BUXORO

BUXORO — Buxoro viloyatidagi shahar. Viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. O’zbekistonning Janubiy g’arbida, Zarafshon daryosi quyi oqimida. Toshkentdan 616 kilometr. Iqlimi kontinental, yillik o’rtacha temperatura 15, gradus, iyulniki 29,5°, yanvarniki 0°. Maydoni 0,02 ming kilometr kvadrat. Buxoro 2 ta shahar tumani (Fayzulla Xo’jayev va to’qimachilik) ga bo’lingan. Aholisi 264 ming kishi (2001). Buxoro — Sharqning mashhur qadimgi shaharlaridan biri. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, Buxoroga miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida asos solingan, uning nomi ilk o’rta asr Xitoy manbalarida turlicha (An, Ansi, ango, Buxo, Buku, Buxe, Buxaer, Buxuaer, Buxala, Buxuala, Fuxo, Puxuala va boshqalar) atalgan. Bu atamalardan avvalgi uchtasi Buxoroning xitoycha nomlari bo’lib, qolgani «Buxoro» so’zining Xitoy tilidagi talaffuzidir. O’rta asr Arab manbalarida esa Buxoro Numijkat, Navmichkat, Bumichkat (yangi qo’rg’on), Almadina assufriyya (mis shahar), Madinat attujjor (savdogarlar shahri), Foxira (faxrli shahar) kabi nomlar bilan tilga olingan. Buxoro atamasi sanskritcha «Vixora» so’zining turk-mo’g’ulcha shakli — «Buxor» («ibodatxona») dan kelib chiqqan deb taxmin qilingan. Keyingi tadqiqotlarda bu atama sug’diycha «bug'» yoki «bag» («Tangri») hamda «oro» («Jamol») so’zlaridan iborat bo’lib, «Tangri jamoli» degan ma’noni anglatadi, degan fikr ilgari surilmoqda. Darhaqiqat, Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan Buxoro va uning atrofidagi yerlar qadimda nihoyatda xushmanzara — hayvonot va o’simlik dunyosi betakror, ko’l va oqar suvlarga boy bo’lib, tarixchi Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asaridagi ma’lumotlar buni tasdiqlaydi. Buxoroning Islomga qadar bo’lgan siyosiy tarixi xususidagi ma’lumotlar milodiy 7— 8-asrlar bilan chegaralanadi. Buxoro 6-8-asrlar boshida Buxorxudotlar hokimligi poytaxti edi. 709 yil uni Arab xalifaligi fath etgan, 9-10-asrlarda esa usomoniylar poytaxti bo’lgan. 999 yil Qoraxoniylar, 1220 yil mo’g’ullar bosib olgan. 1370 yildan Buxoro Amir Temur va Temuriylar davlati, 16-asr boshidan Shayboniylar (1533 yil bu davlat poytaxti Samarqanddan Buxoroga ko’chirilishi tufayli Buxoro xonligi deb atala boshlagan) va 1533 yildan 1920 yilgacha Buxoro xonligi (amirligi) markazi bo’lgan, so’ng Buxoro Buxoro bosqini natijasida sho’rolar tomonidan bosib olingan. 1920 yil 8 sentabrdan Buxoro Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) ning poytaxti bo’lgan. Buxoro 1925 yildan O’zSSR va 1991 yil 1 sentabrdan mustaqil O’zbekiston Respublikasi tarkibida. Buxoroni arxeologik jihatdan faol o’rganish ishlari 70-80-yillarga to’g’ri keladi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya institutining maxsus arxeologik otryadi (A. R. Muhammadjonov, I. Ahrorov, J. Mirzaahmedov, Sh. Odilov) va O’zbekiston Madaniyat vazirligining Me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash va asrash instituti otryadi (E. G. Nekrasova boshchiligida) tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida hoz. Buxoro viloyati hududida miloddan avvalgi 4-3-ming yilliklardayoq ovchilik va baliqchilik bilan shug’ullangan, toshdan turli qurol va buyumlar yasash mahoratlari yuksak darajaga yetgan neolit davriga mansub qabilalar yashagani aniqlandi. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida Zarafshon daryosi o’zaniga yaqin yerlarga, ayniqsa uning qadimgi tarmoqlari (Vobkentdaryo, Mohondaryo, Gujayli va boshqalar) havzalariga chorvador dehqon qabilalar kelib joylashib, ular botqoq erlarda dehqonchilik qilish bilan birga yaylovlarda chorvachilik bilan ham mashg’ul bo’lganlar. Arxeologlar Qorako’l tumanidagi Zamonbobo degan joydan mazkur qabilalar manzilgohlaridan birining qoldiqlarini topib o’rgandilar. Shu bois bu madaniyat fanda Zamonbobo madaniyati deb ataldi. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Buxoro vohasida asta-sekin sun’iy sug’orish tarmoqlari va mustahkamlangan qishloqlar vujudga kela boshlaydi. Zarafshon daryosining qadimgi tarmog’i — Shoxrud bo’ylaridagi dastlabki qishloqlarning, jumladan hozirgi Buxoro o’rnida bo’lgan qishloqning barpo bo’lishi aynan ana shu davrga to’g’ri keladi. 70-yillarda Buxoroning eski shahar qismida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Buxoroni arxeologik jihatdan o’rganish tarixida birinchi marta materik qatlamga qadar yetib borishga va madaniy qatlamlanish chuqurligi 20 metrdan ortiq ekanligini aniqlashga muvaffaq bo’lindi. Mir Arab madrasasi yaqinidagi arxeologik qazishma chog’ida materik qatlam ustida to’q jigarrang torf qatlami (40— 70 santimetr) borligi, uning ichida esa yovvoyi va xonaki hayvonlar suyaklari qoldiqlari hamda sopol idish va buyumlar parchalari ko’p ekanligi ma’lum bo’ldi. Torf qatlami madrasa tomon tobora qalinlashib borib, bino ostiga kelganda qalinligi 7,5 metrga yetgan. Bu esa qadimda Buxoro hududidan Zarafshon daryosi tarmoqlaridan biri — ilk o’rta asr manbalarida qayd etilgan «Rudi zar» («Oltin irmoq») ning o’tganligini isbotlaydi. Arxeologik tadqiqotlar keyinchalik qurib qolgan mazkur tarmoqning har ikki qirg’og’i bo’ylab bir qancha mustahkamlangan qishloqlarning vujudga kelgani va ular Buxoroning eng qadimgi shahar o’zagini tashkil qilganini tasdiqladi. Shahar o’zagi 3 qism — «Oltin irmoqshing o’ng qirg’og’ida joylashgan Ark, ya’ni qal’a hamda uning o’ng va so’l qirg’oqlaridagi qishloqlardan iborat bo’lgan. Bu yerdan topilgan ko’plab ashyoviy dalillar, xususan sopol idish va buyumlar Buxoro tarixining turli davrlari (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 3-choragidan 20-asr boshlariga qadar) ga oid bo’lib, ulardan 2 tasi miloddan avvalgi 5-asrga taalluqli ekanligi aniqlandi. Bundan tashqari, Buxoro arkida olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida yana ko’plab yangi va Nodir ashyoviy dalillar topildiki, ular shaharning qadimgi tarixini o’rganishda muhim ahamiyatga egadir. Bu yerda 13— 15,5 metr, shuningdek 16,5—18,5 metr chuqurlikdan 2 ta paxsa devor qoldig’i topildi. Ular Buxoroning qadimgi mudofaa devori xarobalari bo’lib, biri (milodiy 4-5-asrlar) ning balandligi 2,5—3 metr, ikkinchisi (miloddan avvalgi 4-3-asrlar) niki 2-2,5 metr. Shuningdek, shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi bo’ylab, chunonchi yirik arxeologik yodgorliklar — Poykend, qo’rg’oni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Bo’ston, Qo’zimontepa, Oqsochtepa va boshqa shahar xarobalarida keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Konimex tumanida miloddan avvalgi 6-5-asrlarga doir yodgorliklar (Chordara shahar xarobasi, Qumrabod — I, Qumrabod — II, Arabon — I, Arabon — II nomli mustahkamlangan qishloqlar, miloddan avvalgi 6 asrga oid Shodibek va Qalqonota qo’rg’onlari) topib o’rganildi (1975-77). Ulardan yuqori darajada rivojlangan hunarmandchilik va me’morlikka doir ko’plab ashyoviy dalillar topildi. O’sha davrga taalluqli qishloqlar qoldiqlari Jondor tumanidagi Xojaxotin, Laylakxo’r, Boshtepa, Oqtepa va boshqa joylardan ham topildi. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida Buxoro xususidagi yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlar bilan arxeologik topilmalar qiyoslanib, quyidagicha xulosaga kelindi. Zarafshon daryosining quyi oqimidagi dastlabki manzilgohlar jyoz davri (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmi) dayoq vujudga kelib, ular sinchli yarim yerto’lalardan iborat bo’lgan (qurib qolgan Mohondaryo tarmog’i mintaqasida olib borilgan tadqiqotlar buni tasdiqlaydi); miloddan avvalgi 6-5-asrlarda Zarafshon daryosining yirik tarmog’ilari deltalari joylashgan yerlarda mustahkamlanmagan manzilgohlar paydo bo’lgan. Miloddan avvalgi 4-asrda esa Buxoro arki qurilajak hudud baland mudofaa devoir va keng xandaq bilan o’rab olinib, uning etagida uchta mustahkamlangan manzilgoh joylashgan (bu xil manzilgohlar miloddan avvalgi 1-ming yillik boshidan O’rta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan viloyatlariga xosdir). Mazkur manzilgohlardan biri Firobdiz, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Buxoro deb atalgan. Keyinchalik bu uch manzilgoh o’zaro birlashib va to’xtovsiz taraqqiy etib borib, kattagina shaharga — Buxoro vohasining savdohunarmandchilik va ma’muriy markaziga aylangan. Buxoroning Bukj ipak yo’li chorrahasida joylashganligi ilk davrlardan boshlab hunarmandchilik tarmoqlari (kulolchilik, temirchilik, misgarlik, zardo’zlik, zargarlik, shishasozlik, kandakorlik, badiiy kashtachilik va hokazolar) va savdo-sotiq ishlarining rivojlanishiga turtki bo’ldi. Rossiya istilosi davrida bir necha mayda qayta ishlash korxonalari vujudga keldi. 20-asr boshida Buxoroda 12 ta mahalla, 360 dan ortiq guzar, 250 dan ziyod Madrasa, 390 ta masjid, qariyb 150 ta karvonsaroy, 350 ta hovuz bo’lgan. Buxoro madrasalarida 10 mingdan ortiq talaba o’qigan. Buxoroda 1920-yillardan boshlab sanoat korxonalarining soni va salmog’i ortib bordi. Viloyat hududida gaz va neft konlarining topilishi shaharda yangi sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga asos bo’ldi. Uysozlik, madaniymaishiy xizmat tarmoqlarini barpo etish jadallashdi. Obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlari tubdan yaxshilandi. Xalqaro va mahalliy turizm yo’lga qo’yildi. Hozirgi kunda Buxoroda 30 dan ortiq yirik sanoat korxonasi mavjud. Viloyat sanoat korxonalari yalpi mahsulotining yarmidan ko’prog’i Buxoroda ishlab chiqariladi. Korxonalarda asosan mahalliy xom ashyo qayta ishlanadi. Ayrim korxonalar gaz va neft sanoati hamda qishloq xo’jaligiga xizmat qilishga ixtisoslashgan. Buxoro to’qimachilik kombinati («Buxoroteks»), Qorako’l zavodi, zardo’zlik, pillakashlik fabrikalari, paxta, yog’ ekstraktsiya, vino, g’isht, remontmexanika zavodlari, un, go’sht, uysozlik kombinatlari, poyabzal, tikuvchilik fabrikalari hamda hunarmandchilik tarmoqlari ishlab turibdi. Shaharda 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda qurilgan qo’shma korxonalar faoliyat ko’rsatadi: «BuxTel» (Isroil) mayonez, «Omegasitora» (Gresiya) mo’yna buyumlari, «Gufikavisenna» (Xindiston) dori-darmon, «Marmar» (AQSh) qurilish materiallari ishlab chiqaradi. 1996 yilda Buxoroda Koreya Respublikasida ishlab chiqarilgan telefon stansiyalari o’rnatildi. Buxoroda O’zbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining filiali, bog’dorchilik, niholchilik tajriba xo’jaligi va «Sohibkor» xo’jaligi joylashgan. Buxoroda 20 dan ortiq yo’nalishda avtomobil transporti qatnaydi. 1986 yildan trolleybus qatnovi yo’lga qo’yildi. Xalqaro aeroport Buxoroni Toshkent orqali respublika viloyatlari va 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan o’zaro aloqalar o’rnatishda xizmat qiladi. Buxoroda 100 dan ortiq yirik tarixiy me’moriy yodgorliklar: Buxoro arki, Somoniylar maqbarasi, Chashmai Ayyub maqbarasi, Matki Attori masjidi, Namozgoh masjidi, poyi Kalon ansambli, Qal’adevor qoldiqlari, Minorai Kalon, Masjidi Kalon, Mir Arab madrasass, Tim va toqilar, Labihovuz ansambli, Ulutbek madrasasi, Chor minor, Bolohovuz masjidi, Sitorai Mohi Xosa ansambli va boshqalar saqlangan. Bular shaxarning yangi kismidagi zamonaviy ko’p qavatli binolar (hokimiyat uyi, «Buxoro», «Zarafshon», «Varaxsha», «Guliston» mehmonxonalari) bilan uyg’unlashib ketgan. Buxoro yirik ilm-ma’naviyat, ma’rifat markazlaridan. 1996 yil martdan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Samarqand bo’limining Buxoro mintaqaviy markazi faoliyat ko’rsatmoqda. 1997 yilda 3 oliy o’quv yurti (davlat universiteti, oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti, tibbiyot instituti), 5 kollej, 3 akademik litsey, tarix faniga ixtisoslashgan maktab, 47 umumiy ta’lim maktabi, 89 maktabgacha tarbiya muassasalari, 28 ommaviy kutubxona, Buxoro davlat me’moriy-badiiy muzey qo’riqxonasi, 2 teatr mavjud. «Buxoro haftanomasi» gazetasi chiqadi (adadi 2000). Buxoro zaminida mashhur, donishmand allomalar voyaga yetgan, o’qib ijod etgan. Abu Hafsi Kabir Buxoriy (767— 832), Imom alBuxoriy, Ibn Sino, Narshaxiy, Daqiqiy, Rudakiy, Bal’amiy, Abduxolik G’ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Sayfiddin Boxarziy, Nosir Buxoriy, Shamsiddin Buxoriy, Ubaydulloh Buxoriy, Mushfiqiy, Hofiz Tanish Buxoriy, Turdi Farog’iy, Ahmad Donish, Fitrat, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo’jayev, Ibrohim Mo’minov, Jalol Ikromiy shular jumlasidandir. 1997 yilning oktabrida Buxoroning 2500 yilligi O’zbekistonda keng nishonlandi. 50 dan ortiq tarixiy-me’moriy obidalar ta’mirlandi, yangi istirohat bog’lari, xiyobonlar barpo qilindi. Manbalar va ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Istoriya at Tabari, T., 1987; Hofiz tanish Buxori y, Abdullanoma [1 —2 jildlar], T., 1999— 2000; Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993; Mir Muxammad Amin Buxariy, Ubaydullaname, T., 1957; Abduraxmoni Tali, Istoriya Abulfeyzxana, T., 1959; Fazlellax ibn Ruz bixan Isfaxani, Mexmannameyi Buxara, M., 1976; Axmad Danish, Istoriya Mangitskoy dinastii, Buxoro shahri. «Uzbekturizm» milliy kompaniyasining «Buxoro» mehmonxonasi. Dushanbe, 1967; Mirza Abdal Azii Sami, tarixi salatini mangitiyya, M., 1962; insoniyatning ilmiy va madaniy merosi — uchinchi ming yillikka (1997 y. 18— 20 okt., Buxoroxiva), T., 1997. Abdulahad Muhammadjonov, Isroil Nazarov.