Do’zax
Do’zax (forscha), Jahannam (arabcha)-ko’pchilik diniy ta’limotlarga ko’ra, din talablarini bajarmagan gunohkorlar oxiratda jazolanadigan joy. Zardushtiylik, yahudiylik, xristianlik, islom dinlaridagi asosiy tushunchalardan biri. Islom aqidagiga ko’ra, Do’zaxni Alloh kofirlarga va gunohkor bandalarga jazo berish uchun yaratgan. Do’zax ichida olov yonib turadigan dahshatli chuqurlikdir. Do’zaxga mahkum qilingan bandalar shu olovga tashlanadi, ular qaynoq suv ichishadi, u yerda o’sadigan Zaqqum daraxtining (shayton boshiga o’xshagan) mevasi bilan ovqatlanishadi va boshqa azoblar chekishadi. Do’zax bir necha tabaqadan iborat bo’lib, har bir gunohkor o’z gunohiga qarab tabaqalarda azoblanadi. Do’zaxning yetti darvozasi bor: Hoviya-eng chuqurlikda joylashgan bo’lib, unda munofiqlr, fir’avnga o’xshagan ashaddiy kofirlar kiradi; Jahim-mushriklar; Saqar-dindan qaytgan murtadlar; Lazo-shayton, uning do’stlari va majuslar; Hutama-Allohning amriga bo’ysunmagan kofir kimsalar; Sair-Allohga shirk keltirgan nasorolar; Jahannam-gunohi kabiralar qilib, tavbasiz o’tgan musulmonlar kiradigan darvozalar. Do’zaxni Molik ismli farishta boshchiligidagi farishtalar qo’riqlaydi.