Dengiz karami qanday o’sadi?

Suvo’tlar dunyosi bepoyon va xilma-xildir. Tabiat ularga kelganda, o’z marhamatini ayamagan. Suvo’tlar o’simliklar saltanatida o’ziga xos o’rin egallaydi. «Suvo’t» tushunchasining o’ziyoq u suvda yashashini bildiradi. Ammo suvo’tlar daraxtlar po’stlogida, nam toshlarda va turli tuproq yuzalarida ham yashashi mumkin. Suvo’tlar boshqa suv o’simliklaridan bargi, ildizi va guli yo’qligi bilan farqlanadi. Ular hujayralarning bo’linishi yoki sporalar yordamida ko’payadi. Ularning tanasi qat (sloyovishe) deb ataladi. Suvo’tlarning rangi, shakli va o’lchami o’zaro farq qiladi. O’simlik planktoni («plankton» yunoncha «darbadar» degan ma’noni anglatadi) faqat mikroskop yordamida ko’rish mumkin bo’lgan bir hujayrali suvo’tlardan tarkib topadi. U dengiz va okeanlar to’lqini bilan birga suzib yuradi. Boshqa suvutlar esa dengiz tubiga «langar» tashlab, 60 metrgacha o’sadi. Ayrim joylarda, masalan, Meksika ko’rfazida ular butun boshli o’rmonlar hosil qiladi. U yerda mevali sargassum ko’p uchraydi. Kuchli to’lqinlar ularni ildizi bilan yulib oladi, Golfstrim esa okean ichkarisiga oqizib ketadi. Ular Bermud orollari yaqinidagi sayozliklarga to’planib, qaytadan ildiz otadi va sermavj Atlantika bag’rida sokin Sargasso dengizini hosil qiladi. Aslida sargassumning hech qanday mevasi yo’q. Ammo butun suvo’t suzgich vazifasini o’taydigan kalta oyoqli havo pufakchalari bilan qoplangandir. Xuddi shu pufakchalar mevaga o’xshaydi. Suvo’tlar baliq va boshqa dengiz jonivorlariga oziq bo’lib xizmat qiladigan kislorod ishlab chiqaradi. Ammo inson uchun eng foydali suvo’t laminariya yoki dengiz karamidir. Laminariyalar mo’tadil va Arktikaning dengiz mintaqalaridagi 20 metr chuqurlikda o’sadi. Ko’pgina mamlakatlarda dengiz karamidan odamlar uchun oziq va jonivorlar uchun xo’rak sifatida foydalaniladi, undan qimmatli preparatlar olinadi. Dengiz karami azal-azaldan Xitoy va Yaponiyada keng qo’llanib keladi. Undan ikra, salat, konserva va hatto konfetlar tayyorlanadi. Sharq xalq tabobati bu suvo’tlarga hamisha alohida bir e’tibor bilan harab kelgan. Xitoy imperatori XIII asrda odamlarga laminariyani parhez va kasalliklarning oldini oluvchi mahsulot sifatida iste’mol qilish majburiyatini yuklovchi farmon ham chiqargan. Ayni paytda ko’pgina mamlakatlar aholisi laminariyani maxsus dengiz polizlarida o’stirishadi. Dengiz karamining shifobaxsh xususiyati qadim zamonlardan beri ma’lum. U oqsil, yog’ va ko’plab darmondorilarga boy. Yaponiyada undan sanoat miqyosida yod ishlab chiqariladi.