BUYUK FRANTSUZ INQILOBI

BUYUK FRANTSUZ INQILOBI — Frantsiya tarixida mustabid tuzumga barham bergan va yangi ijtimoiy taraqqiyotga yo’l ochgan inqilob (1789— 99). Qirol Lyudovik XVI 1789 y.il 5 mayda Bosh Shtatlar (parlament) majlisini chaqirdi. 3-toifa deputatlari 17 iyunda o’zlarini Milliy Majlis, 9 iyulda esa ta’sis Majlisi deb e’lon etdilar. Majlisni tarqatib yuborish maqsadida qilingan urinishlar xalq qo’zg’oloniga sabab bo’ldi. 14 iyulda Bastiliya turmasiga hujum boshlandi. Bu Buyuk frantsuz inqilobining boshlanishi edi. Avgust oyida Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi qabul qilindi. Parij Kommunasi boshchiligidagi 1792 yil 10 avgust qo’zg’oloni natijasida monarxiya tuzumi ag’darildi. Siyosiy rahbarlik yirik savdo-sanoat mulkdorlar vakillari — jirondistlar qo’liga o’tdi. Inqilobni chuqurlashtirish tarafdori bo’lgan yakobinchilar jirondistlarga qarshi chiqdi. 1793 yil yanvarda Konvent (oliy qonun chiqaruvchi va ijrochi organ) hukmi bilan qirol Lyudovik XVI davlatga xoinlik qilishda ayblanib, qatl etildi. 1793 yil 31 may — 2 iyun qo’zg’oloni oqibatida yakobinchilar diktaturasi o’rnatildi. Yakobinchilar hukumati xalqni safarbar etib, uning Frantsiyaga bostirib kirgan Evropa monarxiyachi davlatlar (Prussiya, Avstriya va boshqalar) qo’shini ustidan g’alabasini ta’minladi. Biroq yakobinchilar avj oldirgan ommaviy terror ularning ijtimoiy bazasini toraytirib yubordi va mag’lubiyatga olib keldi. 1794 yil termidor (Frantsiya Respublikasi ta’sis etgan kalendar bo’yicha 11 oy) to’ntarishi yakobinchilar diktaturasiga chek qo’ydi. Hokimiyat yirik mulkdorlar qo’lida jamlandi. Direktoriya (1795 yil 4 noyabrdan 1799 yil 10 noyabrgacha Frantsiya hukumati) o’z tuzumini o’rnatdi. 1799 yil 18 bryumer kuni uyushtirilgan davlat to’ntarishi frantsuz inqilobiga barham berdi.