CHIPQON
CHIPQON, furunkul — soch xaltachasi (follikula) va atrofidagi yog’bezi hamda to’qimalarining o’tkir yiringli nekrotik yallig’lanishi. Stafilokokklar qo’zg’atadi. Terida yog’va ter ajralishining kuchayishi, avitaminoz, moddalar almashinuvining buzilishi, tozalikka va shaxsiy gigienaga rioya qilmaslik, terining tirnalishi, chaqalanishi Chipqonga sabab bo’ladi. Chipqon terining tukli qismida, ko’pincha bo’yin (ensa sohasi), yuz, bel, dumba, son va boshqa joylarga chiqadi. Chipqon har xil kattalikda bo’lishi mumkin. Dastlab dumaloq, konussimon, qizg’ish tuguncha yuzaga kelib, teridan ko’tarilib chiqadi, bezillab og’riydi, atrofidagi to’qimalar shishadi. Agar lab, qovoq kabi yog’ko’p yig’iladigan sohada paydo bo’lsa, atrofi juda shishib ketadi, hatto bemor og’zi bilan ko’zini ocholmay qoladi, qattiq og’riydi. Kasallik sekinasta avj oladi; do’mbayib turgan tuguncha 3-4 kuvdan so’ng kattalashib yallig’lanadi, o’rtasi yiring boylaydi, keyin ko’kimtir tusga kiradi, yiring ko’payib, Chipqon uch beradi va yoriladi. Yorilgan yerdan bir oz yiring chiqib, yara paydo bo’ladi. Yara o’rtasida soch va uning atrofidagi to’qimalardan iborat Chipqon «o’ligi» ko’rinib turadi; 2-3 kundan keyin yara kattalashib, ichidan qon aralash yiring chiqadi. Bu vaqtda og’riq kamaygan, Chipqon atrofidagi shish va yallig’lanish alomatlari ancha pasaygan bo’ladi. Keyinchalik Chipqon «o’ligi» butunlay chiqib, yara chandiqlanib bitadi. Chipqonning ayni vaqtda ko’plab toshishi furunkulyoz deyiladi. Mahalliy va umumiy furunkulyoz farq qilinadi. Mahalliy yoki chegaralangan furunkulyoz, asosan, terining ma’lum bir qismida (ko’pincha bo’yin, bel, dumba sohasida) uchrab, sanitariya-gigiena qoidalarining buzilishi, Chipqonni o’z vaqtida davolamaslik yoki noto’g’ri davolash natijasida vujudga keladi. Umumiy yoki tarqoq furunkulyoz terining anchagina qismini egallaydi, bunga ko’pincha moddalar almashinuvining buzilishi (diabet, kolit, nevrit, anemiya va boshqalar), gipovitaminoz (A, V, S), tuzuk ovqatlanmaslik, og’ir infektsion yoki surunkali kasalliklar, birdan sovqotish, issiqlab ketish, shuningdek, jismonan toliqish, nerv sistemasi faoliyatining buzilishi va boshqalar sabab bo’ladi. Chipqon va furunkulyozni mutaxassis vrach davolaydi; davo kasallik bosqichi, o’rni va tanada tarqalishiga qarab olib boriladi. Chipqonni har kim o’z bilgicha sitishi yaramaydi, aks holda og’ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin. Chipqon yoki furunkulyoz chiqqanda hammomga tushish, shuningdek, dush, vanna qabul qilishga ruxsat etilmaydi; vrach tavsiyasi bo’yicha dezinfektsiyalovchi vanna (margansovka bilan) qilish mumkin. Parhez saqlash, xususan, achchiq, sho’r ovkatlar va shirinliklarni cheklash, servitamin ovkatlar tavsiya etiladi. Chipqonga davo qilinganda avvalo unga sabab bo’lgan asosiy kasallikni davolash lozim.