DEVOR
DEVOR — 1) bino, uyning tomini ko’tarib turuvchi yoki xonalarga ajratuvchi tik qismi. Bino va uylarda yuk tushuvchi (ya’ni tomni ko’tarib turuvchi) Devor va pardevor (ya’ni faqat xonalarni ajratib va to’sib turuvchi) ga; ichki va tashqi Devorlarga bo’linadi. Devor pishitilgan loydan (paxsa Devor), pishiq g’isht va xom g’ishtdan (g’ishtin Devor), tosh, shlak-beton va temirbetondan (tosh Devor) qilinishi, pardevor yaxlit gips plitalardan ham ko’tarilishi mumkin. G’ishtin Devor yarim, bir, bir yarim, ikki g’ishtli qilib teriladi. Devorning qalin va yupqa, yig’ma va yaxlit, terilgan va urilgan xillari bo’ladi. Har qanday Devor tashqari va ichkaridan har xil usulda (somon suvoq, tsement suvoq, alebastr, ganch suvoq va boshqalar) suvab qo’yiladi. Devor ko’zli (deraza va eshik o’rinlari tashlab ketilgan) va ko’zsiz (yaxlit) bo’ladi; 2) biror narsa (masalan, oshqozon, dvigatel)ning atrofini o’rab olgan yoki bo’limlarga ajratgan qismi (masalan, oshqozon devori, tsilindr devori); 3) biror yerni (masalan, hovlini), hududni o’rab olgan yoki qismlarga ajratib turgan g’ov, to’siq; paxsa, shox-shabba, taxta, temir-beton, g’ishtdan qilinishi mumkin; 4) qal’a, qo’rg’on va shaqar (hatto biror davlat) ni urab, dushman hujumidan mudofaa qilish uchun quriladigan inshoot. Masalan, 15-asrda Toshkent bir necha darvozali keng paxsa Devor bilan o’ralgan. 19-asr o’rtalarida Toshkent beklarbegisi ta’mirlattirgan Devorning 12 darvozasi va 2 qofqasi (o’rtacha eshigi) bo’lgan. Miloddan avvalgi 4-3 – asrlarda Xitoyda mudofaa devori bunyod etilgan.