasi shimoli-g’arbidagi Qoratog’ (Navoiy viloyati Navbahor tumani hududida)ning janubiy yon bag’ridagi Sarmishsoy darasi qoyatoshlariga o’yib ishlangan rasmlar (Sarmishsoy rasmlari) yaratildi. Bu yerda 4000 ga yaqin turli rasmlar bronza, temir va tosh bilan urib va cho’kichlab, sxematik, kontur, soya va naqshlar uslubida ishlangan. Suratlar mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub.