DEVORI QIYOMAT

DEVORI QIYOMAT, devoir ko’ndalang — arxeologik yodgorlik, qadimgi Samarqand va uning atrofidagi qishloqlarni uragan mudofaa devori xarobasi (miloddan avvalgi 4-2-asrlar — milodiy 8-asr). Samarqandning Janubda Darg’om kanalining o’ng qirg’og’i bo’ylab ko’tarma (balandligi 4 metrgacha, kengligi 12 metr, uzunligi 50 metr) shaklida saqlanib qolgan. Devori qiyomat xarobasini V.L. Vyatkin tekshirgan (1903). 1936 yilda M. E. Masson Sharq geograflari ma’lumotlari bilan arxeologik qazishmalar natijalarini qiyoslagan. 1969 yilda Yu. F. Buryakov, M. M. Toshev arxeologik qazishmalar olib borgan. O’rta asr Sharq manbalarida yozilishicha, Devori qiyomatning uzunligi 12 farsax (72 kilometr), balandligi 14 gaz (taxminan 10 metr) bo’lib, tepasi kungurador Burjlar bilan mustahkamlangan 12 darvozasi bo’lgan. Devorning eng chet nuqtalari Sharqda Cho’ponota tepaligining yon bag’irlari, Janubda Darg’om kanaliga yaqin joy, g’arbda Xeshrav qishlog’i va shimolda Qunduz So’fi qishlog’i bo’lgan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Devori qiyomatning ayrim qismlari turli davrlarda qurilganligi aniqlandi. Dastlab (miloddan avvalgi 4-asr) Devori qiyomatning shim. qismi paxsadan 2 qator qilib, o’rtasi yo’laksimon xonalar shaklida qurilgan. Keyinchalik bu xonalarga murdalar ko’milgan. Abu Muslim buyrug’i bilan Devori qiyomat 752-753 yillarda Janubga 7,5 farsax (45 kilometr) davom ettirilib, yangi aholi zich yashaydigan hudud o’rab olingan. U paxsa va xom g’ishtdan qurilgan. Devori qiyomatning Janub qismi 1466 yildan boshlab devori ko’ndalang deb atalgan. 19-asrda esa Iskandar devori degan nom bilan ham yuritilgan. Bu devor Devori qiyomat deb 18-asrdan so’ng atala boshlagan.