DAHA

DAHA (fors—o’nlik) — 1) o’rta asrlarda Markaziy Osiyo va Eronda o’n kishidan iborat jangovar bo’linma. Buxoro amirligi va Qo’qon xonligidagi bunday harbiy bo’linma boshlig’i dahaboshi, dahboshi deb atalgan; 2) O’rta Osiyo xonliklarining qishloq joylari va yirik shaharlaridagi ma’muriy hududiy birlik. Bir necha qishloqlar bir Dahaga birlashtirilgan, yirik shaharlar esa bir necha Dahaga bo’lingan. Unda bir nechta mahalla, bir yoki bir nechta madrasa, masjid, bozor, hammom va boshqa jamoat binolari bo’lgan. Dahani oqsoqol (mingboshi) boshqargan. Masalan, Toshkentda Ko’kcha, Beshyog’och, Sebzor va Shayxontohur Dahalari bo’lgan.

DAHA — eshonlarning xonaqoxlarida bo’lib o’tadigan o’n kunlik toat-ibodat. Dahaning eng kattasi Ramazon oyida o’tgan. Muridlar (erkak va ayollar) eshon huzuriga kelib, Daha talab etgan vazifalarni bajarishgan, o’z murshidlarining pand-nasihatlarini tinglab, undan yana «vird» (ko’rsatmalar) olib tarqalganlar. Tasavvuf ta’limotida Dahaga o’tirish Xudo oldida tavba qilish, gunohlarni yuvish, Xudoning rahmatiga erishish hisoblangan. Daha 3 davrga; ramazonning birinchi o’n kunligi — «dahayi rahmat», ikkinchi o’n kunligi — «dahayi mag’firat», uchinchi o’n kunligi — «dahayi itqun minannor»ga (Alloq ro’zadorlarning gunohlarini kechirib, ularni do’zax azobidan qutqaradi, degani) bo’lingan. Daha Ramazondan boshqa ba’zi oylarda ham o’tgan, ammo unga xohlagan kishilar, ko’proq ayollar borgan. Taqvodorlar uchun xonaqoh ichida bo’zdan pashshaxonaga o’xshagan bo’lmalar qurilgan. Dahaga o’tirganlar uning ichiga kirib, ro’za tutib, kechgacha har xil duolar o’qiganlar. Bu holat «e’tikof» deb ham yuritiladi.

DAHA — qurt boqishda ipak qurtining to’rtinchi-beshinchi yoshini anglatuvchi davr. Ipak qurti Dahasi havoning harorati 23-24° va nisbiy namligi 65— 70% bo’lganda 8-9 kunga cho’ziladi. Har quti urug’dan chiqqan qurtlar bu davrda 60-70 metr kvadrat joyni egallaydi. Kichik va katta Dahalar bo’ladi. Kichik Daha ipak qurtlarining to’rtinchi yoshga o’tgan davri bo’lib, bunda pilla o’raguncha beriladigan bargning 17% ini yeydi, og’irligi 5,5 marta, hajmi 3-4 marta ortadi. Katta Daha ipak qurtlarining beshinchi yoshga o’tgan davri bo’lib, bunda ular beriladigan bargning 75% ini yeydi, og’irligi 4-5 marta, hajmi 2,5— 3 marta ortadi.