BYORNS ALEKSANDR

BYORNS ALEKSANDR (1805-1841, Kobul)—Ostindiya kompaniyasining siyosiy vakili. Britaniya hukumati va Hindiston general gubernatorining maxsus topshirig’i bilan u Hindistondan Afg’oniston, O’rta Osiyo va Eronga yuboriladi (1831-33). Byornsning «sayohatidan» asosiy maqsad Afg’oniston, ayniqsa Turkistonni Angliyaning iqtisodiy va siyosiy ta’siriga tortish, Hindiston shimolda joylashgan mamlakatlar to’g’risida ma’lumotlar to’plash hamda Kobul va Buxoro hukmron doiralari bilan savdo va diplomatik aloqalar bog’lash edi. Byorns Buxoroda bo’lgan vaqtida Turkiston xonliklari haqida, chet davlatlardan Turkistonga keltiriladigan va bu yerdan chetga chiqariladigan mollar, savdo markazlari va karvon yo’llari to’g’risida ma’lumotlar to’playdi. Byorns Turkistondan rus savdosini siqib chiqarish va Turkiston savdogarlarini Nijniy Novgorod yarmarkasidan Hindiston savdosiga jalb etish uchun Hind daryosining urta oqimida Darag’ozixon degan joyda savdo yarmarkasi ochishni tavsiya qiladi. Kobulda ko’tarilgan xalq qo’zg’oloni davrida o’ldirilgan. Byorns Afg’oniston va Buxoroga qilgan sayohati to’g’risida ikkita asar («Buxoroga sayohat» va «Kobul») yozib qoldirgan.