BUXORO XALQ SOVET RESPUBLIKASI

BUXORO XALQ SOVET RESPUBLIKASI (BXSR) (1920-24) Buxoro amirligida amirlik tuzumi ag’darib tashlangach, yuzaga kelgan xalq Respublikasi. Maydoni 182,193 ming kilometr kvadrat, aholisi 2,2 million kishidan ortiq, asosan o’zbeklar, tojiklar va turkmanlar, qisman qozoq, qoraqalpoq, tatar va Buxoro yahudiylari yashagan. BXSR Xorazm Respublikasi, Turkiston ASSR va Afg’oniston davlatlari bilan chegaradosh bo’lib, poytaxti Buxoro shahri bo’lgan. Sharqdagi yirik davlatlardan biri hisoblangan Buxoro amirligi 1868 yilga kelib podsho Rossiyasining yarim mustamlakasiga aylangandan so’ng xalqning tirikchiligi ilgaridan ham og’irlashgan edi. Amirlikdagi xalq qo’zg’olonlari podsho Rossiyasi qo’shinlari yordamida bostirilardi. Rus ma’murlari amirlikda katta imtiyozlarga ega bo’lgan. Rossiyadagi demokratik jarayonlar, 1908 yil Turkiyada bo’lgan yosh shurklar inqilobi, xususan Petrograddagi 1917 yil Fevral inqilobidan keyin amirlik hududida jadidchilik va undan o’sib chiqqan yosh buxorolikla harakati kuchaydi. 1917 yil 7 aprelda Amir Olimxon mamlakatda islohotlar o’tkazish to’g’risida farmon chiqardi. Lekin amirning bu farmoni amalda joriy qilinmadi. Jadidlar Buxoro shahrida namoyish uyushtirgandan so’ng, mamlakatda ularni eppasiga ta’qib qilish boshlandi. OKG. to’ntarishidan keyin Rossiya bilan Buxoro o’rtasida munosabatlar yomonlashdi. Turkiston XKS Buxoro davlatiga g’animlik qilib, Amir hukumatini kuch bilan ag’darishga urindi. Bolsheviklar shu maqsadda yosh buxorolik jadidlarni qo’llab quvvatlashdi. 1918 yil mart oyida Turkiston o’lkasi XKS raisi F. Kolesov qo’mondonligidagi qizil askarlar mamlakat poytaxti Buxoro shahriga hujum uyushtirdilar. Ularning hujumi muvaffaqiyatsiz tugagan bo’lsa ham, Buxorodagi siyosiy tuzumni o’zgartirish uchun urinish to’xtamadi. Afsuski, Amir Olimxon mamlakat taqdiri hal qilinayotgan ushbu fursatda muholifatdagi yosh buxoroliklar firqasi (partiyasi) arboblari bilan til topisha olmadi. U mamlakatda konstitutsion monarxiya va demokratik tartibotlarni o’rnatmoqchi bo’lgan jadidlar — yosh buxoroliklarni yo’qotish yo’lini tutdi. Fayzulla Xo’jayevning ta’kidlashicha, Kolesov voqeasidan keyin Amir mamlakatda 3000 kishini qatl qilgan. S. Ayniyning yozishicha, faqat poytaxt — eski Buxoro emas, balki G’ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Qorako’l, Chorjo’y, Xatirchi, Karmana, Qarshi, Shahrisabz bekliklarida ham minglab kishilar jadidlikda ayblanib nohaq o’ldirildi. Buxorolik jadidlarning tirik qolgan vakillari Samarqand, Toshkent va Moskvaga jo’nab ketishga majbur bo’lishdi, yosh buxoroliklarning bir qismi 1918 yil yozida Toshkentda Buxoro Kompartiyasini tuzishdi, F. Xo’jayev Moskvadagi muhojirlik davrida — 1918 yil oktabrda Turkiston Respublikasining RSFSR hukumati huzuridagi Muxtor vakolatxonasi qoshida yosh buxoroliklar partiyasining bo’limini tashkil qiddi. 1920 yil yanvarda Toshkentda F. Xo’jayev boshchiligida inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi tashkil qilindi. Bolsheviklar yosh buxoroliklardan amirlik hokimiyatini ag’darishda foydalandilar. Ular ham taktik maqsadlarni ko’zlagan holda bolsheviklarga yaqinlashishdi. 1920 yil 25 avgustda qo’mondon M. V. Frunze Turkfront qo’shinlariga «qo’zg’olon ko’targan Buxoro mehnatkashlariga yordam ko’rsatish to’g’risida» buyruq berdi. 1920 yil 2 sentabrda Turkfront qo’shinlari amirlik hokimiyatini ag’darib tashladi. 1920 yil 14 sentabrda bo’lgan xalq nozirlar Sho’rosi, Revkom va BKP MKning umumiy yig’ilishida 9 kishidan iborat butun Buxoro inqilobiy qo’mitasi (raisi Abdulqodir Muxitdinov) va respublika hukumati — 11 kishidan iborat Xalq Nozirlar Sho’rosi (raisi Fayzulla Xo’jayev) tuzildi. Buxoro inqilobiy qo’mitasining a’zolari qilib Muinjon Aminov, Olimjon Akchurin, Abdulhamid Oripov, Sobir Yusupov, Hoji Hasan Ibrohimov, Fayzulla Xo’jayev, Qulmuhamedov tayinlandi. Mamlakatni boshqarish maqsadida tuzilgan Buxoro Xalq Nozirlar Sho’rosi tarkibi quyidagicha edi: rais va xorijiy tashqi ishlar (nozir — F. Xo’jayev), maorif (Qori Yo’ldosh Po’latov), ichki (doxiliya) ishlar (M. Saidjonov), moliya (U. Po’latxo’jayev), davlat nazorati (N. Husainov), favqulodda komissiya (raisi — Ibrohimov), Adliya (M. Burhonov), harbiy (Shihobuddinov), savdo va sanoat (M. Mansurov) nozirliklari. Bu paytga kelib inqilobchi yosh buxoroliklar firqasi a’zolari Buxoro Kompartiyasi safiga kirishga majbur bo’lgan edilar. Ushbu o’rinda ta’kidlash joizki, asosan jadidlardan tashkil topgan Buxoro hukumati o’sha paytda ma’lumotli kishilar yig’ilgan hukumatlardan biri hisoblangan. Nozirlar Buxoro, Istanbul, Moskva va boshqa shaharlarda ta’lim olishgan edi. Buxoro jadidlari o’zlarining islohotchilik g’oyalarini yangi hukumatdagi faoliyatlari davomida amalga oshirishga harakat qildilar. 1920 yil 6-8 oktabrda amirning yozgi saroyi — Sitorai Mohi Xosada chaqirilgan butun Buxoro xalq vakillarining l qurultoyida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi — BXSR tuzilganligi tantanali ravishda e’lon qilindi. Bu davlat tuzumi jihatidan xalq demokratik hokimiyati edi. Uning zimmasiga qisqa muddat ichida o’rta asrchilik an’analari meros qolgan Amir Buxorosini demokratik davlatga aylantirishdek tarixiy vazifani bajarish tushdi. Qurultoy davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi oliy organi bo’lgan Buxoro inqilobiy qo’mitasi (Markaziy Revkom), Buxoro Xalq Nozirlar Sho’rosi — dastlabki hukumat tarkibini uzil kesil tasdiqladi. Ularning vakolat muddati 2 qurultoygacha uzaytirildi. Ushbu qurultoyda I. E. Lyubimov RSFSR hukumati Buxoro Respublikasining mustaqilligini tan olganligini aytishga shoshildi. 1920 yil oktabr—noyabr oylarida BXSR bilan RSFSR o’rtasida muvaqqat harbiy siyosiy ahdlashuv va shartnoma tuzildi. 1921 yil 4 martda har ikki davlat o’rtasida «Ittifoq shartnomasi» imzolandi. Ushbu shartnomalar mustaqil siyosat yuritishga harakat qilayotgan yosh Buxoro davlati arboblari faoliyatini muayyan darajada cheklashga olib keldi. «Ittifoq shartnomasi» mustaqil Buxoro davlati hududida sovet qo’shinlari turishini «qonuniy» asoslab berdiki, mazkur hol BXSR ichki ishlariga Rossiyaning to’g’ridan to’g’ri harbiy jihatdan qurolli aralashuvidan boshqa narsa emas edi. Buxoro hukumati oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri yer-suv masalasini hal qilish edi. 1920 yil 30 sentabrda Buxoro Markaziy Revkomi «Yer to’g’risida»gi dekretni qabul qildi. Dekretga muvofiq, sobiq Amir, uning qarindoshlari va amaldorlari qo’lidagi butun yer-mulk kambag’al va yersiz dehqonlarga berilishi kerak edi. Shuningdek, dekretga ko’ra, «xiroj», «amlok» va boshqa soliqlar bekor qilindi. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, fakat eski Buxoro tumanlari va Chorjo’y bekligida sobiq Amir va beklarga qarashli 10000 tanob yer musodara qilinib, kambag’al dehqonlarga taqsimlab berildi. Yangi tuzum va uning ijobiy chora-tadbirlarini aholi ma’qullab kutib oldi. Joylarda inqilobiy qo’mitalar tuzildi. Birok yangi hokimiyat tomonidan mulkdorlar tabaqasiga nisbatan ko’rilgan qattiq choralar, ularga tegishli butun molmulkning musodara qilinishi, saroy a’yonlari va Amir amaldorlarining yoppasiga hibsga olinishi va otib tashlanishi, Amir xazinasining Moskvaga olib ketilishi, majburiy oziq-ovqat «razvyorstkasi» va uning qattiqqo’llik bilan amalga oshirilishi, Islom dini va ulamolarga nisbatan dushmanlik siyosati, respublika hududida turgan qizil armiya ta’minotining aholi zimmasiga yuklatilishi, buning ustiga, qizil askarlarning bosqinchilik va talonchilik «faoliyati» haqqoniy ravishda xalqning kuchli noroziligiga sabab bo’ldi. Respublikadagi ijtimoiy siyosiy munosabatlar ham keskinlashdi. Yosh davlat yetakchisi F. Xo’jayev murakkab va og’ir sharoitda ishlashga majbur bo’ldi. Buxoro hukumati ichida siyosiy bo’linish kuchaydi. Bir tarafdan, Buxoro Kompartiyasi ichidagi «so’l» va «o’ng» kommunistlarga qarshi g’oyaviy jihatdan kurash olib borishga to’g’ri kelsa, ikkinchi tarafdan, RSFSR va uning favqulodda organlari bo’lgan Turkkomissiya, Turkbyuro yosh «mustaqil davlat»ning bosgan har bir qadamini sergaklik bilan nazorat qilib turar edi. Shunday bo’lishiga qaramasdan F. Xo’jayev, U. Po’latxo’jayev, O. Xo’jayev, Fitrat, M. Aminov, M. Saidjonov, S. Xo’jayev, M. Mansurov, A. Muxitdinov va boshqa hukumatda demokratik yo’l tutib, mo»tadil mavqeda turdilar. Ular BXSRning amalda mustaqil bo’lishi, e’tiqod erkinligi, islohotlar o’tkazish zarurligini yoqlab chiqdilar. 1921 yil 18-23 sentabrda bo’lgan Butun Buxoro xalq vakillarining 2 qurultoyida demokratik ruhdagi BXSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. Buxoro tarixidagi dastlabki Konstitutsiya fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklarini qonun yo’li bilan mustahkamladi. Konstitutsiyada davlatni idora etish uchun xalqning barcha tabaqa vakillarining ishtiroki ta’minlandi. Xususiy mulk va savdo+sotiq erkinliklari Konstitutsiyada o’z ifodasini topdi. Buxoroda o’rnatilgan tuzum xalq demokratik Respublikasi edi. BXSRning Konstitutsiyasi barcha fuqarolarga teng siyosiy huquq berdi, milliy tengsizlikni yo’qotdi. Konstitusiyaga ko’ra, BXSRning oliy organi — butun Buxoro xalq vakillari qurultoyi bo’lib, u har 2000 saylovchiga bir vakil saylanadigan 350 a’zodan iborat edi. Qurultoy yiliga bir marta chaqirilar va unda respublika Konstitutsiyasini qabul qilish, o’zgarishlar kiritish, hukumatning hisoboti va davlat byudjetni tasdiqlash kabi muhim masalalar ko’rilar edi. Konstitutsiyaga ko’ra, qurultoylar o’rtasida qonun chiqaruvchi va nazorat qiluvchi oliy organ — butun Buxoro MIK hisoblanadi. Qurultoyda Butun Buxoro MIK raisi qilib Usmonxo’ja Po’latxo’jayev saylandi (1922 yil avgustda bo’lgan 3 qurultoyda bu lavozimni Porso Xo’jayev egalladi). Konstitutsiyaga muvofiq Xalq Nozirlar Sho’rosi davlat hokimiyatini ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organi sifatidagi o’z vazifasini saqlab qoldi. Qurultoyda milliy masalaga kata e’tibor berildi. Buxoro MIK huzurida Omongeldi Omonov boshchiligida Turkman bo’limi tuzildi. Keyinchalik shu asosda Turkman avtonom viloyati tashkil qilinib, unga milliy muxtoriyat huquqi berildi. Turkman va tojik xalqi uchun madaniy ma’rifiy va boshqa muassasalar ochildi. Buxorodagi demokratik jarayonlarga mamlakat tashqarisidan tazyiq tobora kuchayib bordi. 1923 yil 3 iyunda Buxoroga SSSR Qurolli kuchlarining Bosh qo’mondoni S. S. Kamenev, Turkfront Inqilobiy Harbiy Kengash raisi A. I. Kork, RKP (b) MK O’rta Osiyo byurosi a’zosi Mixaylov va boshqalar kelishdi. Ular Buxoro hukumati faoliyatidan qoniqmayotganliklarini ochiq aytib, sotsialistik o’zgarishlarni jadallashtirish kerakligini ta’kidlashdi. Oradan ko’p o’tmay — 12 iyunda RKP(b) MK siyosiy byurosi maxsus qaror qabul qilib, Buxoro hukumatini sovetlashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi. Sovet hukumati o’z buyruqlarini tez va qarshiliksiz amalga oshirish uchun RKP(b) MK kotibi Ya. E. Rudzutakni Buxoroga jo’natdi. 23 iyunda BKP MK yopiq plenumida Rudzutak ishtirok qilib, Buxoro hukumati rahbarlari va mahalliy kommunistlar oldiga qat’iy talablarni qo’ydi. F. Xo’jayevning eng yaqin safdoshlari bo’lgan sobiq yosh buxorolik jadidlar Otaulla Xo’jayev (tashqi ishlar noziri), Fitrat (maorif noziri), Sattor Xo’jayev (moliya noziri), Muinjon Aminov (ekoso raisi) lavozimlaridan chetlashtirilib, Buxoro davlati hududidan chiqarib yuborildi. Qori Yo’ldosh Po’latov, Rahimjon Yusufzoda, Muzaxar Maxsum Burhonov, Hoji Hamro Yo’ldoshev ham mas’ul lavozimlardan olib tashlandi. Buxoro hukumati Moskva va Toshkentning «kommunistcha sabog’i»ni olgan «tajribali sovet xodimlari» bilan to’ldirildi. Plenumning o’zida Buxoro Kompartiyasi MK kotibi Muhametdinov o’rniga A. Rahimboev Buxoro Kompartiyasi MK mas’ul kotibi qilib saylandi. Hukumatda Turkistondan yuborilgan emissarlarning ta’siri kuchayib bordi. Inqilobiy ekstremistik unsurlar bu bilan cheklanib qolmasdan, 14 avgustda bo’lgan Buxoro MIK favqulodda sessiyasida Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritishga ham muvaffaq bo’ldilar. 1923 yil 11-17 oktabrda bo’lgan butun Buxoro 4 qurultoyi Konstitutsiyani o’zgartirish to’g’risidagi qarorni tasdiqladi. Unga binoan barcha savdogar, mulkdor va sobiq amaldorlar saylov huquqidan mahrum qilindi. Ammo ishchi va kosiblarning saylov huquqi kengaytirildi. Shuningdek, qurultoyda jamiyatda ijtimoiy beqarorlikni kuchaytiradigan «Sovet qurilishi to’g’risida» maxsus qaror qabul qilindi. Jamiyat tobora siyosiylashib bordi. Buxoroda o’tkazilayotgan demokratik islohotlarning takdiri xavf ostida qoldi. Markazning talabi bilan mamlakatda sun’iy ravishda sotsialistik qayta qurishlarni amalga oshirishga kirishildi. Respublikadagi bu keskin siyosiy vaziyat qurolli muxolifat harakatining kuchayishida ham o’z ifodasini topdi. Buxoroda Amir hokimiyati ag’darib tashlangan dastlabki haftalardayoq mamlakatning g’arbiy, Markaziy va Sharqiy qismlarida qizil armiyaning bosqinchilik siyosati va bolsheviklar zulmiga qarshi istiqlolchilik harakati boshlangan edi. Buxoro Respublikasidagi iqtisodiy siyosat va xo’jalik sohasidagi islohotlar ziddiyatli tarzda kechdi. Buxoro inqilobiy qo’mitasining 1921 yil 5 yanvardagi dekreti hamma yerlarni umumxalq mulki deb e’lon qildi. Vaqf yerlari tugatildi, ayrim toifadagi xo’jaliklarning chorva mollari va mulklari musodara qilindi. Sug’orish tizimi izdan chiqdi, ekin maydonlari qisqarib, chorva mollarining soni kamayib ketdi. Shu bilan bir vaqtda ko’plab ijobiy ishlar ham amalga oshirildi. 1921 yil kuzida yerni tortib olish bekor qilindi. Buxoro MIKning umumiy afv to’g’risidagi 1922 yil 25 may dekreta vaqflarni tugatishni to’xtatish, qozixonalar ishini, shariat ko’rsatmalarini tiklash va boshqalarni e’lon qildi. Usha yilning noyabrda yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ga o’tish e’lon etildi. Buxoro davlat banki tuzilib, pul islohoti amalga oshirildi. Dehqonlarni moddiy rag’batlantirish choralari ko’rildi. Bu qishloq xo’jalikni barqaror rivojlanishiga olib keldi. 1923 yil sug’oriladigan yerlar maydoni 1913 yildagi darajaga yaqinlashib qoldi (92,3%). Temir yo’l tiklanib, zavod va fabrikalar qaytadan ishga tushdi. Bu paytga kelib Buxoro Respublikasida 19 ta korxona, 500 dan ortiq bozor ishlab turdi, xususiy sarmoya 12000 savdogarlar mablag’idan iborat bo’ldi. 1923 yil 4 ta aralash aktsionerlik jamiyati, 30 ta yirik savdo firmalari faoliyat ko’rsatayotgan edi. Davlat savdosi va kooperatsiyasiga berilgan yordam o’z samarasini ko’rsatdi. 1923 yil mart oyida Turkiston, Buxoro va Xorazm iqtisodiy jihatdan birlashtirildi va uni boshqarish uchun O’rta Osiyo iqtisodiy Kengashi (Sredaz ekoso) tuzildi. F.Xo’jayev O’rta Osiyoning iqtisodiy jihatdan birlashuvi to’g’risidagi fikrni boshida qo’llab-quvvatlamadi. Chunki u iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish, hatto mintaqa xalq xo’jaligi istiqbollari to’g’risida qaror qabul qilishgacha bo’lgan barcha ishlar Markaz qo’liga o’tayotganligini eng avvalo sezgan va bu siyosatning mash’um oqibatlarini chuqur tushungan arbob edi. O’zi kuchli iqtisodchi bo’lgan F. Xo’jayev Buxoro tomonidan Rossiya va Turkistonga yetkazib beriladigan mollarga aniq tovar ekvivalenti belgilash zarurligi to’g’risida ayniqsa tashvishlanib gapirar edi. Buxoro hududida joylashgan Rossiya qo’shinlari Buxoro davlatining oziqovqati va yem-xashagi bilan ta’minlanar edi. Hukumat boshlig’i F. Xo’jayev Rossiya qo’shinlari sonini 15000 kishigacha qisqartirish to’g’risidagi masalani Moskva oldiga bir necha marta qo’ydi. Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi. (BSSR). 1924 yil 1820 sentabrda butun Buxoro xalq vakillarining 5 qurultoyi bo’lib o’tdi. Qurultoy 19 sentabrda BXSRni Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirish to’g’risida qaror qabul qildi. BSSRning tuzilishi yuqoridan turib sun’iy tarzda amalga oshirilgan hodisa edi. Natijada taraqqiyotning demokratik yo’li inkor qilinib, sotsialistik yo’nalish tanlandi. Markazdagi Bolshevik rahbarlarining Buxoro va Xorazm xalq respublikalarini sotsialistik respublikaga aylantirishdan ko’zda tutgan asosiy maqsadlari mahalliy xalqlarni tezroq sovetlashtirish va ruslashtirish, ularning ongiga kommunizm mafkurasini singdirish edi. Sharqda «sotsializmning porloq g’alabasi»ni ta’minlash uchun bu juda zarur edi. Qurultoyda F. Xo’jayev hukumatning ishi to’g’risida hisobot berdi va «O’rta Osiyoning milliy davlat chegaralanishi to’g’risida» ma’ruza qildi. Qurultoy qatnashchilari xalq hukumatining 4 yillik ish faoliyati yakunlarini chiqarib, O’rta Osiyoda milliy respublikalar tuzish zarurligini yokqlashdi. 1924 yil 18 noyabrda Turkiston ASSR, Buxoro SSR va Xorazm SSR miklari qo’shma qaror qabul qildilar va shu qarorga binoan o’z vakolatlarini O’zbekiston SSR Sovetlarining ta’sis qurultoyiga qadar ish ko’rib kelgan Fayzulla Xo’jayev raisligida yangi tashkil etilgan O’zbekiston SSR muvaqqat inqilobiy komitetiga topshirdilar. Shunday qilib, O’rta Osiyo respublikalarining milliy hududiy chegaralanishi deb atalmish tadbir asosida 1924 yil noyabr oyi oxirida Buxoro SSR tugatilib, uning hududi yangi tashkil etilgan O’zbekiston SSR, Turkmaniston SSR va Tojikiston ASSR (1929 yildan Tojikiston SSR) ga kiritildi. Ad.: Xo’jaev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1926, 1997; Sadriddin liniy, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Fitrat, Amir Olimxonning hukmronlik davri, T., 1992;Amir Sayyid Olimxon, Buxoro xalqining hasrati tarixi, T., 1991; Ishanov A. I., Buxarskaya Narodnaya Sovetskaya Respublika, T., 1969; Uzbekiston tarixi (19171993), T., 1994; Uzbekiston tarixining dolzarb muammolariga yangi chizgilar, T., 1999; O’zbekistonning yangi tarixi. 2kitob. Uzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, T., 2000; Qosimov F., Buxoro Respublikasi tarixshunosligi, Buxoro, 1996; Buxoro: tarix sahifalari, Buxoro, 1999; Rajabov Q., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000. Qahramon Rajabov.