CHUST MADANIYATI

CHUST MADANIYATI – Farg’ona vodiysidagi ko’hna dehqonchilik madaniyati (miloddan avvalgi 2-ming yillik oxirgi choragi — 1-ming yillik boshlari). Dehqonlar suv bo’yidagi unumdor erlarni o’zlashtirilishiga qarab alohida voha yoki guruh tarzida joylashganlar. Chust madaniyati yodgorliklari, asosan, Farg’ona vodiysining shimoliy sharqiy tumanlarida uchraydi, ularning soni hozirgi 80 dan ortiq. Bu madaniyatga taalluqli 1-yodgorlik 1950 yil toshkentlik arxeologlar M.E.Vorones va V.I.Sprishevskiylar tomonidan hozirgi Chust shahri yaqinidan topilgan. Madaniyat nomi shundan (mahalliy aholi Buonamozor deb ataydi). 1953— 61 yillarda V. I. Sprishevskiy Chust madaniyatida muntazam arxeologik tekshirish ishlari olib borgan. Chust madaniyatini keying o’rganilishida Sankt-peterburglik olim Yu.A.Zadneprovskiyning xizmatlari katta bo’lgan. Chust madaniyatining ayrim yodgorliklarida (Dalvarzin, CHuet) mudofaa inshootlari o’rganilgan. Andijon viloyati, Jalaquduq tumanidagi Dalvarzin vodiysidagi ilk shahar va o’ziga xos markaz bo’lgani (miloddan avvalgi 12— 7-asrlar) arxeologik jihatdan isbot etilgan. Hozirgi kunda Chust madaniyatida 3 xil turdagi yashash joylari kavlangan: 1) chaylaga o’xshash yengil uylar; 2) yerto’lalar; 3) g’ishtpaxsadan qilingan uylar. Chust madaniyati sohiblari, asosan, ilk sug’orma dehqonchilik (arpa, bug’doy, tariq), chorvachilik, metall (jez)ga ishlov berish, kulolchilik, to’qimachilik bilan shug’ullanganlar; ovchilik, baliq ovlash ham xo’jalikda muhim rol o’ynagan. Bunga arxeologik yodgorliklarni qazish paytida topilgan jez pichoqlar, bigizlar, metallga ishlov berishda ishlatilgan tosh qoliplar, to’qimachilikda qo’llanilgan suyakdan yasalgan taroqsimon asboblar hamda minglab sopol idishlar guvoxlik bermoqda. Uy-ro’zg’or buyumlari ichida, ayniqsa, naqshindor sopol idishlar ajralib turadi. Naqshlar, asosan, geometrik shaklda qora, jigarrang bo’yoq bilan idish sirtiga berilgan. Ayrim hollarda hayvon tasvirlari (echki) ham uchraydi. Chust madaniyati aholisi marhumlarni o’zlari yashab turgan joyga (uy ichiga va ostonalarga) dafn etishgan. Alohida ajratilgan qabristonlar bo’lmagan. Marhumlarni yakka va ko’pchilik qilib g’ujanak holda yon tomon bilan ko’mganlar. Faqat Dalvarzintepada odam suyagi va kallasi alohida, ikkilamchi bor ko’milgani qayd etilgan. Bulardan tashqari, uy hayvonlari ham ba’zida odam suyaklari bilan birga ko’milgan. Hozirda Chust madaniyatining o’ziga xos mahalliy xususiyatlari va qo’shni hududlar [Toshkent vohasidagi Burg’uluq (Burganli)] madaniyati, Janubiy O’zbekistonning Kuchuktepa madaniyati bilan aloqalari (B.X.Matboboyev) o’rganilmoqda. Ad.: Matboboyev B.X., Lokalniye varianti Chustskoy kulturi Fergani, L., 1985; Vaynberg B.I., Staviskiy B.Ya., Istoriya i kultura Sredney Azii v drevnosti, M., 1994. Boqijon Matboboev.