DASHT SUSTKASHI

DASHT SUSTKASHI (Blaps halophila Fisch.) — qora tanli qo’ng’izlar oilasiga mansub qo’ng’iz. Tanasining uzunligi 17— 25 millimetr, qora rangda. Mo’ylovlari old-ko’kragining asosiga yetmaydi. O’rta Osiyoning dasht zonalari, Rossiyaning Yevropa qismi, G’arbiy Sibirda tarqalgan. Qo’ng’izi va lichinkasi qishlaydi. Kattaligi 2 millimetrcha, oval shaklidagi tuxumini (yiliga 500 ga yaqin) tuproqqa quyadi. Tuxum qo’yish bahor va yoz bo’yi davom etadi. Lichinkasi avgust oyida g’umbakka aylanadi (bu davr 2-3 hafta davom etadi). Dasht sustkashining qo’ng’izlari uchmaydi, biroq qo’lansa hidli suyuklik ajratib, sekin sudralib yuradi. Urg’ochilari o’simlik qoldiqlari orasida (2 yilcha) yashab, begona o’tlar bilan oziqlanadi. Tuproqda yashovchi qo’ng’izlari va lichinkalari turli qishloq xo’jalik ekinlari, jumladan, g’o’za va beda maysalariga, ayniqsa, qurg’oqchilik yillari, zarar keltiradi. Kurash choralari: qator oralariga o’z vaqtida sifatli ishlov berish, 10% li bazudin (40 kg/ra) solish, ekin maysalariga sumisidinning 20% li (0,4 kg/ga) yoki desionning 2,5% li emulsiyalanuvchi kontsentrati (0,3 kg/ga)ni purkash. Najmiddin Mahmudxo’jayev.