BUXORO «ZARDO’Z» AKTSIYADORLIK JAMIYATI
BUXORO «ZARDO’Z» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — o’zbek milliy zardo’zi kiyim va buyumlar tayyorlovchi korxona. Buxorodagi zardo’zlik artellari asosida 1963 yilda Buxoro zardo’zlik fabrikasi nomi bilan tashkil qilingan. 1991 yildan hozirgi nomda. Yuksak san’at namunasi bo’lgan har xil zar do’ppi, to’n, shoyiqiyiq, xotin-qizlarning nimchalari, so’zanalar, teatrlar va saroylar uchun zardo’zi pardalar, uy ichida kiyiladigan poyabzal, sovg’a buyumlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. 1994-97 yillarda qo’shimcha tikuv tsexi, sovg’abop mahsulotlar ishlab chiqarish tsexi ishga tushirildi. Korxonada Buxoro zardo’zligi an’analarini yangi izlanishlar bilan boyitgan ko’plab xalq ustalari (jumladan O’zbekiston qahramoni M. Temirova) mehnat qiladi. Korxona mahsulotlari ko’p marta jahon, respublika ko’rgazmalarida namoyish etilgan va sovrinlar olgan.