BUYUK BRITANIYA
BUYUK BRITANIYA, Britaniya, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qo’shma Qirolligi (United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland) — Shim.G’arbiy Yevropadagi davlat. Buyuk Britaniya oroli (mamlakat hududining 90%i shu orolda) va Irlandiya oolining shimoliy Sharqiy qismida hamda ularga yondosh mayda orollar (Angliya, Uayt, Normand, Orkney, Gebrid, Shetlend va boshqalar) da joylashgan. G’arbdan Atlantika okeani, sharqdan shimol dengiz o’rab turadi. Buyuk Britaniya mamlakat asosiy qismining nomi bilan ko’pincha Angliya deb ataladi. Maydoni 244,1 ming kilometr kvadrat. Aholisi 58,5 milliondan ziyod kishi (1990-yillar oxirlari). Poytaxti —London shahri. Tarixan tarkib topgan va milliy jihatdan har xil bo’lgan 4 ma’muriy-siyosiy qism (Angliya, Uels, Shotlandiya va unga yondosh orollar, Shimoliy Irlandiya) dan iborat. Men va Normand orollari mustaqil ma’muriy hudud hisoblanadi. Davlat tuzumi. Buyuk Britaniya konstitutsion monarxiya. Davlat boshlig’i qirol (qirolicha). Mamlakatning Konstitutsiyasi yo’q. 1215 yilgi ulug’ Erkinliklar Xartiyasi, 1679 yilgi Xabeas korpus akti, 1931 yilgi Vestminster statuti, 1969 yilgi Xalq vakilligi to’g’risidagi akt va boshqa eng muhim parlament hujjatlari hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirol (qirolicha) va parlament (u ikki palatadan iborat: Lordlar palatasi va jamoalar palatasi), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat (Vazirlar Mahkamasi) amalga oshiradi. Boshvazirni qirol (qirolicha) tayinlaydi. Hukumat a’zolari parlament a’zolaridan bo’lishi kerak. Buyuk Britaniya tarkibidagi Angliya, Uels va Shotlandiya o’zining sud tizimiga, mahalliy boshqaruv organlariga ega. Shim. Irlandiya ma’muriy muxtoriyat huquqiga ega bo’lib, uni qirol (qirolicha) tayinlagan gubernator boshqaradi. Buyuk Britaniya o’tmishda Britaniya imperiyasi tarkibida bo’lgan mamlakat va hududlarni birlashtiruvchi Hamdo’stlikka boshchilik qiladi. Tabiati. Buyuk Britaniyaning yer yuzasi asosan pasttekislik. Angliyaning shimoli g’arbi tog’likdan, markazi va Janubi Sharqi tekislik va sertepa pasttekisliklardan, Shotlandiyaning qirg’ogi egribugri, shim; Qismitorvachuqurglen – Mordepressiyasi 2 qismga bo’lib turgan shimoliy Shotlandiya tog’ligidan iborat. Bu ikkala qismning Janubda (Grampian tog’lari) mamlakatning eng baland cho’qqisi — Ben-Nevis (1343 metr) ko’tarilib turadi. Grampian tog’laridan Janubda Shotlandiya pasttekisligi, undan Janubroqda Janub Shotlandiya qiri (balandligi 842 metrgacha) joylashgan. Ulardan g’arbda Kamberlend tog’lari (Skofell tog’i, 978 metr) qad ko’targan. Janubga tomon Orol kengaya boradi; bu yerda — Uels yarim orolining g’arbida kembriy tog’lari (Snoudon tog’i, 1085 metr) bor. Angliyaning g’arbiy qirg’og’ida keng qo’ltiqlar (Liverpul, Kardigan, Bristol), Markaziy va Janub qismlarida pasttekisliklar (shimoliy Sharqiy feni, London havzasi, Midlend, Xempshir), qator asimmetrik tepalar (balandligi 200— 300 metr) bor. Shimoliy Irlandiya ayrim kichik-kichik qirlardan (Antrim, Sperriin, Morn va boshqalar) iborat. Buyuk Britaniyada foydali qazilmalar kam. Asosan temir rudasi va yuqori sifatli toshko’mir, tosh tuz, kaolin, ozroq mikdorda yonuvchi slanes qazib olinadi. Neft va rangli metall konlari mavjud. Shimoliy dengizning Buyuk Britaniya qirtog’i yaqinida tabiiy gaz konlari bor. Buyuk Britaniyada mo’tadil dengiz iqlimi hukmron; u seryog’in, o’zgaruvchan, tez-tez shamol bo’lib turadi. Janubi g’arbida yanvarning o’rtacha temperaturasi 7°, Sharqda 3,5° gacha. Shimoli g’arbida yoz salqin, sernam, Janubi Sharqda ancha iliq va quruq. Shimolda iyulning o’rtacha temperaturasi 13°, Janubi sharqda 16,5°. London va uning atrofida temperatura yuz kun davomida 0°dan past, mamlakat sharqida ba’zan -18° gacha tushadi. Yog’in yil davomida deyarli bir me’yorda (kuz va qishda bir oz ko’proq) tushadi, Janubi sharqida yoz va kuzda ko’proq yog’adi. Shotlandiya, Shim. Irlandiya, Angliya bilan Uelsning tog’li joylarida yog’in eng ko’p (1000-1500 millimetr, ayrim joylarda 3000 millimetrgacha) yog’adi. Janubi Sharqda 600-750 millimetrdan oshmaydi. Bulutli kunlar ko’p, kishda tez-tez tuman (Londonda qishda 1 oyda 7-10 kun) tushadi. Daryolari ko’p, sersuv, lekin qisqa. Asosiy daryolari — Severn, Temza, Trent, Mersi, Klayd. Daryolar asosan yomg’ir suvlaridan to’yinadi; kuz va qishda to’lib oqadi, yaxlamaydi, ko’pchiligi kema qatnaydigan kanallar bшдфn birlashtirilgan. Tog’larida ko’llar ko’p. Ularning aksariyati muzlik va tektonik harakat natijasida paydo bo’lgan. Eng yirik ko’llari: LoxNey, LoxLomond, Loxness. Shotlandiya shimolda tog’podzol tuproq, tog’ tepalarida tog’tundra tuproq, pasttekisliklarda, shimoli g’arbda va shimolda chimli podzol tuproq, Sharqiy sohilda va Janubda qo’ng’ir o’rmon, ayrim yerlarda chimlikarbonatli va unumdor allyuvial tuproqdar tarqalgan. Shimolda taiga va aralash o’rmonlar (qarag’ay, dub, oq qayin), Janubda keng bargli o’rmonlar (dub, grab, shumtol) usadi. O’rmonlar Buyuk Britaniya maydonining 9% ida qolgan. O’tloqlar hamma joyda uchraydi. Tog’larning yuqori mintaqalarida tog’ o’tloqlari va torfzorlar bor. O’rmonlarda hayvonlar juda kam. Ochiq joylarda tulki, quyon, olmaxon, tipratikan, yer qazuvchi har xil sut emizuvchilar uchraydi. Qushlardan yovvoyi kaptar, shotland kakligi, o’rdak, qizilishton, karqur va boshqalar bor. Milliy bog’lar, o’rmon qo’riqxonalari mavjud. Aholisining 81,5%i inglizlar. Uelslar yoki valliylar (1,9%), shotlandlar (9,6%), irlandlar (2,4%) va bosha xalqlar bor. Davlat tili va aholining ko’pchiligi gaplashadigan til — ingliz tili. Irlandlar, uelslar va gellarning bir qismi kelt tillariga kiradigan mahalliy tillarda gaplashadilar. Dindorlarning aksariyati protestantlar; aholisining bir qismi (shu jumladan irlandlar) katoliklardir. Aholining 90%i shaharlarda yashaydi (1996). Yirik shaharlari: London, Birmingem, Glazgo, Liverpul, Manchester, Sheffild, Lids. Tarixi. Hozirgi Buyuk Britaniya hududida miloddan avvalgi 1-ming yillikda kelt qabilalari — brittlar yashagan. Milodiy asrda Britaniya orollarining katta qismini rimliklar bosib oldi. 5-asrning ikkinchi yarmida anglosakslar mamlakatning talay kismini bosib olib, ilk feudal qirolliklar (Kent, Uesseks, Susseks, Sharqiy Angliya, Nortumbriya, Mersiya) tuzishgan. 9-asr boshlarida anglosaks davlatlari birlashtirilib, «Angliya» deb atala boshladi. Angliya 1016-42 yillarda normannlar (daniyaliklar) hukmronligida bo’lgan. 1066 yil Angliyani Normandiya gersogi Vilgelm I istilo qilgandan so’ng mamlakatda feodal yer egaligi paydo bo’lib, dehqonlarni tutqinlikka (krepostnoylikka) aylantirish avj oldi. 10-11-asrlarda hunarmandchilik va savdo-sotiq markazi tusini olgan shaharlar paydo bo’la boshladi. 12-13-asrlarda markazlashgan moliya va sud muassasalari yuzaga keldi. 1265 yil paydo bo’lgan parlament bojlarni tasdiqlash va qonunlar joriy etish huquqini oldi; hokimi mutlaqlik tizimi (monarxiya) barpo bo’ldi. Angliya bilan Frantsiya o’rtasida bo’lib o’tgan yuz yillik urush (1337-1453) oqibatida soliqlarning ko’payishi va 1348-49 yillardagi vabodan so’ng aholi ahvolining og’irlashishi Uot Tayler (1381) boshchiligidagi dehqonlar qo’zg’oloniga sabab bo’ldi. Qo’zg’olon mag’lubiyatga uchragan bo’lsada, dehqonlarning barshchinadan qutulishiga turtki bo’ldi. 15-asrda Angliyada dehqonlarning tutqinligi batamom yo’qotildi, tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi mayda va o’rta hol dvoryanlarning tabaqalanishiga sabab bo’ldi. Kapitalistik munosabatlar shakllanayotgan paytda Tyudorlar sulolasining cheklanmagan hokimiyati (1485-1603) qaror topdi. Movut sanoatining rivojlanishi, junga talabning ko’payishi tufayli ekinzorlar chorva yaylovlariga aylanib ketdi, natijada dehqon xo’jaliklari xonavayron bo’ldi. 16-asrning 30-yillarida boshlangan reformasiya harakati natijasida Papa hukmronligiga chek qo’yilib, cherkovga qarashli yerlar burjualashgan yangi dvoryanlarga bo’lib berildi. 16-asr 2-yarmi — 17-asr boshlarida Angliya hukumati mustamlakachilik siyosatini yurita boshladi (Irlandiyada xususiy yerlar musodara qilindi, Shimoliy Amerikada esa dastlabki ingliz mustamlakalari paydo bo’ldi), qullar bozori va portlar kuchaytirildi. Dengizda hukmronlik uchun kurashda Angliya g’olib chiqdi. 16-asr oxiridan boshlab absolyutizmga asoslangan tuzum inqirozga yuz tutdi, Styuartlar (Yakov I, 1603-25; Karlі, 1625-49) ichki va tashqi siyosatining burjuaziya manfaatlariga zid kelib qolishi absolyutizmga qarshi burjua muxolifatini keltirib chiqardi. Bu ziddiyatlar 17-asrdagi ingliz burjua inqilobiga olib keldi. Inqilobda g’alaba qozongan burjuaziya va yangi dvoryanlar qishloq xo’jalik hamda sanoatda kapitalistik taraqqiyotga to’siq bo’lib turgan g’ovlarni yo’qotdi, ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishiga yo’l ochdi. 17-asr oxirida Buyuk Britaniyada yer va moliya aristokratiyasining siyosiy Ittifoqi paydo bo’ldi. 18-asr o’rtalariga kelib manufaktura bosqichidan korxona tizimiga o’tish uchun sharoit yaratildi. 18-asrning 2-yarmida Buyuk Britaniya hukmron doiralari siyosiy jihatdan ajralib, hokim sinflarning 2 partiyasi — tori bilan Vigi shakllandi. 19-asr o’rtalarida shu partiyalar asosida konservatorlar va liberallar partiyasi tashkil topdi. 17-18-asrlarda Buyuk Britaniya Hindiston, Shimoliy Amerikada yangi yerlar zabt etdi. Frantsiyadan Kanadani tortib oldi. Shimoliy Amerikadagi mustaqillik uchun bo’lgan urush (1775-83) natijasida Shimoliy Amerika mustamlakalari mustaqillikka erishdi va mustaqil AQSh davlati tashkil topdi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida Buyuk Britaniya inqilobga qarshi koalitsiyaning, keyinchalik Napoleon Frantsiyasiga qarshi ittifoqning asosiy tashkilotchisi bo’ldi. Frantsiyaning mag’lubiyatidan Buyuk Britaniya burjuaziyasi o’z savdo-sanoati va mustamlakachilik hukmronligini mustahkamlashda foydalandi. Vena Kongressi (1814— 15) qarorlariga muvofiq, Malta, Tseylon orollari, Janubiy Afrikadagi Kap mustamlakasi va boshqa hududlar Buyuk Britaniyaga o’tdi. Mustamlaka xalqlarini talash hamda dehqonlarni yer mulkidan mahrum qilish evaziga sarmoya jamg’arilib, sanoatda to’ntarish yasashga zamin tayyorlandi. 19-asrning 30-yillarida ishlab chiqarishning fabrika tizimi qaror topdi. 30-40-yillarda siyosiy jihatdan shakllangan ishchilar harakati — chartizm keng avj oldi. Buyuk Britaniya hukumatining tashqi siyosati ingliz burjuaziyasining savdo-sanoat sohasidagi ustunligini mustahkamlash, mustamlakalarni ko’paytirishga qaratildi. Buyuk Britaniya Yangi Zelandiya, Birma, Janubiy Amerikadagi poyonsiz hududlarni bosib oldi, 19-asrning birinchi yarmiga kelib, Hindistonni zabt etishni tugalladi, Xitoy (1840-42, 1856-60) hamda Afg’onistonga qarshi (1838-42, 1878-80) bosqinchilik urushlari olib bordi, Hindiston (1857-60), Irlandiya (1848-67 va boshqalar), Yamayka orolidagi (1832) milliy ozodlik qo’zg’olonlarini shafqatsizlik bilan bostirdi. Xitoydagi Taypin qo’zg’olonini (1851-64) bostirishda ishtirok etdi. Qrim urushi tashabbuskorlaridan biri bo’ldi. 1878 yil Kipr orolini, 1882 yil Misr, 1898 yil Sharqiy Sudanni, 1899-1902 yillarda Janubiy Afrikadagi bir qancha hududlarni zabt etdi. 20-asr boshlariga kelib Buyuk Britaniya iqtisodiy jihatdan AQSh va Germaniyadan orqada qola boshladi. Buyuk Britaniya bilan Germaniya o’rtasidagi ziddiyat 1-jahon urushini keltirib chiqardi. Urush oqibatida g’olib mamlakatlar qatori Germaniyaning Osiyo va Afrikadagi mustamlakalarini tortib olish hisobiga o’z mustamlakalarini kengaytirishga erishdi. 20-yillarda Buyuk Britaniya Xitoyga qarshi interventsiya uyushtirishda qatnashdi. 1929-33 yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. 1938 yil Buyuk Britaniya hukumati Myunxen shartnomasiga qo’shilib, 2-jahon urushining boshlanishiga yo’l ochdi. 1939 yil 3 sentabrda Buyuk Britaniya Germaniyaga urush e’lon qildi. Urush Buyuk Britaniyaning iqtisodiy va siyosiy mavqeini ancha pasaytirdi. 2-jahon urushidan so’ng Buyuk Britaniya mustamlakachilik imperiyasi tushkunlikka yuz tutdi. 1970-yillarning o’rtalarida Buyuk Britaniyaning deyarli barcha mustamlakalari mustaqillikka erishdi. 2-jahon urushidan keyin Buyuk Britaniya hukumatini navbatma navbat leyboristlar (1945-51, 1964-70, 1974-79) va konservatorlar (1951-64, 1970-74 va 1979 yildan) partiyasi boshqardi. Buyuk Britaniya 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 18 Fevralda o’rnatgan. Milliy bayrami — Qirolicha tug’ilgan kun (iyun oyining ikkinchi yoki uchinchi shanbasi). Asosiy siyosiy partiyalarn, kasaba uyushmalari. Leyboristlar partiyasi, 1900 yil tuzilgan; konservatorlar partiyasi, 1867 yil tashkil topgan; Liberal demokratlar partiyasi, 1988 yilda asos solingan; Uels millatchi partiyasi, 1925 yilda tuzilgan; Shotlandiya milliy partiyasi, 1928 yilda tashkil etilgan; Britaniya Kommunistik partiyasi, 1988 yilda Buyuk Britaniya Kommunistik partiyasining sobiq a’zolari tomonidan tuzilgan; so’l demokratlar partiyasi, 1920 yil tashkil etilgan. Eng yirik kasaba uyushma birlashmasi — Britaniya tredyunionlar Kongressi, 1868 yil tuzilgan; Shotlandiya tredyunionlar Kongressi, 1897 yil tuzilgan; tredyunionlar umumiy federatsiyasi, 1899 yil tuzilgan; Uels tredyunionlar Kongressi, 1973 yil tashkil etilgan. Xo’jaligi. Buyuk Britaniya —iqtisodiy jihatdan rivojlangan yirik sanoatlashgan mamlakat. Yalpi ichki mahsulotning 21% ni sanoat, 1,8% ni qishloq, o’rmon va baliq xo’jaligi, 70,2% ni xizmat ko’rsatish tarmog’i beradi. 1 va 2-jahon urushlari orasida bir qancha sanoat tarmoqlari, xususan harbiy industriya bilan bog’langan kimyo, elektrotexnika va avtomobil sanoati bir qadar taraqqiy etdi. 2-jahon urushida Angliya iqtisodiyotiga katta putur yetdi: mamlakat milliy boyliklarining ¼ qismi qo’ldan ketdi; sanoat ishlab chiqarish urushdan avvalgi darajadan 25% kamaydi, chet ellardagi kapitalining qariyb ¼ qismini qo’ldan boy berishga yoki sotishga majbur bo’ldi. Iqtisodiyotning harbiy izga ‘tushirilishi ko’pdanko’p behuda harajatlarni keltirib chiqardi. Jahon sanoat ishlab chiqarishida 1948 yilda Buyuk Britaniya ulushi 11,9% edi, 1968 yilda 7,4% ga tushib qoldi. Sanoati. Buyuk Britaniya eksportining 90% ni sanoat ta’minlaydi. 2-jahon urushidan keyin sanoat tuzilmasida katta o’zgarishlar sodir bo’ldi: konchilik, qora metallurgiya, yengil va oziq-ovqat sanoati, shuningdek kemasozlik va avtomobilsozlik kabi tarmoqlar ulushi kamaydi; energetika, elektr mashinasozligi va kimyo sanoatining ulushi oshdi. Atom, elektron, aerokosmik, neftni qayta ishlash va neft kimyosi tarmoqdari katta ahamiyat kasb etdi. Mashinasozlik — sanoatning muhim tarmog’i, avtomobil, samolyot, raketalar, kemalar, sanoat korxonalari uchun kompleks asbob-uskunalar, ilmiy apparatlar va asboblar, radio elektronika va elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish ayniqsa ajralib turadi. Traktorsozlik, stanoksozlik, neftni kayta ishlash, kimyo (plastmassa va sintetik smolalar, dori-darmonlar, ma’danli o’g’it, bo’yoqlar, kimyoviy tolalar, sintetik kauchuk, sulfat kislota ishlab chiqarish), to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Yengil sanoatning poyabzal tikish, tikuvchilik va boshqa tarmoqlari bo’yicha yirik korxonalar mavjud. Mashinasozlik markazlarining ko’pchiligi Janub va Markaziy Angliyada joylashgan, ularning eng muhimlari — London, Birmingem, Koventri, Luton, Sheffild shaharlarida. Qora metallurgiyaning asosiy markazlari — Janub Uels, Yorkshir va Xambersayd, Shimoliy Angliya va Shotlandiyada. Rangli metallurgiya korxonalari — Midlend, Janubiy Uels, Taynsayd va Londonda. Atom sanoati korxonalari shimoliy G’arbiy Angliya va London atrofida joylashgan. Kimyo sanoati korxonalari Katta London, Lankashir, Cheshir, Shim. dengiz va Bristol qo’ltig’i sohillarida, to’qimachilik sanoati korxonalari Lankashir va Yorkshirda. Shimoliy dengizda katta neft va gaz zaxiralari mavjud. Buyuk Britaniyada yiliga o’rtacha 48,2 million tonna toshko’mir, 121,8 million tonna neft, 89,8 milliard metr kub tabiiy gaz qazib olinadi, 304,5 milliard kVtsoat elektr energiyasi (asosan issiqlik elektr stansiyalarida) hosil qilinadi, 17,5 million tonna po’lat ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligida mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 2% gina band. Buyuk Britaniya qishloq xo’jaligi intensivlik, mahsuldorlik va mexanizatsiyalashuvning yuksak darajasi bilan ajralib turadi. U mamlakatning oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojining 75%ini ta’minlaydi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — chorvachilik. Buyuk Britaniyada 12 million qoramol, 7,5 million cho’chqa, 41,5 million qo’y, 131 million parranda bor. Dehqonchilikda asosiy ekin — g’alla. Qand lavlagi, kartoshka ham ekiladi. Sabzavotchilik, bog’dorchilik, gulchilik rivojlangan. Shimoliy dengiz va Atlantika okeanida baliq ovlanadi. Transporti. Temir yo’llar uzunligi 32 ming kilometr. Asosiy temir yo’l uzeli — London; undan 11 tomonga temir yo’l ketgan. Temir yo’llarning zichligi jihatidan Yevropada Belgiyadan keyin 2-o’rinda. Ichki qishloq xo’jaliklarni tashishda avtomobil transporti 1-o’rinda. 368,8 ming kilometr avtomobil yo’li bor (1990-yillar oxirlari). Yo’lovchilar tashishda havo transportining mavqei katta. Dengiz savdo flotining tonnasi 4,3 million tonna dedveyt. Eng yirik dengiz portlari: London, Sautgempton, MilfordXeyven, Xall, Immengem, Liverpul, Manchester va boshqalar. Tashqi savdo mamlakat iqtisodiyoti uchun juda katta ahamiyatga ega. Chetga chiqariladigan mahsulotning 90% ni sanoat tarmog’i beradi. Buyuk Britaniya chetga mashina va uskunalar, transport jihozlari, ip va jun gazlamalar, kimyo mahsulotlari, nef tmahsulotlari, oziq-ovqat, qoramol, po’lat, toshko’mir chiqaradi. Chetdan temir ruda, rangli va Nodir metallar, neft, fosforit, paxta, turli xom ashyo va oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar keltiriladi. Tashki savdodagi asosiy mijozlari — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSh, Yaponiya. Chet el sayyohligi rivojlangan (1 yilda 12 million kishi kelib ketadi). Pul birligi — funt sterling. Tibbiy xizmati. Buyuk Britaniya sog’liqni saqlash tizimida 500 mingga yaqin o’rinli kasalxonalar bor. 75 mingdan ziyod shifokor tibbiy yordam ko’rsatadi (1990- yillar o’rtalari). Kasalxonalarda pulli o’rin va palatalar mavjud. Shifokorlar 30 dan ortiq tibbiyot maktablarida tayyorlanadi. Buyuk Britaniyada Brayton, Istborn, BognorRijis, Bornmut, torki, Bat kabi kurortlar bor. Maorifi va madaniy-ma’rifin muassasalari. Buyuk Britaniyada boshlang’ich va to’liqsiz o’rta ta’lim (5 dan 16 yoshgacha) majburiy. Boshlang’ich maktablarda 5 yoshdan 11 yoshgacha o’qiladi. O’rta maktablar asosan 3 turga: 5-7 yillik grammatik maktablar, 5 (ba’zan 7) yillik texnika maktablari va 4 yillik zamonaviy maktablarga bo’linadi. O’quvchilarning 65% 16 yoshdan keyin ta’limni kollej, universitet va boshqa oliy o’quv yurtlari va markazlarida davom ettiradi. Buyuk Britaniyada 79 unoversitet, 40 ga yaqin politexnika kolleji bor. Eng qadimgi untlari Oksford (1167) va Kembrij (1209) universitetlaridir. Eng yirik kutubxonalari: Britaniya muzeyi kutubxonasi, Shotlandiya Milliy kutubxonasi (3 milliondan ortiq asar), Kembrij va Oksford universitetlarining kutubxonalari va boshqalar. Eng yirik muzeylari: Britaniya muzeyi (1753). Milliy galereya (1824), Teyt galereyasi (1897), Shotlandiya Qirollik muzeyi (1854) va boshqalar. Ilmiy muassasalari. Buyuk Britaniya fani taraqqiyotida Oksford (1167) va Kembrij (1209) universitetlari katta ahamiyatga ega. 1662 yilda London Qirollik jamiyati tashkil topdi. Bu jamiyat Buyuk Britaniya fanini, ayniqsa tabiat fanlarini taraqqiy ettirishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 1675 yil Grinvichda Buyuk Britaniyaning astronomiya sohasidagi asosiy ilmiy muassasasi — Qirollik rasadxonasi ochildi. 1945 yildan boshlab ilmiy tadqiqot markazlari ko’paya bordi. 1990-yil o’rtalarida 50 ga yaqin universitet va kollejlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Xususiy sanoat laboratoiyalari hamma tadqiqot ishlarining yarmidan ko’pini bajaradi. Ko’p firmalarda (500 dan ortiq kishi ishlaydi) ham tadqiqotlar olib boriladi. Kooperativ tadqiqot assosiasiyalari urushdan keyingi yillarda ikki baravardan ko’proq ortdi. Davlat tadqiqot intlari va markazlari ham mavjud. 1954 yilda yadro fizikasi va energetika muammolarini tadqiq qiluvchi bir nechta davlat intlari tashkil topdi. Mikrobiologiya, kvant elektronikasi, radioastronomiya va boshqa sohalarga oid tadqiqot olib boradigan ilmiy markazlar tuzildi. Buyuk Britaniyaning yirik ilmiy muassasalari: tabiat to’g’risidagi bilimlarni rivojlantirish bo’yicha London Qirollik jamiyati, Grinvich rasadxonasi, Qirollik san’at akademiyasi, Britaniya akademiyasi, Buyuk Britaniya Qirollik instituti, Angliya va ingliz tili to’g’risidagi bilimlarni yoyish bo’yicha Britaniya kengashi (hammasi London shahrida), Edinburg Qirollik jamiyati. Matbuoti, radioeshnttirishi va teleko’rsatuvi. Buyuk Britaniyada juda ko’p gazeta va jurnallar nashr etiladi. Eng muhimlari: «Gardian» («Posbon», kundalik gazeta, 1821 yildan), «Deyli meyl» («Kundalik pochta», kundalik gazeta, 1896 yildan), «Deyli Star» («Kundalik yulduz», kundalik gazeta, 1978 yildan), «Tayme» («Vaqt», kundalik gazeta, 1785 yildan), «Vumen» («Ayol», xotin-qizlar uchun suratli haftanoma, 1932 yildan) va boshqalar. Buyuk Britaniyada Press Assoshieyshn (ichki axborot to’plashga va ommalashtirishga ixtisoslashgan yetakchi axborot agentligi, 1868 yilda asos solingan), Reyter (xalqaro axborot tarqatishga ixtisoslashgan dunyodagi eng yirik axborot agentliklaridan biri, 1851 yilda tashkil etilgan; asoschisi Paul Yulius Reyter nomi bilan ataladi) matbuot agentliklari bor. Buyuk Britaniyada radioeshittirishlar 1922 yildan, teleko’rsatuvlar 1936 yildan olib boriladi. Buyuk Britaniyada 400 ga yaqin radiostantsiya, 180 ga yaqin asosiy va 400 dan ortiq yordamchi telestudiyalar mavjud. Britaniyaning yetakchi radioeshittirish va telekursatuv korporatsiyasi — «British Brodkasting Korporeyshn» — Bibisi 1922 yilda tashkil etilgan. Adabiyoti. Ingliz adabiyoti 5-6-asrlarda vujudga kela boshlagan. 5-11- asrlarda anglosaks shevalarida xalq naqllari va qo’shiqlari yaratildi, ular asosida «Beovulf» qahramonnomasi vujudga keldi. Buyuk Britaniyani normannlar zabt etgach (11-asr), yuqori tabaqa kishilari orasida frantsuz tili rasm bulib qoldi, adabiyot frantsuz, lotin va ingliz tillarida rivojlandi. 14-asrning ikkinchi yarmiga kelib, o’rta asrlar Buyuk Britaniya adabiyoti yuqori bosqichga ko’tarildi. Monarxiya davlatining mustahkamlana borishi bilan Buyuk Britaniya adabiyoti milliy xarakter kasb etdi. Risarlik romani an’analari davom etishi bilan bir qatorda U.Leglendning «Qo’shchi pyotr haqida tush» poemasi, J. Choserning «Kenterberi hikoyalari»da yozilgan dehqonlarning feodal zulmiga qarshi harakatlari, ijtimoiy guruhlar hayoti realistik aks etdi. Uyg’onish davri Buyuk Britaniya adabiyotida barcha janrlar taraqqiy etdi. Buyuk gumanist, utopist sosialist T. Morning «Utopiya» romani, F. Sidney sonetlari, E. Spenser she’rlari yuzaga keldi. «Yakov IV», «Jorj Grin Vekfild dalasi qorovuli» (Robert Grin), «Ulug’ Temur», «Doktor Faustning fojiali tarixi», «Malta yahudiysi» (Kristofer Marlo) kabi tarixiy tragediyalar yaratildi. Uyg’onish davri Buyuk Britaniya adabiyotining yuqori bosqichi V. Shekspir ijodi bilan uzviy bog’liqdir. Salaflaridan farqli ravishda Shekspir yangi — burjua davri kishisi xarakteridagi ziddiyatlarni, ma’naviy o’zgarishlarni, shaxs bilan muhit orasidagi nomuvofiqlikning asoslarini tasvirladi. Adibning ijtimoiy falsafiy tragediyalari («Hamlet», «Otello», «Qirol Lir», «Makbet») Yevropa adabiyotida keskin burilish yasadi. Uyg’onish davrining so’nggi vakili J. Miltonning qator epik dostonlari va «Samson kurashchi» tragediyasida barokko uslubi namoyon bo’ldi. 18-asr ingliz ma’rifatchilik adabiyoti uchun jamiyat demokratik tabaqalari manfaatlarini yoqlab, ilg’or g’oyalarni targ’ib qilish xosdir. Bu davrda she’riyat, dramaturgiya rivojlandi, roman yetakchi janrga aylandi. J. Svift burjua jamiyati illatlarini achchiq satira ostiga oldi («Gulliverning sayohatlari»), D. Defo insonning kuch-qudrati, zo’r irodasi, tabiatni buysundiruvchi mehnatini madh etdi («Robinzon Kruzo»). 19- asr Buyuk Britaniya adabiyotidagi asosiy adabiy yo’nalishlar romantizm va tanqidiy realizmdir. Reaktsion romantiklar (V. Vordsvort, S. T. Kolrij, R. Sauti) feodal tartiblarni qayta tiklashga urinsalar, ilg’or romantiklar (J. Bayron, P. Shelli) burjua voqeligidan norozi holda, kelajakda adolatning tantana qilishiga ishonch bildirdilar. V. Skottning «Puritanlar», «Robroy», «Ayvengo» kabi romanlarida mehnatkash xalqning o’tmishi, urf-odati, siyosiy kurashlari o’z ifodasini topdi. Ch. Dikkens («Oliver Tvist», «Dombi va uning o’g’li»), V. Tekkerey («Snoblar kitobi», «Shuhratparastlar yarmarkasi») jamiyatdagi qabohatlarni fosh etdilar. 19-asrning oxiri Buyuk Britaniya adabiyotida realizm bilan bir qatorda dekadentlik, naturalizm, neoromantizm oqimlari paydo bo’ldi. 19-asrning oxiri, 20-asrning boshidagi realistik yozuvchilar tahqirlangan oddiy kishining qadrqimmatini himoya qildilar (M. Garkness, U. Marris, S. Batler, E. Voynich, T. Gardi). 20- asr tanqidiy realizmning rivojida B. Shou, J. Golsuorsi ijodi muhim bosqich bo’ldi. 20-asrning ikkinchi yarmida dekadentlik va boshqa reaktsion oqimdagi yozuvchilar (E. Garv, D. Untli, L. Kuper) ijodi inqirozga uchradi, ularning ayrimlari mustamlakachilik siyosatidan yuz o’girib, voqelikni to’g’ri ko’rsatishga intildilar (J. Osborn, K. Emis, D. Ueyn), taraqqiyparvar adiblar (A. Sillitou, S. Chaplin, S. Barstou) ijodi rivojlandi. Buyuk Britaniya adabiyotining eng yaxshi namunalari o’zbek tiliga tarjima qilingan: V. Shekspirning pyesalari, J. Sviftning «Gulliverning sayohatlari», D. Defoning «Robinzon Kruzo», E. Voynichning «So’na» romanlari va boshqalar. Me’morligi. Buyuk Britaniyada misjez davriga mansub ibtidoiy me’moriy yodgorliklar (Stonxenj — megalit inshooti) va o’rta asrda qurilgan vinchester, Norij va boshqa ibodatxonalar mavjud. Me’morlikning rivojlanishi quyidagi davrlarga bo’linadi: roman (11— 12-asrlar); gotika (12-15-asrlar, Dergem, Linkoln, Solsberi, York, Uels shaharlaridagi ibodatxonalar); uyg’onish davri (15-16- asrlar, bu davrda shahar va qishloqlarda hashamatli turar joy binolari ko’proq qurildi); klassisizm (K. Ren, J. Gibbs, U. Cheymbers, R. Adam, U. Kent kabi mashhur me’morlar yetishib chiqdi); eklektikamodern (19-asr), binolarning ichiga har xil bezaklar berish, temir, beton va oynadan foydalanish («Billur saroy», J. Pakston, 1851 va boshqalar) avj oldi. 19-asr oxiri, 20-asr boshlarida shaharlar qurish («Bog’shahar», «Yo’ldoshshahar» — E. Govarx, R. Envin kabi me’morlar), maktab, turar joy, maishiy-ma’muriy binolar qurilishi (F. Uebb, N. Shod, Voyzi, Makintosh va boshqa me’morlar) yuksaldi. 20-asr boshlarida abstrakt funktsionalizm hukm surdi. Urushdan keyingi yillari butun Yevropa bo’ylab bu oqim inqirozga uchradi va boshqa («Formalistik» va «Yangi brutalizm») oqimlar bilan almashdi. L. Dreyk, D. Lesden, R. Metyu, L. Martin, G. Uinteringxem, J. Modeli kabi me’morlar zamonaviy me’morlikning rivojlanishiga hissa qo’shdilar. Tasviriy san’ati. 7— 12-asrlarda yaratilgan vinchester maktabiga mansub anglonormann miniatyuralari, tosh o’ymakorligi, keltlarning naqshli miniatyuralari saqlanib qolgan. 12-asrga mansub ibodatxonalarda haykalchalar o’rnatilgan, devorlariga naqsh va gullar solingan. 16-asr rassomligida portret salmoqli o’rin tutdi. X. Xolbeyn, N. Xilliard, A. Oliver kabi rassomlar bu sohada barakali ijod qilishdi. P. Leli, G. Neller, A. Van Deyk kabi rassomlar noziknihol aristokratlar portreta tipini, S. Kuper, J. Rayli kabi miniatyurachi rassomlar realistik portret san’atini yaratdilar. 18-asr birinchi yarmida paydo bo’lgan Angliya milliy rassomlik maktabining asoschisi Vilyam Xogartdir. U o’sha davr Angliya jamiyatining turli tabaqa vakillari hayotini real tasvirladi. 18-asr ikkinchi yarmida ijod etgan J. Reynolds, T. Geynsboro, G. Rebyorn kabi rassomlar kishilarning his-tuyg’ularini haqqoniy ifodalovchi portretlar yaratdilar. Shu davrda milliy manzara janri (T. Geynsboro, J. Krom) paydo bo’ldi. 19-asr birinchi yarmida realistik manzara janri rivojlandi. Peyzaj asarlarida sanoat korxonalari bilan to’la shaharlar, ko’m-ko’k maysazor dalalar, o’rmonlar, qishloq manzaralarini tasvirlashga keng o’rin beriladi. Bu davrda J. Konstebl novator sifatida shuhrat qozondi. D. Rossetti, M. Braun, X. Xant, E. Byornjons kabi rassomlar esa, o’tgan zamonni qo’msab o’rta asr qo’l mehnati (badiiy hunarmandlik korxonalari, kitob bezaklari)ga qaytishni targ’ib qildilar. 19-asr o’rtalaridagi realistik san’at X. Xerkomer, S. Xeyden asarlarida namoyon bo’ldi. 19-asr oxiri, 20-asr boshlarida syurrealizm, abstraktsionizm kabi oqimlar paydo bo’ldi. Bu san’at M. Smit, U. Lyuis, X. Mur va boshqa rassomlar ijodida o’z ifodasini topdi. 20-asrning yirik realist rassomlari F. Brengvin, O. Jon, U. Orpen, P. Xogart, L. Bredshou, K. Rou, E. Midldich, D. Grivzlar o’z asarlarini insonning mehnat faoliyatiga, tinchlik va adolat uchun kurash mavzulariga bag’ishlagan. Musiqasi. Buyuk Britaniya musiqasi qadimgi kelt qabilalari musiqa madaniyati zaminida tashkil topdi. Bardlar deb atalgan xalq qo’shikchilari ijodida ballada (Doston qo’shig’i) asosiy o’rin egalladi. Xristianlik tarqalishi bilan birga professional musiqa ijodiyoti (cherkov aytimlari, organ ijrochiligi) rivoj topdi. Buyuk Britaniya polifonik musiqasining ilk namunalari 11 —12-asrlarda paydo bo’ldi. Bular J. Dansteybl (15-asr) ijodida rivojlandi. Uyg’onish davrida dunyoviy musiqa janrlari (Madrigal, lyutnya va klavesin kuylari, teatr spektakli intermediyalari) tashkil topdi. 16-asrda U. Byord, T. Uilks, J. Uilbi, J. Bull, O. Gibbone Buyuk Britaniyaning mashhur kompozitorlari bo’lishdi. 17-asrning oxirida G. Pyorsellnit «Didona va Eney» birinchi milliy operasi maydonga keldi. 18-asrda Buyuk Britaniyada G. Gendel, I. K. Bax, Y. Gaydn, M. Klementi yashab ijod etdilar. Musiqa muassasalari («Koventgarden») va Qirollik musiqa jamiyati, musiqa nashriyotlari barpo etildi. 19-asr oxirida ingliz kompozitorlik maktabiga asos solindi. Operalar yaratila boshladi. Ingliz musiqasi jahon musiqa madaniyatida ko’zga ko’rinarli o’ringa chiqdi. Kompozitorlardan Eduard Elgar, R. VoanUilyams, Benjamin Britten bunda katta rol o’ynadilar. Londondagi Qirollik musiqa akademiyasi Buyuk Britaniyaning asosiy musiqa o’quv yurtidir; Albertxoll, RoyyalFestivalxoll, shuningdek, 1967 yilda ochilgan Yelizaveta nomidagi kontsert zallari ingliz kontsert hayotining yirik markazidir. Estrada tomoshalari Londondagi Palladiumda qo’yiladi. Mashhur «Bitlz» ansambli rok musiqa rivojiga katta hissa qo’shdi. Bibisi simfonik orkestri, London simfonik orkestri, «Yangi filarmoniya» simfonik orkestri olamga mashhur. Dirijyorlar J. Barbirolli, A. S. Boult, G. Vud, pianinochilar J. Mur, M. Limpani, J. Ogdon, J. Lill, skripkachilar A. Kampoli, G. Temyanka va boshqalar 20-asrning atoqli musiqachilaridir. Teatri. Buyuk Britaniya teatri kurtaklari inson turmushi va mehnati bilan bog’liq o’yinlar va urf-odatlardan boshlanadi. O’rta asrlarda hukm surgan diniy drama keyinchalik dunyoviy mazmun kasb eta boshladi. 16-asrdan ko’chma professional teatrlar yuzaga kelib, Uyg’onish davrining insonparvarlik g’oyalarini ifodaladi (dramaturglar K. Marlo, T. Kid, J. Lili, U. Shekspir). 16-asr oxiri — 17-asr boshi Buyuk Britaniya teatrining «oltin davri» bo’ldi. Bu davrda 3 xil teatr bo’lgan: havaskor hunarmandlar teatri, «Maktab» havaskorlari teatri, professional teatr. 18-asrga kelib, teatr ma’rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qildi, shu davrda Londonda ikki teatr («Drurileyn», «Koventgarden») asosiy o’rinni egalladi. 19-asr dramaturgiyasi romantizmdan realistik qarashlarni qaror toptirishga o’tdi. Londonda «Old Vik» teatri (1818), Stratfordoneyvon shahrida Shekspir yodgorlik teatri (1879, 1961 yildan Qirollik Shekspir teatri), «Mustaqil teatr» (1891) vujudga keldi. Ijrochilikda tabiiylik, sahnaviy ansambl uchun, Shekspir ijodini tiklash uchun kurash boshlandi. Buyuk Britaniya teatrida sahnaviy realizm «Kort» teatri (20-asr boshi) faoliyatida qaror topdi. Unda B. Shou va G. Ibsenning realistik pyesalari qo’yildi. 20 asrning 30-40-yillarida teatrlar repertuari B. Pristli asarlari bilan boyidi. J. Osbornning «nafratlansang, orqaga qayrilib qara» pyesasi (1956) «Jahldor yigitlar» dramaturgiyasini boshlab berdi. 1963 yil Londonda Milliy teatr ochildi. Artistlar P. Skofild, L. Olive, V. Li, P. O.’Tul, D. A. Xilgut, R. Richardson, rejissyorlar P. Bruk, P. Xoll, J. Litlvud Buyuk Britaniya teatrining atoqli namoyandalari hisoblanadi. Buyuk Britaniyadagi teatr o’quv yurtlari: Qirollik drama san’ati akademiyasi (1904 yildan), Bristol uniersitetining teatr fakulteti. Buyuk Britaniyada teatr raqsi o’rta asr oxirlarida vujudga keldi. Londonda tashkil etilgan Qirollik musiqa akademiyasi (1720) balet taraqqiyotida katta rol o’ynadi. Buyuk Britaniyada «Qirollik baleti», «Balle Ramber», «Londone festival Balle», «Uestern tietr Balle» kabi balet truppalari bor. Buyuk Britaniya tsirki 18-asrda paydo bo’lib, F. Astley (1742-1814) ijodida yuqori pog’onaga ko’tarildi. U ot o’ynatuvchilar maktabiga asos soldi, tsirkning keyingi taraqqiyotida A. Dyukro, J. Sanjer, B. Milslar katta rol o’ynadi. Buyuk Britaniyada yozda ko’chma tsirklar ishlaydi. Kinosi. Buyuk Britaniyada kino ishlab chiqarish 1896 yildan boshlandi. 1929 yil birinchi tovushli film «Tovlamachilik» yaratildi. Shu yili hujjatli filmlar maktabi vujudga keldi. A. Kordaning 1932 yilda tashkil etgan «London filme» firmasi Buyuk Britaniya va chet el kino arboblari ishtirokida birmuncha yuqori saviyali filmlar yaratdi («Pigmalion», rejissyor A. Askvit, «39 qadam», rejissyor A. Xichkok kabi). 2-jahon urushi davrida yaratilgan filmlarda («Mag’rur vodiy», rejissyor P. Tennisson, «Pastor Xoll», rejissyor R. Boulting, «Yong’inlar boshlandi», rejissyor X. Jennings) ilg’or tamoyillar kuchaydi. Urushdan so’ng ingliz klassiklari asarlarini ekranlashtirish avj oldi. [«Hamlet» (1947), «Richard III», rejissyor L. Olive, «Oliver Tvist», rejissyor D. Lin kabi]. Hujjatli filmlar ishlab chiqarishda «Ozod kino» guruhi samarali ish qildi (1956-59). 60-70-yillarga oid «O’ziga xos ishq» (rejissyor J. Shlezinger), «Yolg’onchi Billi», «Sportchilar hayoti» (rejissyor L. Anderson), «Qanday saodatli kun edi» (1972), «Bayram asnosida» (1975) kabi filmlarda xalq hayotini haqqoniy aks ettirish, murakkab, ziddiyatli xarakterlar yaratishga intilish sezildi. V. Li, A. Ginness, D. Bogard, R. Xarris, A. Finni, P. Finch, R. Tashingem Buyuk Britaniya kinosining mashhur artistlaridir. O’zbekiston — Buyuk Britaniya munosabatlari. O’zbekiston Respublikasi bilan Buyuk Britaniya o’rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik 1993 yil noyabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning Buyuk Britaniyaga qilgan tashrifi chog’ida imzolangan «Savdo-iqtisodiy hamkorlik to’g’risida», «Kapital qo’yilmalar sarflanishini rag’batlantirish va o’zaro himoya qilish haqida» hamda «ikki yoqlama soliq solinishiga yo’l qo’ymaslik to’g’risida»gi shartnomalarga asoslanadi. 1996 yil yakunlariga ko’ra Buyuk Britaniya O’zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar aylanmasi hajmi bo’yicha 2-o’rinda turadi (Germaniyadan keyin). O’zbekistondan Buyuk Britaniyaga paxta tolasi, qimmatbaho toshlar, qora metallar, volfram va ulardan yasalgan buyumlar yuborilsa, Buyuk Britaniyadan mexanik va elektr asbob-uskunalar, qand-shakar va qandolat mahsulotlari, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, mineral yoqilg’i, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan dori-darmon, qog’oz va karton, mebel, optik priborlar va apparatlar, tamaki, sut mahsulotlari, kimyoviy birikmalar, noorganik kimyo mahsulotlari va boshqalar keltiriladi. O’zbekiston Respublikasi 1992 yilda jahon paxta savdosi me’yorlari va qoidalarini muvofiqlashtirib turadigan muhim nohukumat tashkiloti — Liverpul paxta uyushmasiga a’zo bo’ldi. O’zbekiston shu uyushma bilan birgalikda mamlakatimizda paxtani sertifikatsiyalashning xalqaro tizimini joriy etish bo’yicha ish olib bordi. Keyingi yillarda ikkala mamlakatning turli darajalardagi delegatsiyalari o’zaro tashriflari natijasida hamkorlik tobora yaxshilana bordi. 1994 yil 14 oktabrda Londondagi asil metallar bozori uyushmasi Zarafshon affinaj (oltin tozalash) zavodiga eng maqbul oltin quymalar maqomini tasdiqlovchi sertifikat berdi, bu esa O’zbekistonning tamg’asi butun dunyoda eng yuqori sifat belgisi ekanini bildiradi. 1996 yil oktabrda esa mazkur uyushma huzurida yuqori sifatli kumush quymalar ishlab chiqaruvchi Olmaliq konmetallurgiya kombinati vakolatxonasi rasmiylashtirildi. 1997 yil 4-12 oktabr kunlari Toshkentda «Britaniya festivali» o’tkazildi. Festival dasturi doirasida Buyuk Britaniyaning 30 ga yaqin kompaniyasi mahsulotlari ko’rgazmasi, «Britaniya qirollari xonadoni merosi» ko’rgazmasi, to’qimachilik mashina uskunalari va me’morlikka bag’ishlangan seminar o’tkazildi, Buyuk Britaniya filmlari namoyish qilindi va hokazolar. O’zbekiston—Britaniya savdo va sanoat Kengashining majlislari muntazam ravishda o’tkazilib turibdi. Bu majlislarda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari, savdo-sotiq, iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari muhokama qilinadi. Ayrim yirik firma, kompaniya va banklar o’rtasidagi hamkorlik ham rivojlangan. «British Eyrveyz» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga binoan 1992 yil 31 dekabrdan boshlab «O’zbekiston havo yo’llari» millim aviatsiya kompaniyasining samolyotlari haftasiga 4 marta Londonga qatnab turibdi. 1994 yilda «O’zbekiston havo yo’llari» milliy aviatsiya kompaniyasi Buyuk Britaniya transport departamenti bilan kelishib, Toshkent — Manchester — Toshkent o’rtasida muntazam reyslar bajarish huquqini oldi. «O’zyog’moytamakisanoat» uyushmasi xorijiy sarmoya yordamida o’z korxonalarini yangilab va ta’mirlab, jahon andozalari darajasiga yetkazish maqsadida «Kraun» kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Shartnomaga binoan Qo’qon yog’moy kombinatini ingliz sarmoyasi hisobiga qayta qurib, asbob-uskunalarini zamonaviylashtirishga kirishildi. O’zbekistonda tamaki sanoatini rivojlantirish uchun tamaki bargi yetishtirish, uni qayta ishlash va sigareta ishlab chiqarish bo’yicha «British Ameriken Tobakko» kompaniyasi bilan qo’shma korxona barpo etish to’g’risidagi bitimga muvofiq 232 million AQSh dollari miqdoridagi mablag’ sarflandi. Bu mablag’ asosan Toshkent tamaki fabrikasini, Urgut tamaki fermentatsiyasi fabrikasini rekonstruktsiyalash va modernizatsiyalashga, Samarqand tamaki fabrikasini qurishga, ijtimoiy tadbirlarga va mutaxassislar tayyorlashga ishlatildi. Toshkent tamaki fabrikasida «Saraton» va «Xon» sigaretalarini ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. 1996 yil oxirida Surxondaryo viloyatining Xandiz konida rangli metallarni qidirish haqida «Oxus Resonrses Corporation» korporatsiyasi bilan dastlabki bitim imzolandi. Bitimga ko’ra, Buyuk Britaniya firmasi yil davomida o’z mablag’i hisobidan konni uzil-kesil o’rganishi, rangli metallarni kompleks qazib olishni tashkil etishga oid texnikaviy iqtisodiy asoslamalarni tayyorlashi, so’ngra taxminan 100-150 million AQSh dollari qiymatiga ega bo’lgan loyiha asosida qo’rg’oshin, rux, mis, kumush qazib chiqaradigan qo’shma korxona barpo etishi lozim. 1997 yilning 10 iyulida Buyuk Britaniyaning mazkur korporatsiyasi bilan Navoiy viloyatidagi Aristantov va Balpantov konlarini o’rganib, aniqlash to’g’risida ham dastlabki bitim imzolandi. O’zbekiston g’arbiy qismida geologiya ma’lumotlarini birgalikda o’rganish borasida ham hamkorlik o’rnatilgan. O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirligida «Meredit Jons» kompaniyasi bilan paxta selektsiyasi, uni yetishtirish va qayta ishlashning ilg’or usullari asosida ishlaydigan agrofirma barpo etish rejasi mavjud. Farg’ona viloyati Yozyovon tumanining 11 xo’jaligini o’z ichiga oladigan bu firma paxta hosildorligini ko’paytirishga, tola sifatini oshirishga va tuproq unumdorligini yaxshilashga olib borishi lozim. «O’zbektelekom» kontserni «Jeneral Plassi Telekommunikeyshnz» («Jipiti») kompaniyasi bilan birgalikda Toshkent uchun zamonaviy raqamli aloqani tashkil etuvchi «Buzton» qo’shma korxonasini barpo qildi. Bu loyiha muassislar mablag’i, shuningdek eksport kreditlarni kafolatlash departamenti sug’urtasi asosida olingan kredit hisobidan ta’minlandi. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Buyuk Britaniyaning 5 ta banki bilan va xorijiy banklarning Londondagi 11 ta bo’limi bilan vakillik munosabatlari o’rnatdi. «Barklayz bank» tijorat to’lovlari bo’yicha asosiy vakil hisoblanadi. Navoiy viloyatidagi oltin konini o’zlashtirish bo’yicha «Nyumont Zarafshon» loyihasi amalga oshirilishi Milliy bank bilan «Barklayz bank» qo’shma faoliyatining yo’nalishlaridan biri bo’ldi. «Barklayz Bank» 161 million frantsuz franki (salkam 32 million AQSh dollari miqdoridagi) kreditni «Sosete Jeneral» banki bilan birgalikda yangi «Metropol» mehmonxonasi qurilishi uchun 10 yil muddatga, ikkinchi kreditni 1,7 million AQSh dollari miqaorida Toshkent to’qimachilik kombinatiga Buyuk Britaniyaning «Krosrol» firmasi yuboradigan asbob-uskunalar haqini to’lash uchun berdi. Toshkent shahar hokimligining kapital qurilish bosh boshqarmasi «Handy Hayl» firmasi bilan birgalikda diplomatiya korpusi xodimlari, xorijiy firmalarning vakillari yashaydigan 22 ta 2 qavatli kottej qurishni mo’ljallagan. Bu yerda kichik supermarket, kafe, bar, 2 ta tennis korti bo’ladi (1998). O’zbekiston Respubliksida Buyuk Britaniya sarmoyasi ishtirokidagi 115 ta korxona mavjud, shundan 34 tasida ingliz kapitali 100% ni tashkil etadi. Buyuk Britaniyaning 36 ta firmasi vakolatxonasi rasmiylashtirilgan.